Abu Bilol al-Minukiy joriy yilning may oyida Nigeriyada AQSh tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida o‘ldirilgan. U Viloyatlar umumiy boshqarmasi mas’uli bo‘lib, faoliyat hududlari Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyoni qamrab olgan As-Siddiq idorasi bilan bevosita aloqada bo‘lgan.
U o‘ldirilganidan so‘ng bir qator muhim hujjatlar razvedka xizmatlari va yirik ommaviy axborot vositalari qo‘liga tushgan. Ushbu hujjatlarda bir qancha nozik masalalar haqida so‘z yuritilgan.
Mazkur maktub As-Siddiq idorasi mas’uli Qori Tamim Kurdiy (muhandis Ubaydulloh) tomonidan xavorij rahbariyat kengashiga
(اللجنة المفوضة)
yozilgan edi. Maktubda ko‘tarilgan masalalarning nozikligini hisobga olgan holda, ayrim IShID faollari bu masalani ahamiyatsiz qilib ko‘rsatishga va maktubni soxta deb e’lon qilishga urindilar. Biroq Al-Mirsod Xuroson IShID tarmog‘ining ichki masalalaridan aniq xabardor bo‘lgan o‘z manbalari orqali maktubning haqiqiyligini hamda unda bayon etilgan masalalarni tasdiqladi.
Ushbu manbalar, shuningdek, Al-Mirsod ga IShIDning asl qiyofasini ochib beradigan boshqa muhim ma’lumotlarni ham taqdim etdilar.
Dastlab, mazkur maktubning tarjimasini hech qanday qisqartirish yoki qo‘shimchalarsiz o‘quvchilar e’tiboriga havola qilamiz. O‘quvchilar uni yaxshiroq tushunishlari uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlar Al-Mirsod tomonidan kvadrat qavslar ichida kiritilgan.
Allohga hamd bo‘lsin! U qudratli va oliy Zotdir. Salavot va salom esa kulib yuzlanadigan, jangda mardonavor bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammadga, u zotning ahli baytlari va sahobalariga bo‘lsin. Ular so‘zlashda fasohat egalari va jang maydonlarining bahodirlaridir.
Ammo ba’d:
Vakolatli qo‘mitaga [xavorij rahbariyat kengashiga teng bo‘lgan tashkilot]!
Ahvollaringiz qanday? Sog‘lig‘ingiz va salomatligingiz yaxshimi? Alhamdulillah, biz tomonda barcha mujohidlar yaxshi va salomat.
Alhamdulillah, sizlar qanday ahvoldasiz? Alloh taolodan sizlarning Uning ofiyati va himoyasida bo‘lishingizni so‘raymiz. Sizlardan ikkita xabar oldik va ularga javoban quyidagilarni bildiramiz:
Bizning va As-Siddiq idorasidagi barcha mujohidlarning salomlarini musulmonlar xalifasiga (ya’ni xavorij IShIDning xalifasiga) yetkazing. Alloh taolo uni asrasin va himoya qilsin. Biz tomondan unga shuni bildiringki, barcha mujohidlar, yosh-u qari, Islom Davlatining itoatkor askarlari bo‘lib, Alloh taolo va Uning kalimasini yuksaltirish yo‘lida har qanday fidoyilikka tayyorlar.
Pokiston va Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish masalasida hozircha istalgan natijaga erisha olmadik. Ularning ayrim birodarlarimizni (ya’ni qamoqdagi IShID a’zolarini) ozod qilish haqidagi talablarimizga javob berish-bermasligini kutmoqdamiz. Hozirda ularni sulhga majburlash maqsadida Eron va Pokistondagi ayrim nishonlarga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Allohning yordami bilan Kirmon operatsiyasiga o‘xshash amaliyot orqali ularning askarlari qonini to‘kishga harakat qilamiz.
Filippin va Indoneziyadagi birodarlarimiz [ya’ni IShID a’zolari] bilan muzokaralar olib bordik. Ular bilan o‘zaro almashilgan xabarlar ilova qilingan videoda mavjud. Uni ko‘rib chiqing. Agar ularga biz tomondan biror fikr, mulohaza yoki maslahat bildirishni munosib deb bilsangiz, uni ularga yetkazamiz.
Filippinga besh ming dollar yubordik, Indoneziyaga ham yuboramiz. Ularni iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanishga [ya’ni moliyaviy faoliyat yuritish va moliyaviy yordam olishga] juda ko‘p rag‘batlantirdik. Ular nima qilishlarini ko‘ramiz. Biroq ular iqtisodiy faoliyat olib borish masalasida biz bilan kelishib oldilar. Maslahat, rejalashtirish va mablag‘ bilan ta’minlash borasida qo‘limizdan kelgan barcha yordamni, inshaalloh, ularga yuboramiz, toki ular iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullansinlar.
Mujohidlar qo‘lida bo‘lgan o‘sha mahbus esa balog‘at yoshiga yetgan. U haqda qanday qarorga kelishimizni ko‘ramiz. U bilan bog‘liq har qanday yangi xabarni, inshaalloh, sizlar bilan baham ko‘ramiz.
