Muhammad Isma‘il
Global tartib (International Order) xalqaro siyosatning asosiy tushunchalaridan biri bo‘lib, unda kuch taqsimoti, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar shakli hamda ustuvor qadriyatlar mujassam bo‘ladi. Tarix davomida global tartib har safar o‘zgarganida, dunyo xalqlari va sivilizatsiyalari ham muayyan o‘zgarishlar jarayoniga duch kelgan. Bu o‘zgarishlar ba’zan taraqqiyot, barqarorlik va hamkorlikni yuzaga keltirgan bo‘lsa, ba’zan esa zaiflik, parchalanish va beqarorlikka sabab bo‘lgan.
Islom ummati ham bu global o‘zgarishlardan chetda qolmagan. Ayniqsa Birinchi jahon urushining (1914–1918) yakuni va uning siyosiy oqibatlari islom olami uchun chuqur tarixiy burilish bo‘ldi. Urushdan so‘ng Usmoniy xalifaligining qulashı bu nafaqat muhim siyosiy tuzum, balki islomiy birlikning ramzi edi musulmon dunyosining parchalanishiga olib keldi. Sykes–Picot kabi mustamlakachilik kelishuvlari islom olamini sun’iy chegaralar asosida bo‘lib tashladi va uning o‘rnida millatchilikka asoslangan davlatlar paydo bo‘ldi. Bu davlatlarning aksariyati siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik jihatidan G‘arb kuchlari ta’siri ostida shakllandi.
Natijada islom olami nisbatan yagona va ta’sirchan geosiyosiy mavqedan zaiflik, qaramlik va cheklanganlik holatiga tushib qoldi. Bu o‘zgarish umumiy global tartib evolyutsiyasining bir qismi bo‘lsa-da, Islom ummati uchun ko‘proq salbiy oqibatlar keltirdi. Chunki birlik o‘rniga parchalanish, mustaqillik o‘rniga esa qaramlik yuzaga keldi.
Hozirgi zamonaviy bosqichda global tizim yana o‘zgarish arafasida turibdi. Asosan Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchiligidagi bir qutbli tizim (Unipolyarlik) asta-sekin ko‘p qutbli tizim (Multipolyarlik) tomon o‘tmoqda. Bu yangi tizimda Xitoy, Rossiya va boshqa mintaqaviy kuchlarning roli tobora ortib bormoqda. Bu jarayon nafaqat kuch taqsimotini, balki global qoidalar, ittifoqlar va strategik munosabatlarni ham tubdan o‘zgartirmoqda.
Xalqaro munosabatlar nazariyalariga ko‘ra, masalan Realizm kuchni maksimal darajada oshirish va milliy manfaatlarni himoya qilishga urg‘u beradi, hamda Konstruktivizm identitet, qadriyat va tushunchalarning rolini muhim deb biladi; shu nuqtayi nazardan Islom ummati bu global o‘zgarishlarni faqat xavf emas, balki imkoniyat sifatida ham ko‘rishi lozim.
Islom olami avvalo o‘zini anglab, ichki holatini chuqur tahlil qilishi kerak. Siyosiy bo‘linish, iqtisodiy zaiflik va fikriy beqarorlik tashqi aralashuvlar uchun zamin yaratadi. Biroq umumiy qadriyatlar, tarixiy birlik va geosiyosiy ahamiyatga tayangan holda hamkorlik va birlikni qayta tiklash imkoniyati hali ham mavjud.
Xulosa qilib aytganda, agar Islom ummati global tartib o‘zgarayotgan ushbu nozik davrda strategik yondashuvni tanlasa, ichki birdamlikni mustahkamlasa va global jarayonlarda faol ishtirok etsa, u passiv holatdan faol va ta’sirchan kuchga aylanishi mumkin. Bu esa nafaqat islom olamining qayta tiklanishiga, balki uning xalqaro maydondagi mavqeining mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi.













