Sulton Muhammad Fotihning yengilgan masihiylarga bo‘lgan muomalasi
Sulton Muhammad Fotih Qustantiniyani fath qilganida, u Aya Sofiya cherkoviga bordi. U yerda katta bir olomon to‘plangan edi. Ular orasida ba’zi ruhoniylar va rohiblar ham bor edi, ular xalq uchun duo o‘qiyotgan edilar. Sulton cherkovga kirganida barcha masihiylar kuchli qo‘rquvga tushdilar. Rohiblardan biri o‘rnidan turib, cherkov eshigini Sulton uchun ochdi. Sulton unga dedi: Odamlarga ayt, xotirjam bo‘linglar! Yuragingizga hech qanday qo‘rquv solmanglar. Ishonch bilan uylaringizga qaytinglar.
Bu so‘zlardan keyin xalq orasida quvonch va osoyishtalik paydo bo‘ldi. Yashirinib yurgan rohiblar ham panoh joylaridan chiqib keldilar, hattoki ba’zilari islomni qabul qildilar. Keyin Sulton e’lon qildi: Bugundan boshlab bu cherkov masjidga aylantirildi. Kelgusi juma namozi shu yerda o‘qiladi va bunga zarur tayyorgarlik ko‘riladi.
Bu buyruq ortidan ishchilar binoni ta’mirlash ishlarini boshladilar va uni masjidga aylantirdilar. Devorlardan xoch belgilarini olib tashladilar va cherkov devorlariga chizilgan rasmlarni tozaladilar. Xatib uchun minbar yasadilar. Cherkovni masjidga aylantirish shariat nuqtai nazaridan joiz edi, chunki shahar jang bilan fath qilingan edi va islom shariatida bu xususda aynan shunday hukm bor.
Sulton Muhammad Fotih masihiylarga to‘liq diniy erkinlik berdi. Ular hech qanday qo‘rquvsiz dini marosimlarini o‘tkazishlari mumkin edi va diniy yetakchilarini o‘zlari tanlash huquqiga ega edilar. Ular uchun diniy yetakchini saylash joyi ajratildi va ularga shaxsiy hamda fuqarolik masalalarini o‘z diniy qonunlariga binoan hal qilish huquqi berildi. Sulton imperiyaning boshqa hududlarida ham xuddi shu erkinlikni joriy qilgan edi. Diniy rahbarlar to‘liq vakolatlarga ega edilar va masihiylarga oid qarorlar ularning diniy qonunlariga asoslanib chiqarilardi. Faqat shu erkinliklar evaziga ulardan jizya (soliq) olinardi.
Ingliz tarixchisi Eyduord Seperd Usmoniy xalifaligi tarixida bu ulug‘ islomiy voqea Qustantiniya fathini buzib ko‘rsatishga uringan. U dushmanlik va adovat asosida Sulton Muhammad haqida asossiz va yolg‘on da’volarni ilgari surgan.
1980-yilgi Amerika ensiklopediyasi (Encyclopedia Americana) nashrida ham Sulton Muhammad go‘yoki Qustantiniyada asirga olingan masihiylarni qullikka solgan va ularni Edirne (Adrianopol) bozorida sotgan degan ayblov ilgari surilgan. Bu da’vo ham salibchilarning rivoyatlaridan olingan. Holbuki, tarixiy haqiqatlar guvohlik beradiki, Sulton Qustantiniya xalqi bilan mehribonlik, rahm-shafqat va hurmat bilan muomala qilgan va hatto askarlariga ham xalq bilan insoniy muomala qilishni buyurgan edi.
Asirlarning ko‘pchiligi fidya to‘lash evaziga ozod etildi, ayniqsa yunon diniy rahbarlari va shaxsiyatlari. Sulton shaxsan diniy majlislarga borib, ularning qo‘rquvi va xavotirini yo‘qotdi va ularga e’tiqodlariga, ibodat joylariga va diniy ishlari hurmat qilinishiga kafolat berdi. U masihiylarga yangi bosh episkop (bishop) saylashga ruxsat berdi.
Masihiylar maslahatlashgach, Janodiyusni bosh episkop sifatida sayladilar. Uning saylanishidan so‘ng, ko‘plab ruhoniylar Sulton huzuriga bordilar. Sulton ularni iliqlik bilan kutib oldi, ularga hurmat ko‘rsatdi, ular bilan birga ovqatlandi va turli siyosiy va ijtimoiy masalalar haqida suhbatlashdi.
Ushbu uchrashuvdan so‘ng, Sulton bilan ko‘rishgan rohiblar va ruhoniylarning Usmoniy hukmdorlari va musulmonlarga nisbatan qarashlari o‘zgardi. Ular o‘zlarini pok tabiatli, dindor, iymonli, ulug‘ insoniy fazilatlar egasi bo‘lgan bir kishining qarshisida turgandek his qildilar.
Rimliklar (yunonlar) ham Sultonning muomalasidan ta’sirlandilar. Ular ham to‘liq diniy erkinlikka ega bo‘ldilar. Oradan ko‘p o‘tmay, odamlar hech qanday qo‘rquv va xavotirsiz, tinchlik va osoyishtalikda avvalgi hayotlarini davom ettirdilar.