Duktur Homam Xon
Usmoniy xalifaligining qulash jarayonida Britaniyaga bo‘ysunuvchi Pokiston (Hind) armiyasining roli
1914-yilda Birinchi jahon urushi boshlandi. Bu urushda Usmoniy xalifaligi Germaniya bilan ittifoqda maydonga chiqdi. Ushbu qarorning natijasi shuki, xalifalik Yevropa kuchlarining keng ko‘lamli va shafqatsiz hujumlariga duch keldi. Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Italiya va Yunoniston umumiy ittifoq tuzib, keng miqyosdagi harbiy harakatlarni tashkil etdilar. Bu davr islom tarixining eng muhim va hal qiluvchi bosqichlaridan biri hisoblanadi, chunki moddiy manfaatlarga asoslangan g‘arb kuchlari butun qudrati bilan islom olamining markazini nishonga olgan edi.
Shu og‘ir sharoitda Hindiston musulmonlari orasida ikki qarama-qarshi yo‘nalish paydo bo‘ldi:
Birinchi yo‘nalish ulamolar, mujohidlar va mo‘min xalq ommasidan iborat edi. Bu guruh xalifalikni himoya qilish uchun har qanday fidoyilikka tayyor bo‘lib, da’vat, harbiy va siyosiy maydonlarda faol ishtirok etdi. Ushbu yo‘nalishning yetakchi shaxslaridan biri Shayxul-Hind Mavlono Mahmudul Hasan (rahimahulloh) bo‘lib, u chegaraviy hududlardagi mujohidlar bilan birgalikda faoliyat olib bordi. Bu harakatlar harbiy rejalashtirish va ta’lim markazlarini tashkil etishni ham o‘z ichiga olgan. U yoshlarni jangovar tayyorgarlik va mudofaa ko‘nikmalariga o‘rgatib, jamiyatda fidoyilik va matonat ruhini kuchaytirdi.
Mazkur harakat nafaqat jamoatchilik ongini uyg‘otdi, balki xalifalikni himoya qilish uchun amaliy asoslarni ham yaratdi. Britaniya bu harakatni jiddiy tahdid deb bilib, uni qattiq nazorat ostiga oldi. Oxir-oqibat Shayxul-Hind (rahimahulloh) Hijozda qo‘lga olinib, Malta orollariga surgun qilindi. Shu tariqa bir tomondan xalifalikni himoya qilish yo‘lida fidoyilikning yorqin sahifasi yozildi, boshqa tomondan esa Hindistonda mustamlakachilik manfaatlariga xizmat qiluvchi harbiy va yer egalari tabaqasi mavjud edi.
1914-yil sentyabrdan 1918-yil noyabrigacha taxminan 1,5 million askar, yarim harbiy kuchlar va fuqarolar Hindistonning turli hududlaridan Britaniya qo‘mondonligi ostida urushlarda qatnashdi. Bu kuchlar Yevropa, Afrika va Yaqin Sharq frontlarida qo‘llanildi. To‘rt yil davomida yana qariyb 700 ming yangi kuch safarbar etildi.
Ushbu kuchlarning qariyb 60 foizi faqat Panjob viloyatidan jalb qilingan edi. Bu askarlar nafaqat jang maydonlarida, balki Britaniyaning harbiy strategiyalarini mustahkamlashda ham muhim rol o‘ynadi. Hindistonning yer egalari ham o‘z resurslarini mustamlaka manfaatlariga xizmat qildilar. Shu tariqa, musulmonlar orasida xalifalikni himoya qilish harakati kuchayib borayotgan bir paytda, Britaniya Hindistonning moddiy va insoniy resurslaridan to‘liq foydalandi.
Bu kuchlarning muhim qismi Misrdagi Suvaysh kanalini himoya qilish uchun joylashtirildi. 1915-yil yanvarida ular Usmoniy qo‘shinlarining kuchli hujumini qaytarib, Britaniya uchun muhim strategik va savdo yo‘lini saqlab qoldilar. Shuningdek, Erondagi neft manbalarini himoya qilish vazifasi ham ularga yuklatildi.
1917-yil fevralida britaniyalik general Stenli Mod 166 ming askar bilan Bag‘dod tomon yurish qilganida, bu qo‘shinlarning uchdan ikki qismini hind askarlari tashkil etgan edi. Aynan shu kuchlar yordamida Britaniya 1917-yil 11-martda Bag‘dodni egalladi. So‘ngra 1918-yil oktabrda general Uilyam Marshall Mosul shahrini ham nazorat ostiga oldi.
Shundan so‘ng Britaniya qo‘shinlari Falastinni musulmonlar qo‘lidan chiqarib, sionistik davlat tuzilishiga zamin yaratgan paytda ham hind armiyasi bu yurishda bevosita ishtirok etdi. General Allenbi boshchiligidagi qo‘shinlar 1917-yil sentyabrida G‘azoni, dekabrida esa Quddusni egalladi. Bu qo‘shinlarning asosiy qismini hind askarlari tashkil etgan edi.
Bu armiyaning askarlari o‘z jonini xalifalikni himoya qilish yo‘lida emas, balki Britaniya imperiyasi manfaatlari yo‘lida qurbon qildilar. Bu holat musulmonlar tarixida qora sahifa sifatida baholanadi.
Hind qirollik armiyasi barcha frontlarda katta yo‘qotishlarga uchradi. Masalan, 1915-yil aprelida zaharli gaz hujumlari natijasida minglab askarlar halok bo‘ldi. G‘alipoli yarim oroli uchun janglarda ham ko‘plab qurbonlar berildi.
1915-yilda 59 Sind Rifles askari Havaldor Abdurahmon Yevropadan yozgan maktubida shunday degan:
Xudo haqqi, bu urushga kelmang! Hech qachon kelmang! Menga yozing va meni ishontiringki, siz bu yerga yuborilmaysiz. Bu yerda o‘lim yomg‘irdek yog‘moqda…
Shubhasiz, Hind qirollik armiyasining ana shu “fidoyiliklari” keyinchalik Pokiston armiyasining asosini tashkil etib, Usmoniy xalifaligining qulashida muhim omillardan biri bo‘ldi.
