Akbar Jamol
Har qanday jiddiy va qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda “davlat” bilan “idora” o‘rtasidagi farq aniq va ravshan belgilangan bo‘ladi. Davlat doimiy, keng qamrovli va har tomonlama tizim hisoblanadi. Islom nuqtai nazaridan haqiqiy va mutlaq mulk hamda hokimiyat Alloh taologa tegishlidir. Davlat ishlarini yuritish nuqtai nazaridan esa hukmdor, sud hokimiyati, armiya va qonunni ijro etuvchi muassasalar davlat tizimi va boshqaruvining xizmatkorlari hisoblanadi.
Ammo Pokistonning yetmish besh yildan ortiq tarixidagi eng katta fojia shundan iborat bo‘ldiki, bu mamlakatda asta-sekin davlat bilan qudratli bir muassasa o‘rtasidagi chegara yo‘qolib bordi. Puxta o‘ylangan va maqsadli targ‘ibot orqali harbiy idora davlatning o‘rniga qo‘yildi. Ushbu uyushtirilgan aldov va fitnani davom ettirish uchun din va millatchilik qorishmasidan iborat mafkuraviy vosita yaratildi va bu Pokistonni fikriy, siyosiy hamda iqtisodiy jihatdan chuqur jar tomon yetakladi.
Bu muammoning poydevori harbiy hokim doiralar Islom va vatanparvarlik tushunchalarini o‘z mavjudligiga bog‘lab, ularni o‘zlari uchun xavfsiz qalqonga aylantirgan paytda qo‘yildi. Ushbu xavfsizlik modelining eng katta nuqsoni shundaki, armiyaning siyosati, byudjeti yoki siyosiy aralashuvlari haqida bildirilgan har qanday qonuniy va konstitutsiyaviy tanqid bir idora faoliyatini tanqid qilish sifatida emas, balki darhol mamlakatga qarshilik, Pokiston nazariyasini inkor etish va xiyonat sifatida talqin qilinadi.
Bu holatning yaqqol misollarini Fotima Jinnah davridan tortib bugungi mashhur siyosiy yetakchilar, jasur jurnalistlar va inson huquqlari faollarigacha bo‘lgan ko‘plab shaxslarda ko‘rish mumkin. Har safar xalq manfaatlarini ifodalovchi mustaqil ovoz Ravalpindining ustuvor yo‘nalishlari yoki siyosiy muhandislikdagi noqonuniy aralashuvlar haqida savol qo‘yganida, armiya ta’siri ostidagi butun davlat apparati bu ovozni o‘chirish uchun ishga tushirilgan.
Natijada qudratli bir muassasaning javobgarlikka tortilish yo‘li ataylab yopib qo‘yildi. Ana shu xavfli zaiflik har qanday idoraning o‘zini qonundan ustun deb bilishiga sabab bo‘ladi. Shundan keyin u ketma-ket yirik xatolarga yo‘l qo‘yadi, chunki undan hech kim hisob so‘ray olmasligiga ishonadi. Agar kimdir hisobdorlik talab qilishga jur’at etsa, uni jim qilish uchun qurol va kuch ishlatish yetarli deb hisoblanadi.
Pokistonda armiya tomonidan shakllantirilgan ushbu sun’iy xavfsizlik davlati aldovi vatanparvarlikning dunyo tomonidan qabul qilingan tushunchasini keskin toraytirib, buzib ko‘rsatdi. Bu rivoyatga ko‘ra, vatanparvarlik faqat qurol, harbiy forma va chegaralarni himoya qilish bilan bog‘liqdir. Ushbu tafakkurning eng katta zarari shundaki, jazirama quyosh ostida mehnat qilayotgan va soliq to‘layotgan oddiy fuqaro, sinfxonalarda millatning fikriy poydevorini qurayotgan ustoz, og‘ir sharoitlarda inson hayotini saqlab qolayotgan shifokor va xalq huquqlari uchun kurashayotgan siyosatchi har doim harbiy aristokratiya oldida ikkinchi darajali o‘ringa tushib qolgan hamda ularning vatanparvarligi shubha ostida qoldirilgan.
Pokiston xalqini ana shu bosim ostida ushlab turish uchun sharqiy va g‘arbiy chegaralarda doimiy va sun’iy dushman obrazi yaratilgan va bu tizimning yoqilg‘isi sifatida foydalanilgan. Armiyaning maqsadi shundan iborat ediki, xalq hech qachon arzon elektr energiyasi, sifatli ta’lim, zamonaviy sog‘liqni saqlash xizmatlari hamda jon va mol xavfsizligi kabi asosiy huquqlarini talab qilishga jur’at etmasin. Aksincha, ular doimo “qamal qilinganlik ruhiyati” ichida yashab, agar armiya zaiflashsa, mamlakat ham barbod bo‘ladi, degan tasavvurga ishonsin.