Sizlar tomonidan yuborilgan 45 ming dollar bizga yetib keldi. Alloh sizlarni yaxshilik bilan mukofotlasin.
Bangladeshda bizning birodarlarimiz (IShID tarafdorlari) bor. Ularni jihodiy amaliyotlar orqali sinab ko‘rmoqchimiz, toki ular dushmanlarni o‘ldirib, qon to‘ksinlar. Shu orqali ularning haqiqatan ham bizning birodarlarimiz yoki dushmanlar safidan ekanliklariga ishonch hosil qilamiz. Agar ular bizning birodarlarimiz bo‘lsa, dushmanlarni o‘ldiradilar va ularga rahm qilmaydilar. Garchi dastlab jasorat, tashabbus va imkoniyat jihatidan zaif bo‘lsalar-da, dushmanlar bir-birini o‘ldirmaydilar, faqat ommaviy axborot vositalarida yoritilmaydigan soxta sahnalarni uyushtiradilar. Ammo har qanday aqlli inson, inshaalloh, bu masalani tushunadi.
Biz ular bilan aloqadamiz. Ularni Bangladeshdan boshqa mamlakatlarga olib o‘tishda hech qanday muammo bo‘lmasa-da, hozirgacha birorta ham kishi biz tomonga hijrat qilmadi va shu paytgacha hech qanday harbiy faoliyat ham amalga oshirmadi. Ularga Islom Davlati talab qilayotgan ishlarni bajarishlari uchun imkoniyat beramiz.
As-Siddiq idorasi
Qori Tamim Kurdiy
Yuqoridagi maktubda xavorij o‘zlari boshqa jihodiy guruhlarni takfir qilish uchun dalil sifatida keltiradigan ayrim ishlarni amalga oshirganliklarini ochiq tan olganlar. Shuningdek, ushbu maktubda ularning o‘z saflariga qo‘shilayotgan shaxslarga nisbatan kuchli ishonchsizligi ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu haqda keyinroq so‘z yuritamiz. Ammo avval Qori Tamim Kurdiy o‘z rahbariyat kengashiga alohida ta’kidlab yozgan va balog‘at yoshiga yetgan deb ta’riflagan mahbus masalasining tafsilotlarini bayon qilamiz.
Al-Mirsod manbalarining aytishicha, maktubda balog‘at yoshiga yetgan deb ta’riflangan mahbus aslida taxminan 14 yoshli boladir. Uning ismi Ja’farxon bo‘lib, asli Qandahor viloyatining Spin Boldak tumanidan. Hozirda esa Pokistonning Balujiston shtati Kvetta shahridagi Shayx Manda hududida yashaydi.
Manbalarning aytishicha, xavorij IShID a’zolari taxminan o‘n oy avval uni yashab turgan hududidan o‘g‘irlab ketgan va Telegram tarmog‘idagi soxta akkauntlar orqali uning oilasidan 70 karor Pokiston rupiyasi miqdorida pul talab qilgan.
Al-Mirsod manbalarining aytishicha, bolaning oilasi moddiy imkoniyati yetarli bo‘lmagani sababli hozirgacha xavorijga 70 karor rupiy (700 million) to‘lay olmagan. IShID a’zolari esa oilaga bosim o‘tkazish maqsadida bolaning otasi Hoji Salohiddinni uyiga yaqin joylashgan sport klubidan chiqayotganida o‘ldirganlar.
Al-Mirsod manbalarining aytishicha, xavorij IShID guruhining bir a’zosi Ja’farxonni IShID a’zolari o‘g‘irlab ketganini tan olgan hamda bolaning begunohligi va oilasining moddiy imkoniyati yo‘qligini hisobga olib, rahbarlaridan uni ozod qilishni so‘ragan.
Al-Mirsod munosib vaqtda IShIDning soxta Telegram akkauntlari orqali yuborgan xabarlarining suratlarini hamda boshqa zarur hujjat va dalillarni e’lon qiladi. Ushbu xabarlarda Ja’farxonning o‘g‘irlanishi Xalifalikdagi mujohid birodarlarimiz tomonidan amalga oshirilgani aytilgan.
Ko‘rinishidan, bolaning o‘g‘irlanishi va otasining o‘ldirilishi IShID a’zolari orasida katta janjalga sabab bo‘lgan. Hatto ularning rahbariyat kengashi ham ushbu masala yuzasidan izoh talab qilgan.
Manbalarning aytishicha, Ja’farxon hanuzgacha asirlikda saqlanmoqda. Xavorij esa WhatsApp va Telegram tarmoqlaridagi virtual raqamlar orqali uning oilasi bilan bog‘lanib, ulardan pul talab qilishda davom etmoqda.
Al-Mirsod manbalari qo‘shimcha qilishicha, Kvetta shahridagi Shayx Manda hududi IShIDning qadimiy markazlaridan biri bo‘lib, bu hududdagi ko‘plab buzg‘unchi IShID a’zolari IShIDning Nangarhor viloyatidagi hukmronligi davrida o‘ldirilgan.
