Aziz Jalol

2014; Dunyo larzaga kelgan yil (Mosulning fath qilinishi va Raqqaning qulashi)

2014-yil zamonaviy Yaqin Sharq tarixida burilish nuqtasi bo‘ldi; bu yil Dajjoliylar  ya’ni (ISHID) guruhining takfir va ifrot zulmatidan bosh ko‘targan, xalqaro kuzatuvchilarni hayratga solgan holda, Iroq va Suriyaning katta qismini o‘z nazoratiga olgan yili edi. 2014-yil 10-iyunda strategik shahar Mosulning qo‘lga olinishi siyosiy zilzila bo‘ldi va Yaqin Sharqning sun’iy chegaralarini larzaga soldi. Bu yirik shahar – Ninava viloyatining markazi va Iroqning ikkinchi eng katta aholiga ega shahri – qisqa fursatda va Iroq xavfsizlik kuchlarining ozgina qarshiligi bilan ISHID qo‘liga o‘tdi.

Mosulning qulashi nafaqat harbiy va iqtisodiy jihatdan, balki ramziy ma’noda ham Bag‘dod markaziy hukumatiga halokatli zarba berdi. Iroq askarlarining qochib, Amerikaning milliardlab dollarga qurib bergan ilg‘or qurollarini tashlab ketgani aks etgan tasvirlar, Iroqning xavfsizlik tuzilmasining to‘liq qulashidan dalolat edi.

Mosulning qulashi ortidan ISHIDning ilgarilashlari hayratlanarli tezlikda davom etdi. Faqat bir oy o‘tib, 2014-yil 4-iyul kuni Abu Bakr al-Bag‘dodiy Mosuldagi ulug‘ an-Nuri masjidida paydo bo‘lib Islom xalifaligini e’lon qildi va o‘zini  musulmonlarning xalifasi deb atadi. Bu ramziy qadam ISHIDga oid ommaviy axborot vositalarida tarqatilib, Islom olamiga va xalqaro jamoatchilikka aniq xabar yubordi: endi ISHID oddiy isyonchi guruh emas, balki o‘zini mustaqil va kengayib borayotgan “davlat” deb bilardi.

Bag‘dodiyning qora libosda, buyruq ohangida qilgan nutqi tarafdorlari uchun jozibador dushmanlari uchun esa qo‘rqinchli manzarani yaratdi. an-Nuri masjidining tanlanishi ham ramziy edi xuddi o‘sha masjidni oradan bir necha yil o‘tib 2017-yilda ISHID orqaga chekinganda Bag‘dodiy buyruq bilan vayron qildi.

Iroq chegarasining narigi tomonida esa Suriyaning Raqqa shahri o‘zini xalifalikning ma’muriy poytaxtiga aylantirdi. 2014-yil yanvarida Raqqaning qulashi va ISHIDning qo‘mondonlik markaziga aylanishi bu guruh tabiatida tub burilish yasadi. O‘sha vaqtda nisbatan tinch bo‘lgan shimoliy Suriya shahri birdan o‘zini Islom davlati deb atagan guruhning markaziga aylandi.

Shu yerda ISHID o‘zining davlat mexanizmlarini namoyon qila boshladi: diniy sudlar tuzildi, moliyaviy tizim va shahar xizmatlari joriy etildi. Ammo bu tashqi tartibli manzara qorong‘ulikni ham yashirardi: qatl maydonlari, dahshatli qamoqxonalar va harbiy tayyorgarlik markazlari  u yerda bolalar zo‘ravonlik va urush ruhida tarbiyalanardi. Raqqa ISHIDning ifrotchilik mafkurasini amalda sinovdan o‘tkazadigan laboratoriyaga aylandi bu yerda o‘rta asrlarga xos qonunlar zamonaviy davrda misli ko‘rilmagan zo‘ravonlik bilan tatbiq qilinardi.

2014-yilda ISHIDning tezkor ilgarilashi va o‘zini davlat sifatida ko‘rsatishi xalqaro miqyosda keng aks-sado berdi. Bir tomondan minglab jihodchilar dunyoning turli burchaklaridan ISHID hududiga oqib keldi, boshqa tomondan esa xalqaro hamjamiyat hayrat va shokka tushdi.

ISHID o‘z hududidagi hayot haqida tarqatgan videolarda g‘alati uyg‘unlik aks etardi: zamonaviy qurollarga ega jangchilar o‘rta asrlarga xos jazolarni ijro etardi. Shaharlar bir tomondan raqamli ofislar bilan jihozlangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa jinsiy qullik qonuniylashtirilgan edi. Bu yaqqol zidlik ISHIDning targ‘ibot strategiyasining bir qismi edi ular o‘zlarini ham qadimiy ham zamonaviy ham jozibador ham qo‘rqinchli qilib ko‘rsatmoqchi edilar.

2014-yil ISHID qudratining cho‘qqisi bo‘ldi ammo aynan shu tez kengayish uning qulashi urug‘ini ham sepdi. Chunki bu holat mintaqaviy va global barcha kuchlarni javob berishga majbur qildi; oradan ko‘p o‘tmay, ularning barchasi bu nomaqbul tuzilmaga barham berdi.

Exit mobile version