Pokiston harbiy rejimining tarix davomida haqiqati! 11_qism

Doktor Homom Xon

Pokiston armiyasining 1971-yil urushidagi roli

1971-yilgi urush Pokiston armiyasi tarixiga yana bir qora sahifa qo‘shdi. Bu urush davomida yuz bergan og‘riqli va afsusli voqealar shuni yaqqol ko‘rsatdiki, Pokiston tashkil topganidan yigirma to‘rt yil o‘tgan bo‘lsa ham, ushbu mamlakat armiyasining dunyoqarashi deyarli o‘zgarmagan edi.

Britaniya ilk bor 1857-yilda Bengaliyadan boshlangan qo‘zg‘olonni bostirish chog‘ida G‘arbiy Hindiston harbiy kuchlaridan foydalangan edi. 1971-yilda bengalliklarga nisbatan sodir etilgan zulmlar ham aslida Britaniya 1857-yilda ushbu armiyaning tabiati va tuzilmasiga singdirgan nafrat va mutaassiblik hissiyotlarining natijasi edi.

Pokiston tashkil topganidan keyin ham armiya rahbariyati o‘z tizimini Britaniya ularning ongiga chuqur ildiz otkazgan o‘sha johilona taassublar asosida saqlab qoldi. Pokiston armiyasining etnik tarkibi ham mamlakat tashkil etilishidan avvalgi holatga deyarli o‘xshashligicha qoldi.

Harbiy masalalar tahlilchisi Oysha Siddiqa 2007-yildagi tadqiqotida Pokiston armiyasi askarlarining mutlaq ko‘pchiligi, ya’ni 71 foizi hanuz Panjob viloyatidan ekanligini qayd etadi. Holbuki:

12 foizi Xaybar Paxtunxovadan:

9 foizi Ozod Kashmirdan:

4 foizi Sinddan:

3 foizi Shimoliy hududlardan:

va 1 foizdan kamrog‘i Balujistondandir.

Bundan tashqari, Sinddan armiyaga qabul qilinayotgan askarlarning ham 80 foizdan ortig‘i faqat Karachi va Haydarobod shaharlari aholisidan iborat bo‘lib, Sindning boshqa hududlari uchun deyarli hech qanday vakillik mavjud emas.

Shuningdek, Stiven P. Koen 1998-yildagi tadqiqotida Pokiston armiyasi hanuzgacha Britaniya bir asrdan ortiq vaqt avval yaratgan “jangchi irqlar” haqidagi xurofotga asoslangan nazariyaga tayanishini ta’kidlaydi. Ana shu falsafa asosida bugungi kungacha armiya askarlarining 75 foizi Panjob va Sarhadning atigi besh tumanidan jalb qilinmoqda. Aynan shu hududlarni Britaniya o‘ziga ma’qul bo‘lgan jangchi qavmlar deb hisoblagan edi.

Armiya rahbariyati va yuqori martabali byurokratiyaning mana shu mutaassibona yondashuvi natijasida Balujiston, Sind, Sarhad va Janubiy Panjobda ajralib chiqish harakatlari paydo bo‘ldi. Aynan shu taassublar oxir-oqibat Sharqiy Pokistonning ajralib ketishiga ham sabab bo‘ldi.

Sharqiy Pokiston musulmonlariga munosabatda armiya nafaqat “jangchi irqlar” haqidagi o‘sha xurofotga tayanishda davom etdi, balki bengal musulmonlarini kamsitish va ularga bosim o‘tkazish siyosatini ham davom ettirdi. Bu munosabat ular 1857-yildan keyin o‘z mustamlakachi xo‘jayinlaridan meros qilib olgan siyosat edi.

Urushdan so‘ng armiyaning bengal musulmonlariga qarshi qilgan zulmlarini o‘rganish va urushdagi mag‘lubiyat sabablarini aniqlash maqsadida Pokiston Oliy sudi tomonidan Pokiston bosh sudyasi Hamudur Rahmon raisligida maxsus komissiya tuzildi. Ushbu komissiya tarkibida Sind va Balujiston oliy sudlari raislari ham ishtirok etgan edi.

Komissiya yuzlab guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglab, keng ko‘lamli surishtiruvlar o‘tkazgach, armiyaning noto‘g‘ri faoliyatlarini fosh etuvchi hisobot tayyorladi. Garchi komissiya o‘z tekshiruvlarini yakuniy va mantiqiy xulosaga yetkazishdan oldin kutilganidek turli to‘siqlarga duch kelgan bo‘lsa-da, uning hisoboti har qanday pokistonlikning ko‘zini ochish va haqiqatlarni anglash uchun yetarli manba bo‘lib qolmoqda.

Exit mobile version