Sayid Jamoluddin Afg‘oniy
Kecha Shveysariyaning Davos shahrida AQSh yetakchiligida bir qator islomiy va noislomiy davlatlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda {Board of Peace} (Tinchlik kengashi) deb nomlangan yangi tuzilma tashkil etildi. Bu tuzilma haqida o‘tgan yildan buyon fikr yuritilib, sa’y-harakatlar olib borilayotgan edi va kecha u amaliy shaklga kirdi. Mazkur institutning vakolatlari, faoliyat yo‘nalishlari va qanchalik kengayishi masalasi esa boshidan buyon turli taxmin va munozaralarga sabab bo‘lib kelgan.
Dastlab bu tuzilma faqat G‘azo xavfsizligiga e’tibor qaratadi, davom etayotgan qirg‘inlarni to‘xtatish va u yerda ishonchli muhit yaratishga harakat qiladi, degan tasavvur mavjud edi. Biroq kecha ma’lum bo‘ldiki, {Board of Peace} ning vazifasi faqat G‘azo bilan cheklanmaydi. Kengash nizomi hali to‘liq ochiqlanmagan bo‘lsa-da, ayrim g‘arb OAVlari uning ayrim bandlarini oshkor qilib, bu tuzilma butun dunyo bo‘ylab xavfsizlikni ta’minlashga harakat qilishi, qaysi davlat yoki hudud bo‘lishidan qat’i nazar, {tinchlikni ta’minlash} bahonasi bilan aralashishini va tinchlikparvar yondashuvni ilgari surishini ta’kidlashdi.
Xuddi shu manbalarga ko‘ra, mazkur kengashga AQSh prezidenti raislik qiladi. Shuningdek, yana besh nafar yuqori martabali shaxs uning rahbariyatiga kiradi, jumladan Trampning kuyovi, AQSh davlat kotibi hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri. Veto huquqi faqat AQShga beriladi. Ushbu kengashga a’zo bo‘lish uchun har bir davlat bir milliard dollar to‘lashi shart bo‘lib, a’zolik faqat uch yilga amal qiladi. Ko‘proq mablag‘ to‘lagan davlatlarning a’zolik muddati uzaytiriladi. Kengashda kun tartibini belgilash va muhokama mavzularini tanlash huquqi faqat AQSh va uning raisiga tegishli bo‘ladi.
Hozircha eng avvalo Isroilga a’zolik berilgan. Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya hamda ayrim islomiy va boshqa davlatlar, jumladan Pokiston, ushbu kengashga a’zo bo‘lish istagini bildirgan. Biroq Yevropaning katta qismi va xususan Fransiya bu tuzilmaga qo‘shilishdan bosh tortgan. Rossiya kinoyali ohangda: {Agar muzlatilgan aktivlarimiz ozod qilinsa, a’zo bo‘lishga tayyormiz} degan. Xitoy esa mazkur tuzilmaning shakli va mohiyatidan xavotir bildirgan holda a’zolikni qabul qilmagan.
Yangi tashkil etilgan Tinchlik kengashi birinchi qadam sifatida G‘azo bo‘yicha ijroiya qo‘mita tuzadi. Ushbu qo‘mita G‘azoni qayta tiklash va mavjud vayronagarchiliklarni bartaraf etish uchun mas’ul bo‘ladi. Shundan so‘ng, dunyoning turli hududlarida {tinchlik o‘rnatish} yo‘lida faoliyat yuritiladi. Shu jarayonda Pokiston hukmdorlari ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, kecha a’zolik hujjatini imzolab tasdiqlashdi. Bu qaror Pokistonda siyosatchilar va xalq vakillari tomonidan keskin norozilik bilan qarshi olindi.
Mazkur qarorni qo‘llab-quvvatlovchilar avvalo Tinchlik kengashining umumiy falsafasini shunday izohlashadi: BMT va uning Xavfsizlik Kengashi hozirgi kunda na ijroiy kuchga ega, na zolimni zulmdan qaytara oladi. Shu bois kuchliroq vakolat va real ta’sirga ega bo‘lgan yangi tuzilma zarur edi. Ularning fikricha, BMTda besh doimiy a’zo bo‘lib, ularning hech biri musulmon davlat emas, islomiy mamlakatlar esa hatto ikkinchi darajada ham emas, balki uchinchi pog‘onaga tushirib qo‘yilgan. Bu holatni ular islomiy davlatlarning BMT va undan oldingi {Millatlar Ligasi} ga kech va sust qo‘shilgani bilan izohlaydilar.