Manbalar yana shuni qo‘shimcha qiladilarki, IShID guruhi so‘nggi ikki yil ichida aynan shu hududdan Ja’farxon bilan birga yana besh kishini o‘g‘irlab ketgan. Ularning orasida doktor Mansurning 13 yoshli o‘g‘li ham bo‘lib, u o‘g‘irlab ketilganidan keyin o‘ldirilgan.
O‘g‘irlash Xuroson IShID tarmog‘i uchun pul topishning eng oson yo‘lidir. Xavorij IShID a’zolari bu ishni o‘zlarining iqtisodiy siyosatining bir qismi deb biladilar. As-Siddiq idorasi maktubida boshqa mamlakatlardagi IShID a’zolarini iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanishga rag‘batlantirishlari esa Xuroson xavorijining amaliy tajribalarini ularga ham o‘rgatayotganini ko‘rsatadi.
Savdogarlar va ularning qarindoshlarini o‘g‘irlash so‘ngra pul evaziga ozod qilish xavorijning Iqtisodiyot boshqarmasi vazifalaridan biridir. Hijriy 1443-yilda xavorijning Shom viloyati voliysi barcha mas’ullarga iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash uni o‘zlari boshqarish va to‘liq maxfiylikka rioya qilgan holda davom ettirish haqida xabar bergan edi.
Xavorij o‘zlarining Iqtisodiyot boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladigan o‘g‘irlash, savdogarlarni tahdid qilish va pul undirish maqsadida ularga hujum uyushtirish kabi shariatga zid ishlarini yashirish uchun bor kuchlari bilan harakat qiladilar va hech qachon bu ishlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olmaydilar.
Al-Mirsod uch yil avval, 2023-yil 23-iyulda xavorij IShIDning savdogarlardan pul undirish bo‘yicha rasmiy qo‘llanmasini qo‘lga kiritib e’lon qilgan edi.
Pokiston va Eron bilan sulh tuzishga urinish
Ushbu maktubda xavorij o‘zlari murtad deb hisoblaydigan Eron va Pokiston hukumatlari bilan mahbuslarni ozod qilish evaziga kelishuvga erishish va o‘t ochishni to‘xtatish istagida ekanliklari ochiq-oydin bayon qilingan.
Xavorij IShIDning bu urinishlari ularning manhajidagi beqarorlik va nifoqni ochib beradi. Ular o‘zlarining har qanday harakatlariga manfaat nuqtayi nazaridan baho beradilar ammo boshqa jihodiy guruh aynan shu ishni qilsa uni kufr va murtadlikda ayblaydilar.
Yana bir e’tiborga molik masala shuki IShID a’zolari Eron va Pokiston rasmiylariga sulh masalasi va o‘z talablarini qanday yo‘l bilan hamda kim orqali yetkazganlar? Albatta, ularning talablarini yetkazish uchun faoliyat yuritadigan biror razvedka aloqa kanali mavjud bo‘lishi kerak.
IShID Eron va Pokiston bilan ochiq yoki yashirin tarzda razvedka yo‘li orqali sulh tuzishga erishadimi yoki yo‘qmi hozircha noma’lum. Ammo endilikda bu kaltafahm kishilarning manhaji doimo nafs hirs va havoyi istaklari talabiga qarab o‘zgarib turishi ayon bo‘ldi.
O‘z tarafdorlari va a’zolariga nisbatan ishonchsizlik
As-Siddiq idorasi maktubida Bangladeshdagi IShID a’zolari yoki tarafdorlariga nisbatan shubha bildirilgan va ularning haqiqatan ham ixlosli kishilar yoki dushman safidagi shaxslar ekanliklari noma’lumligi aytilgan.
Xavorij orasida o‘z odamlari va a’zolaridan josuslik nuqtayi nazaridan shubhalanish faqat ushbu maktub bilan cheklanmaydi. Xavorij o‘z saflariga qabul qiladigan har bir yangi kishini qattiq ruhiy bosim ostida ushlab turadi va unga josus sifatida qaraydi.
Bundan tashqari, bugungi kunda IShID guruhiga odamlarni jalb qilishning mavjud usullari orqali xorijiy razvedka tashkilotlarining ushbu guruh ichiga keng miqyosda kirib borayotganini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu tashkilotlar ana shu kirib borish imkoniyatidan IShID guruhining faoliyatini o‘z manfaatlari yo‘nalishiga burish uchun foydalanadilar.
Qisqacha aytganda, As-Siddiq idorasining mana shu bitta maktubining o‘ziyoq xavorij IShID ning haqiqiy qiyofasini musulmonlarga yaqqol ochib beradi. Bu qiyofa quyidagilarni ko‘rsatadi:
Ularning manhaji nafs va havoyi istaklariga bo‘ysunadi;
Boshqalar tomonidan amalga oshirilsa, kufr va murtadlik deb baholanadigan ishlarni o‘zlari uchun shar’iy manfaat deb biladilar;
O‘z guruhlarini begunoh musulmonlarni o‘g‘irlash orqali olingan pullar hisobidan moliyalashtiradilar;
Ularning rahbariyati esa bir necha markaziy shaxslardan tashqari, hatto eng yaqin do‘stlari va mas’ullariga ham ishonmaydi.











