Abdulloh Otif
Kirish:
Kobul shahrida Amirul-mo‘minin Shayxulislom hafizahullohning farmonlariga bag‘ishlangan yirik ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiya shunchaki rasmiy marosim emas, balki Islom Amirligi tizimining shar’iy asoslarini o‘rganish va mazkur farmonlarning xalq hayotiga ta’sirini baholash yo‘lidagi muhim ilmiy qadam hisoblanadi. Islomda amirga itoat qilish, tartib-intizomni ta’minlash va shariatni tatbiq etish musulmon ummati birligini saqlashning asosiy tamoyillaridan sanaladi.
1. Farmonlarning shar’iy jihatlari:
Ulamolarning fikricha, Amirul-mo‘minin Shayxulislom hazratlarining farmonlari bir qancha shar’iy asoslarga tayanadi. Ularning eng muhimlari quyidagilardan iborat:
A: Ulul-amrga itoat qilish:
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
أَطِيعُوا اللهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ
Tarjimasi: Allohga itoat qiling, Rasulga itoat qiling va o‘zlaringizdan bo‘lgan ishboshi hamda rahbarlarga ham itoat eting.
Ulamolar aytadilar: amir shariat doirasida biror hukm chiqarsa, unga itoat qilish xalq zimmasida vojib bo‘ladi. Ammo agar u Yaratganga osiylik qilishga buyursa, unga itoat qilish joiz emas. Hadisi sharifda ham shunday deyilgan:
لَا طَاعَةَ لِمَخْلُوقٍ فِي مَعْصِيَةِ الْخَالِقِ
Tarjimasi: Yaratganga osiylik qilishda hech bir maxluqqa itoat qilinmaydi.
B: Umumiy manfaat:
Ushbu farmonlarning katta qismi umumiy manfaatlarni ta’minlash, jamiyatning xayr-u salohiyatini ko‘zlash maqsadida chiqarilgan. Jumladan, giyohvand moddalarni taqiqlash, sudxo‘rlikning oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlar, yerlarni g‘asb qilish va boshqalarning mulkini noqonuniy egallashga qarshi chiqarilgan hukmlar hamda axloqiy buzg‘unchiliklarga qarshi kurashish shular jumlasidandir.
Ushbu chora-tadbirlarning barchasi shar’iy dalillarga asoslanadi. Zero, insonlarning dini, joni, mol-mulki, aqli va nasl-nasabini muhofaza qilishga xizmat qiladigan har qanday hukm Islom shariatining maqsadlariga muvofiqdir.
C: Fitna va tartibsizliklarning oldini olish:
Birlikni saqlash va tafriqaga yo‘l qo‘ymaslik Islomdagi eng muhim shar’iy mas’uliyatlardan hisoblanadi. Shayxulislomning farmonlari ham odamlarning turli guruh va oqimlarga bo‘linib ketmasligi, balki yagona markaziy tizim soyasida o‘z hayotlarini davom ettirishlari maqsadida chiqariladi.
Amaliyotda ham ko‘rganimizdek, ko‘plab kelishmovchiliklar bartaraf etildi, ko‘p yillik adovat, nizolar va kek-gina o‘rnini do‘stlik, o‘zaro tushunish va yarashuv egalladi.
2. Farmonlarning jamiyatga ta’siri
A: Diniy ta’sirlari:
Ushbu farmonlar chiqarilishi ortidan turli hududlarda shar’iy hukmlarni tatbiq etishga bo‘lgan e’tibor ortdi, masjidlar yanada obod bo‘ldi, xalqning diniy ilmlarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi kuchaydi hamda halol va haromni farqlash borasidagi xabardorligi oshdi. Holbuki, ilgari shariat hukmlarini tatbiq etishga e’tibor bermaydigan, hatto ularning qadri va ahamiyatiga ham ahamiyat qaratmaydigan kishilar ham bor edi.
B: Ijtimoiy ta’sirlari:
Ayniqsa, giyohvand moddalarga qarshi kurashish to‘g‘risidagi farmon minglab yoshlarni halokat, buzg‘unchilik va adashish botqog‘idan qutqarib qoldi. Shuningdek, o‘g‘rilik, buzg‘unchilik va axloqiy tartibsizliklarga qarshi chiqarilgan farmonlar jamiyatda ishonch, xavfsizlik va osoyishtalik muhitini yaratdi.
Yuqoridagi chora-tadbirlarning natijasi shuki, bugungi kunda, alhamdulillah, inson yarim tunda ham katta miqdordagi naqd pul bilan qo‘rqmasdan va xavotirga tushmasdan uyidan chiqib, bemalol yurishi mumkin.
C: Ma’muriy ta’sirlari:
Ushbu farmonlar davlat idoralarini shariatga asoslangan yagona yo‘nalishga boshladi. Chunki bugungi kunda har bir mas’ul o‘z vazifalarini bajarish uchun aniq shar’iy ko‘rsatmalarga ega ekanini biladi. Ularga bo‘ysunmaslik esa belgilangan ma’muriy tartib va siyosatdan chetga chiqish hisoblanadi.
D: Iqtisodiy ta’sirlari:
Sudxo‘rlikning oldini olish, tovlamachilik va zulmga barham berish hamda halol savdoni rag‘batlantirish yo‘lida chiqarilgan farmonlar xalqning ishonchi va xotirjamligini oshirdi.
Savdogarlar o‘z sarmoyalari va tijorat faoliyati xavfsiz bo‘lgan, soliqlar miqdori esa past darajada saqlanadigan joylarda sarmoya kiritish va savdo faoliyatini kengaytirishga qiziqish bildirishlari umum e’tirof etilgan haqiqatdir.
Shu jihatdan, agar xalq tuzumning ularga nisbatan zulm va noqonuniy munosabatda bo‘lmasligiga ishonch hosil qilsa, savdoning rivojlanishi va iqtisodiy faoliyatning kengayishi uchun ham sharoit yaratiladi. Inshaalloh, Afg‘oniston yaqin kelajakda xalqaro miqyosda savdogar va tijoratchilar uchun muhim hamda yirik iqtisodiy markazlardan biriga aylanadi.
Xulosa:
Amirul-mo‘minin Shayxulislom hafizahullohning farmonlari, tavsiyalari va hukmlari shunchaki ma’muriy hamda ijroiy ko‘rsatmalar emas, balki shariatni tatbiq etish, jamiyatni isloh qilish va Islomiy tuzumni muhofaza etish yo‘lida shar’iy ko‘rsatmalar maqomiga ega. Ushbu farmonlar ijtimoiy tartibni ta’minlash, umumiy manfaatlarni ro‘yobga chiqarish va Islomiy tuzum asoslarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.