Bu qo‘rquv odamlarni faqat tirik qolish darajasigacha tushirib qo‘ydi va ularning hayotini “xavfsizlik va tartib” nomi ostida cheklab qo‘ydi. Holbuki, aynan shu xavfsizlik va tartib ham ularga hech qachon to‘liq ta’minlab berilmadi. Pokiston armiyasining eng katta strategik xatosi mamlakatning geografik o‘rnini sotilishi mumkin bo‘lgan kapital deb bilib, 240 milliondan ortiq aholisi mavjudligini esa yuk va muammo sifatida ko‘rganidadir.
Jahon tarixi shuni ko‘rsatadiki, xavfsizlik davlatiga emas, balki farovonlik davlati va inson taraqqiyotiga sarmoya kiritgan mamlakatlar bugun dunyo yetakchilari safidan joy olgan. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari va Xitoy buning yorqin misolidir. Ular avval iqtisodiyotlarini mustahkamladilar, keyin esa mudofaa asoslarini kuchaytirdilar. Bunga qarama-qarshi ravishda Pokistondagi hukmron doiralar iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish o‘rniga mudofaa sohasi, harbiy aristokratiyaning turar joy shaharchalari va unga bog‘liq tijoriy imperiyalarni ustuvor deb bildilar.
Bugun Pokiston iqtisodiy tanazzul xavfi, misli ko‘rilmagan qimmatlik va xalqaro valyuta fondi kreditlariga qaramlik bilan yuzlashayotgan bir paytda, bu muammolarning barchasi aynan shu eskirgan va samarasiz harbiy tafakkurning natijasidir. Qurol ustuvor bo‘lib qolaverar ekan, qalam va zavod chetda qoladi. Bu esa ushbu harbiy modelning eng katta strategik mag‘lubiyati bo‘lib qoladi.
Tarix g‘ildiragi hech qachon bir joyda to‘xtab qolmaydi. Bugun ham Ravalpindi uchun vatanparvarlik va xiyonat haqidagi eski hujjatlarni xalqka sotish va bu aldovni saqlab qolish kundan-kunga qiyinlashmoqda.
Bu o‘zgarish ortida ikki muhim omil mavjud.
Birinchisi iqtisodiy haqiqatlardir. Ochlik, qashshoqlik va qimmatlik chidab bo‘lmas darajaga yetganida, chegaraning narigi tomonidagi xayoliy dushmandan qo‘rqish o‘z ta’sirini yo‘qotadi. Bugungi oddiy pokistonlik o‘z hayoti uchun ichki qonunbuzarliklar, konstitutsiyaning buzilishi va iqtisodiy boshboshdoqlik tashqi tajovuzdan ko‘ra kattaroq tahdid ekanini tushunib yetmoqda.
Ikkinchi omil texnologiya va axborotning keng tarqalishidir. Davlat senzurasining axborot ustidan to‘liq hukmronlik qilgan, rivoyatlar faqat davlat televideniyesi yoki tanlab olingan bir necha gazeta orqali shakllantirilgan davr ortda qoldi. Ijtimoiy tarmoqlar va raqamli asr axborot monopoliyasini parchalab tashladi. Bugungi yoshlar Ravalpindi siyosatlari haqida chuqur, mantiqiy va asosli savollar bermoqdalar; o‘tmishda bunday savollar xiyonat deb baholangan bo‘lardi.
Endilikda ular byudjet qayerga sarflanayotganini va nega xalq hokimiyati zarurat ekanini biladilar. Pokiston hozir o‘z tarixining eng nozik va xavfli bosqichlaridan birini boshdan kechirmoqda. Armiya va qudratli doiralarning hokimiyatning yagona manbai hamon GHQ bo‘lib qolishi kerak, degan talabi mamlakatni yanada chuqurroq tartibsizlik va inqiroz tomon olib bormoqda.
Bu inqirozdan chiqishning yagona mantiqiy va tinch yo‘li eskirib qolgan “xavfsizlik davlati” modelini tubdan bekor qilib, uning o‘rniga haqiqiy farovonlik davlatining asoslarini yaratishdir.
Shunday davlatki, unda armiya faqat o‘zining qonuniy vazifalari doirasida faoliyat yuritadi, sud hokimiyati mustaqil bo‘ladi va hokimiyatning haqiqiy hamda yakuniy manbai Qur’oni karim, Nabaviy sunnat va shar’iy konstitutsiya asosida belgilanadi. Pokistonning omon qolishi endi qurol soyasida emas, balki qonun ustuvorligi va xalqning iqtisodiy farovonligidadir.
