Beqaror so‘zlar!

Mir Shahvani
Bugungi kunda Pokiston ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez ko‘rish mumkinki, ayrim siyosiy rahbarlar, diniy libos kiygan va “ulamo” nomi bilan tanilgan, lekin aslida juda ayyor bo‘lgan shaxslar, shuningdek televideniye dasturlarini olib boruvchilar yoki YouTube orqali daromad topadigan kishilar birdaniga avvalgidan ham juda faol bo‘lib qolishgan. Ba’zan ertalab, ba’zan kechqurun, ba’zan esa umuman suhbat uchun mos bo‘lmagan paytlarda ham ekranda paydo bo‘lishadi; shunga qaramay, baribir chiqib gapirishadi.

Buning sababi shundaki, hozirgi global tortishuv va inqiroz jarayonida ularga ma’lum bir reja asosida yo‘l-yo‘riq berilgan. Ana shu reja asosida ular odamlarning e’tiborini asosiy masaladan chalg‘itishga harakat qiladilar va uni aslida juda kichik va oddiy bo‘lgan bir mavzuga qaratadilar. Ammo o‘sha mavzuni shunday qilib ko‘rsatadilarki, go‘yo bu butun dunyo miqyosidagi katta inqiroz va muammo emish. Shunday qilib, odamlarni aynan o‘sha masala bilan band qilib qo‘yishadi. Buning eng oddiy misoli ana shu shaxslar va ularning doimo ommaviy axborot vositalarida aytib yuradigan gaplaridir.

Ba’zan ular shunday deydilar: Isroil va Amerika Eronni faqat bahona sifatida ishlatmoqda, ularning asl maqsadi esa Pokistondir. Ba’zan esa Isroil Hindistonning eng katta ittifoqchisi ekanini aytib, ehtimol Hindiston bilan birga Pokistonga qarshi qandaydir reja yoki kelishuv tuzishi mumkinligini ta’kidlaydilar. Yana ba’zan esa shunday deydilar: Pokiston katta islomiy davlatdir va Isroil undan juda qo‘rqadi, chunki Pokiston atom qudratiga ham ega. Shuning uchun ehtimol Isroil Amerika bilan birgalikda qandaydir fitna tayyorlayotgandir.

Ammo shu bilan birga ular yana shunday ham aytadilar: hozirgi Pokiston hukumati va uning harbiy rahbariyati Amerikadan katta ishonch qozongan. Bu shaxslar hatto bundan faxrlanishadi va go‘yo Tramp Pokiston harbiy rahbariyatini juda maqtadi deb aytishadi. Shuningdek ular sizga doimo shuni ham aytadilar: Hindiston bilan taqqoslaganda “Amerika kaka” Pokistonga ko‘proq e’tibor bergan va unga ko‘plab imkoniyatlar yaratib bergan.

Endi shu gaplarni hisobga olib, yigirma–yigirma besh yil oldinga qayting. O‘sha paytda Amerika ellikdan ortiq davlat bilan birga Afg‘onistonga hujum qilgan edi. O‘sha davrda ham aynan shu odamlar shunday deyishgan edi: Afg‘oniston faqat bahona, aslida Amerika Pokistonning atom qudratini nazorat qilishni xohlaydi. Ular qo‘llarini silkitib odamlarga shunday der edilar: Amerika va NATO Pokistonni siyosiy, iqtisodiy va har jihatdan falaj qilishni istayapti. Hatto ularning og‘zidan mashhur bo‘lgan bir shior ham bor edi: go‘yo Amerika va kofir davlatlar Pokistonning islomiyligini ko‘ra olmaydi.

Lekin aynan o‘sha paytda shu odamlarning o‘zlari shunday ham deyishgan: Amerika Vaziriston va boshqa hududlarda dron hujumlarini amalga oshirib, Pokistonning oddiy fuqarolarini begunoh o‘ldirsa ham, bundan tashvishlanmang. Chunki bizning Amerika bilan katta do‘stligimiz bor va Amerika bizga shunchalik yordam beradiki, dunyoda boshqa hech bir kuch bunday yordam bera olmaydi. Hatto Amerika samolyotlari Salala postiga hujum qilib, pokistonlik askarlarni o‘ldirganda ham, aynan shu shaxslar o‘sha harakatni oqlash uchun turli gaplar va bahonalar keltirishgan edi.

Bu media faollari va gazetalar ustun yozuvchilari bizga shunday deyishardi: Pokistonda qurilayotgan avtomagistrallar, tortilayotgan yo‘llar va mamlakat bo‘ylab olib borilayotgan qurilish ishlarining barchasi Amerikaning mehribonligi va saxiyligi tufaylidir. Hatto mashhur yozuvchilardan biri ochiqchasiga shunday degan edi: Amerika yordamining ko‘paygani sababli Pokiston bosh vaziri Shavkat Aziz mamlakatning barcha qarzlarini to‘lashga muvaffaq bo‘lgan.

