Ajmal G‘aznaviy
Mintaqaviy siyosatda ayrim kuchlar o‘z pozitsiyasini aql, iqtisod va milliy barqarorlik asosida belgilaydi, boshqalari esa yirik davlatlar raqobati maydonida vositachi o‘yinlarning bir qismiga aylanib qoladi. Pokiston harbiy rejimi o‘nlab yillar davomida o‘zini strategik ahamiyatga ega ajralmas markaz sifatida ko‘rsatishga harakat qilib kelgan, ammo haqiqat shundaki, har bir global inqirozda u o‘z hududini boshqalarning urushlari uchun maydonga aylantirib qo‘ygan.
AQSh va Eron qanday natijaga erishmasin — bu muzokaralar, siyosiy kelishuv yoki qarshilik maydonidan AQShning chekinishi bo‘ladimi har ikkala holatda ham Vashington mintaqadagi inqirozlarni chuqurlashtirishda va ikkiyoqlama siyosatda rol o‘ynagan o‘yinchilardan hisob so‘raydi. Pokiston harbiy rejimi esa aynan shunday tuzilma bo‘lib, u doimo urushlardan foyda olishga intilgan: ba’zan “terrorizmga qarshi kurash” nomi bilan, ba’zan “strategik hamkorlik” da’vosi bilan, yana ba’zan o‘zini jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatib. Ammo global kuchlar o‘z ehtiyoji tugagach, vositachi o‘yinchilar bilan albatta hisob-kitob qiladi.
Pokiston harbiy rejimi uzoq yillardan beri o‘z mavjudligini inqirozlarni boshqarish orqali saqlab kelmoqda: urushlarni davom ettirish, mojaro o‘choqlariga yaqin turish va beqarorlik muhitidan siyosiy hamda iqtisodiy foyda olish uning siyosatiga aylangan. Ammo tarix shuni ko‘rsatadiki, o‘z taqdirini boshqalarning mojarolariga bog‘lagan tuzilmalar oxir-oqibat aynan shu mojarolarning eng katta qurboniga aylanadi.
Bugun Pokiston harbiy rejimi shunday bir holatga tushib qolganki, u go‘yoki fillar urushi ichiga tushib qolgan kichik qurbaqaga o‘xshaydi. Katta kuchlar to‘qnashganda, eng avvalo zaif va qaram o‘yinchilar bosim ostida qoladi. Islomobod ehtimol bir vaqtning o‘zida AQSh, Xitoy, Fors ko‘rfazi davlatlari va boshqa mintaqaviy kuchlar bilan bir nechta o‘yin olib borish mumkin deb o‘ylagandir. Ammo global siyosat his-tuyg‘ular maydoni emas u manfaatlar maydonidir. Manfaatlar o‘zgargan zahoti, kechagi do‘stliklar bir zumda bosim va tahqirga aylanishi mumkin.
Pokiston rasmiylarining xorijiy safarlari chog‘ida kuzatilgan manzaralar oddiy xavfsizlik choralaridan iborat emas edi, balki ularning xalqaro maydondagi zaif mavqeining aks-sadosi edi. O‘zini yadro qudratiga ega, kuchli armiya va muhim geosiyosiy o‘yinchi sifatida ko‘rsatib kelgan rejim bugun shubha, ishonchsizlik va tahqir soyasida harakat qilmoqda. Bu bir kunlik natija emas, balki o‘nlab yillar davomida olib borilgan qarama-qarshi va ikkiyoqlama siyosatlarning mahsulidir.
Pokiston harbiy rejimi ko‘pincha ichki muammolarni tashqi omillar bilan izohlashga harakat qiladi, ammo haqiqat shuki, iqtisodiy tanazzul, siyosiy beqarorlik, ekstremizmning kuchayishi va global ishonchning pasayishi aynan shu siyosatlarning natijasidir. Dunyo endi avvalgidek emas hech bir davlat “zarurat” bahonasi bilan qabul qilinmaydi. Endilikda mamlakatlar barqarorlik, ochiqlik va aniq pozitsiya asosida baholanadi.
Agar ertaga AQSh Eron bilan kelishuvga erishsa, u mintaqada yangi tartib o‘rnatishga harakat qiladi va bu tartibda ikkiyoqlama siyosat yuritgan shubhali ittifoqchilarning o‘rni cheklangan bo‘ladi. Agar AQSh qarshiliklar tufayli chekinishga majbur bo‘lsa ham, u o‘z g‘azabi va muvaffaqiyatsizligini hisob-kitoblarida xato qilgan o‘yinchilarga qaratadi. Har ikkala holatda ham Pokiston harbiy rejimi yangi va kuchli bosimlarga duch kelishi mumkin.
Hozirning o‘zida ham Pokiston ichida iqtisodiy inqiroz, siyosiy kelishmovchiliklar va xavfsizlik muammolari kelajakning yanada murakkab bo‘lishidan darak bermoqda. O‘z xalqiga ilm-fan, sanoat va taraqqiyot o‘rniga xavfsizlik o‘yinlari falsafasini taklif etgan rejim oxir-oqibat aynan shu o‘yinlarning qurboniga aylanadi.
Tarix kuchlar to‘qnashuvi natijasida vayron bo‘lgan tizimlarga to‘la. Ammo eng achinarli taqdir o‘zligini boshqalarning urushlari soyasida izlagan tuzilmalar taqdiridir. Agar Pokiston harbiy rejimi hanuzgacha mintaqaviy muammolarni hal qilish o‘rniga inqirozlardan foyda olish siyosatini davom ettirsa, uning kelajagi yanada og‘ir, murakkab va yakkalanish bilan to‘la bo‘ladi. Xalqlar qurol ovozi bilan emas, balki tafakkur, iqtisod, ilm-fan hamda milliy va islomiy izzat bilan yashaydi. O‘z siyosatini mojarolar alangasi bilan isitgan rejimlar kun kelib o‘sha alangalar o‘z darvozalariga yetib kelishini ko‘radi.
