Ahmad Yahyo
Qarshilik dostoni
Bosqin olovi uylarni yondirmoqda, jahon sukuti esa havoni yanada bo‘g‘ib bormoqda. Ammo shu qadar musibatlar ichida yemirilmas ustun kabi tik turgan bir kuch bor bu qarshilik dostonidir. G‘azodagi qarshilik faqat harbiy strategiya emas; u umumiy bir ruh, xo‘rlikdagi hayotdan ko‘ra sharafli o‘limni afzal bilgan xalqning mavjudlik tanlovidir.
Qarshilik ildizlari Falastin kurashining chuqur tarixiga borib taqaladi va dunyodagi eng qurollangan armiyalardan biriga qarshi afsonaviy va qahramonona shakl kasb etgan. G‘azoda kechayotgan voqelik kam qurolga ega bo‘lgan jasur jangchilarning tish-tirnog‘igacha qurollangan kuchga qarshi olib borayotgan noteng jangidir. Bu ilg‘or qurollarga qarshi irodaning to‘qnashuvidir.
Birinchi qarashda qarshilik vayronalar orasidan otilgan sodda raketalar va harbiy amaliyotlar bilangina ifodalanayotgandek tuyulishi mumkin. Ammo haqiqat bundan ancha kengdir. Qarshilik, eng avvalo, ruhiy bir qal’a bunyod etadi har kuni o‘limga yuz tutayotgan insonlar qalbidan qo‘rquvni sug‘urib oladigan qal’a. Ana shu qo‘rqmaslikning o‘zi sionistik urush mashinasiga qarshi eng buyuk g‘alabadir. Chunki bu mashina vahima va dahshat orqali xalq irodasini sindirishga urinadi.
Qarshilik zaiflikni qudratga aylantirish san’atidir. Dushman havo, dengiz va quruqlikda ustunlikka ega bo‘lgan paytda, qarshilik jangni tunnellar qa’riga, tor ko‘chalarga va bosqinchi manzillarning yuragiga olib kiradi u yerda ustun texnologiya o‘z ta’sirini yo‘qotadi va urush jasorat, fidoyilik hamda jon fido qilish sinoviga aylanadi.
Qarshilik kuchlarining faoliyati faqat mudofaa javobi emas, balki yangilik va kutilmagan zarbalarga asoslanadi. Ular qamal va tanqislik sharoitida eng kam vositalardan eng katta ta’sir olishni o‘rganib bo‘lishgan. G‘azodan uchirilgan har bir sodda raketa shunchaki portlash emas u qamalda qolgan insonlarning dunyoga yetgan faryodidir. Har bir kutilmagan amal oddiy harbiy to‘qnashuv emas, balki dushmanning yengilmaslik da’vosini chil-parchin qilishdir. Bu harakatlar bosqin ostidagi xalqqa taslim bo‘lish yagona yo‘l emasligini isbotlaydi.
Tan olish kerakki, qarshilik ruhi amaldan ham qadrliroqdir. Bu ruh yo‘lning haqqoniyligi va g‘alabagacha kurashni davom ettirishga bo‘lgan e’tiqod manbaidan oziqlanadi. Ana shu ishonch bombalar qarshisida titramaydigan, balki vayronalar orasida vaqtinchalik maktablar qurib, hayotni davom ettiradigan avlodni tarbiyaladi.
Ular uchun qarshilik hayot tarziga aylangan: imkoniyatsiz shifoxonada insonlar jonini saqlash uchun o‘zini fido qilayotgan shifokordan tortib, vayron bo‘lgan uyining toshini bayroqdek baland ko‘targan bolagacha. Bu ruh yuqumlidir shaxsdan jamiyatga o‘tadi va uni yo‘q qilish shaharlarni jismonan vayron qilishdan ham mushkul bo‘lgan mag‘lub etilmas tarmoqni shakllantiradi.
Xulosa qilib aytganda, G‘azo qarshiligi dostoni botil ustidan haqning, ma’nosizlik ustidan mazmunning g‘alabasi haqidagi rivoyatdir. Ba’zan sukut saqlaydigan, ba’zan sovuq siyosiy hisob-kitoblarga asir bo‘lib qoladigan dunyoda Falastin qarshiligi barcha mazlumlarga shuni eslatadiki: hatto kichik millatlar ham ulkan urush mashinalari qarshisida tarix yarata oladi va dunyoga ulug‘vorlik sabog‘ini bera oladi. Bu qarshilik shunday bir olovki, u nafaqat G‘azoni, balki insoniyat vijdonini ham yoritdi; shunday olovki, uni na sionistik rejim zo‘ravonligi va na jahon sukuti o‘chira oladi.