Endi inson bunday beqaror bayonotlar va qiziqarli, lekin ziddiyatlarga to‘la hikoyalarni eshitganda hayratga tushadi. Ammo bu hayrat uzoq davom etmaydi, chunki ularning maqsadi asta-sekin ochilib boradi. Yigirma yigirma besh yil oldin agar ular shunday gaplarni aytgan bo‘lsalar, ularning maqsadi Pokiston xalqining e’tiborini Pokiston tomonidan Islom va musulmonlarga qarshi sodir etilayotgan tarixiy xiyonatdan chalg‘itish edi. O‘sha paytda Pokiston Afg‘onistonga qarshi, ya’ni bir islomiy hukumat va mazlum xalqga qarshi Amerika uchun harbiy bazalar berayotgan edi. Pokiston hududi musulmonlarga qarshi zaharli xanjar kabi ishlatilayotgan edi. Shuning uchun ham ana shunday falsafalar va hikoyalar to‘qib chiqarilib, g‘ururli Pokiston xalqining e’tiborini asosiy masaladan chalg‘itish maqsad qilingan edi.

Endi esa Amerika va Isroil hech qanday haqqi bo‘lmagan holda bir islomiy davlat Eronga hujum qilgan bir paytda, aslida Islom nomini himoya qilish uchun Eronga har qanday shaklda yordam berish zarur edi. Ammo muammo shundaki, Pokiston harbiy kuchlari o‘z odatlaridan voz kecha olmaydi; go‘yo ularning qo‘llari musulmonlar qoni bilan bo‘yalmaguncha tinchiy olmaydi. Shu sababli bunday nozik va muhim vaziyatda, Afg‘oniston Eronni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan paytda, Pokiston harbiy kuchlari bir necha dollar evaziga va Amerikani rozi qilish uchun Afg‘onistonni bombardimon qildi. Bu bombardimonni esa aynan Islom nomidan gapiradigan va butun musulmon olamidan mablag‘ yig‘adigan samolyotlar bilan amalga oshirdi.

Endi bu shaxslar Afg‘onistonga qarshi olib borilayotgan urush haqida nima deyishadi va Pokistonni qanday himoya qilishadi bu alohida mavzu. Ammo islom olamining ishonchli va hurmatli shaxslari, ayniqsa Pokistonda, ochiq aytishgan: bu urush Trampning urushi, Pokiston harbiy rahbariyati esa unga yoqilg‘i yetkazib bermoqda.

Mavlono Zahid ar-Rashidiy Pokiston va islom olamining mashhur shaxslaridan biridir. Ilmda ham, siyosatda ham yuqori mavqega ega. U urush boshida juda ochiq gapirib, o‘z hukmdorlariga shunday dedi: bu sizlarga Tramp tomonidan berilgan reja va biz bunda siz bilan birga emasmiz.

Shuningdek, mashhur siyosiy shaxs Muhammadxon Sheroniy ham deyarli har kuni shunday bayon qiladi: bu urush Amerika xohishiga ko‘ra davom etmoqda.

Hatto hukumatdagi ayrim vazirlar ham ochiq aytishmoqda: biz Amerika topshirig‘ini bajarayapmiz. Xaybar Paxtunxva viloyati hokimi ham ochiqchasiga shunday dedi: Amerika yarimta qoldirgan ishlarni biz yakunlayapmiz. Ulamolar ham bir necha bor aytishgan: Trampning Pokiston harbiy rahbariyatini maqtashi aslida ularni o‘z musulmon birodarlariga qarshi qilich ko‘tarishga undashdir.

Ammo shunga qaramay, yana ayrim shaxslar chiqib, odamlarga Pokiston Isroil tomonidan katta xavf ostida qolganini aytishmoqda.

Birodar! Nega Isroildan xavf bo‘lishi kerak? Isroil qilmoqchi bo‘lgan ishni hatto ba’zan Isroil va Amerika o‘zlari ham uni bajarishda ikkilanib, to‘liq bajara olmagan ishni siz o‘zingiz bajarishga kirishib bo‘ldingiz. Unda yana qanday xavf haqida gap bo‘lishi mumkin? Aksincha, ular sizga yordam ham berishadi. Chunki bu shaxslarga ham aniq bir reja berilgan. Shuning uchun ular ham o‘sha reja asosida mana shunday qarama-qarshi va beqaror gaplarni aytib, musulmonlarni g‘aflatda ushlab turishga harakat qiladilar.

Exit mobile version