Nafsni poklash uchun ro‘za ning 30 muhim saboqlari 1_qism

Noyib Zokiriy
Ro‘za – taqvoga yetish yo‘li!
Yana muborak Ramazon oyi kirib keldi – Alloh taoloning mehmonchiligi oyi. Bu oyda rahmat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar zanjirband qilinadi. Bu oyda mo‘minning nafas olishi tasbeh, uyqusi esa ibodat deb yoziladi. Ushbu oy yana bir bor o‘zimizga qaytish, qalbimizda taqvo degan ulug‘ binoni barpo etish uchun betakror imkoniyatdir.
Alloh taolo ro‘za hukmi bayon qilingan ilk oyatda bu ulug‘ ibodatning falsafasini shunday ochib beradi:
«يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ … لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ»
Tarjimasi: Ey iymon keltirganlar! Sizlarga ro‘za farz qilindi, xuddi sizlardan oldingilarga farz qilingani kabi, shoyad taqvoli bo‘lsangizlar.
Ro‘zaning yakuniy maqsadi  oliy darajadagi taqvoga erishishdir. Taqvo  bu insonni gunohdan to‘sadigan, doimiy ichki hushyorlik va Allohning amrlariga itoat sari yetaklovchi qalbiy nazoratdir. Ro‘za esa ana shu qimmatli sifatni qalbimizda tarbiyalaydigan amaliy maydondir.
Islom payg‘ambari Muhammad sallallohu alayhi vasallam nurli hadislarida shunday deganlar:
«الصَّوْمُ جُنَّةٌ»
 ya’ni, ro‘za qalqondir.
Ro‘za insonni gunohlardan saqlaydigan qalqondir va natijada uni do‘zax olovidan najot topishiga sabab bo‘ladi. Qandayki jang maydonida qalqon insonni dushman zarbalaridan himoya qilsa, ro‘za ham nafs istaklari va shayton vasvasalariga qarshi kurashda mo‘minni munkar va gunohlardan asraydi. Bu qalqon nafaqat gunohdan, balki do‘zax olovidan ham himoyadir.
Yana bir hadislarda shunday marhamat qilingan:
«مَا مِنْ عَبْدٍ يَصُومُ يَوْمًا فِي سَبِيلِ اللَّهِ»
Ya’ni, biror banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh taolo o‘sha kun sababli uning yuzini do‘zaxdan yetmish yil masofaga uzoqlashtiradi. Ro‘za biz bilan do‘zax o‘rtasida xavfsiz masofa hosil qiladi. Bu esa har bir mo‘min orzu qiladigan ulkan najotdir.
Xo‘sh, bu qalqon bizni qanday himoya qiladi?
Ro‘za ochlik va chanqoqlik orqali jo‘shqin nafsni zaiflashtiradi va iroda quvvatini mustahkamlaydi. Bir oy davomida halol narsalardan  suv, taom va jufti haloliga yaqinlashishdan tiyilgan inson, Ramazondan keyin ham harom narsalar oldida bardoshli bo‘ladi. Bu uzluksiz mashq taqvo sifatini inson qalbida mustahkam va ildiz otgan holga keltiradi.
Nafsni poklash  ushbu darslar silsilasining asosiy maqsadi  ana shunday amaliy mashqlarsiz mumkin emas. Ramazon oyi o‘zini tarbiyalash va o‘zini isloh qilish oyidir. Bu oyda nafsni tarbiya qilib, uni iflosliklardan poklaymiz. Rivoyatlarda aytilishicha, eng ulug‘ jihod  nafs bilan kurashishdir. Ro‘za esa ana shu jihodi akbar maydonidir.
Keling, ushbu muborak oyda pok niyat va mustahkam iroda bilan bu oltin imkoniyatdan foydalanaylik. Qalbimizda taqvo poydevorini mustahkamlaylik, yomon odatlar va gunohlar zanjiridan xalos bo‘laylik. Shunda oy oxirida pok qalb va tayyor ruh bilan hayotimizning qolgan yo‘lini davom ettiramiz.
Unutmasligimiz kerakki, ro‘za faqat yeb-ichishni tark etish emas. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
«مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ الزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ»
Tarjimasi: Kim yolg‘on so‘z va yomon amalni tark etmasa, Alloh uning yeb-ichishni tark etishiga muhtoj emas.
Haqiqiy ro‘za – a’zolar ro‘zasidir:
ko‘zning haromdan tiyilishi,
tilning yolg‘on va g‘iybatdan saqlanishi,
quloqning botil narsani eshitmasligi,
qalbning esa Allohni norozi qiladigan har bir narsadan pok bo‘lishidir.
Bas, keling, bu pok oyda to‘liq, ongli va har tomonlama ro‘za tutaylik. Taqvoning shirin samarasini nafaqat Ramazon oyida, balki butun umrimiz davomida his etaylik.
Exit mobile version