Ushbu guruh, shuningdek, Yevropa BMT platformasidan eng ko‘p foyda ko‘rganini, shu sababli hozir Trampning Tinchlik kengashiga shubha bilan qarayotganini ta’kidlaydi. Islomiy davlatlar esa avvalgi beparvoliklari yana uchinchi o‘ringa tushirib qo‘ymasligi uchun bu jarayonga shoshilinch qo‘shilmoqda, deya baholanadi. Pokiston ishtiroki esa Saudiya Arabistoni, Qatar va Turkiya allaqachon bu kengashga qo‘shilgani bilan oqlanmoqda.
Biroq boshqa tomonda Pokiston xalqining katta qismi, ayniqsa vatanparvar siyosatchilar bu qarordan jiddiy xavotirda. Ular bu jarayonga qo‘shilish muqarrar ravishda qandaydir imtiyozlar berilishi evaziga bo‘lgan, deb hisoblashmoqda. Ularning daliliga ko‘ra, Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish uchun bir milliard dollar to‘lash shart, Pokistonning hozirgi iqtisodiy ahvoli esa bunday to‘lovni oqlamaydi. Demak, muayyan kelishuv bo‘lgan va ehtimol bu mablag‘ Isroil yoki AQSh tomonidan qoplanib, evaziga siyosiy yon berishlar amalga oshirilgan.
Kecha Pokiston parlamentida mamlakatdagi eng yirik diniy-siyosiy partiya rahbari Mavlono Fazlur Rahmon ochiqchasiga shunday dedi: {Bu qanday tinchlik formati? Qanday qilib G‘azoga tinchlik olib keladi, axir G‘azo urushining asosiy sababchilari Netanyaxu va Tramp bo‘lsa va ularning ikkalasi ham aynan shu jarayonning markaziy shaxslari bo‘lsa?} U, shuningdek, bu kabi muhim qaror haqida na parlament xabardor qilingani, na xalqka tushuntirish berilgani, hatto vazirlar mahkamasi a’zolarining ham bexabar bo‘lganini ta’kidladi.
Siyosiy tahlilchilar ham G‘azo uchun tuzilgan tuzilmada Netanyaxu ishtirok etib, ammo birorta ham falastinlik tomon vakili yo‘qligidan jiddiy tashvishda. Bu holat Isroilni yanada kuchaytirish va Falastin ozodligi yo‘lidagi barcha yo‘llarni bo‘g‘ish degani emasmi? Ayniqsa, Trampning {Agar HAMAS bo‘ysunmasa, uni yer yuzidan yo‘q qilamiz} degan keskin bayonoti fonida, islomiy davlatlar, jumladan Pokiston sukut saqlagan, hatto aynan shu paytda Pokiston a’zolik hujjatini imzolagan.
Bu tahlilchilarga ko‘ra, AQSh va Isroil Falastindagi qarshilik ildizini yo‘q qila olmagach, bu vazifani yangi platforma orqali islomiy davlatlarga yuklamoqchi. Endi ayniqsa pokistonlik kuchlar bu missiyani oldinga surishi mumkin. Eng katta xavotir shundaki, oxir-oqibat HAMAS Pokiston kuchlari bilan yuzma-yuz kelishi va bu hol Pokiston xalqining o‘z armiyasiga nisbatan nafratini yanada kuchaytirishi ehtimoli mavjud.
Pokistonning taniqli siyosiy tahlilchisi Mustafo Navoz Koxkar fikricha, bu tuzilma aslida faqat Isroilni mustahkamlash uchun yaratilgan. Uning maqsadi Isroil va AQShning islom olamidagi ta’sirini kengaytirishdir. U misol qilib shuni keltiradiki, agar bu tuzilmaning vazifasi butun dunyoda tinchlik o‘rnatish bo‘lsa, ertaga AQSh {tinchlik} bahonasi bilan o‘zining va Isroilning umumiy dushmani bo‘lgan Eronga qarshi yurish qilishi, kuch kiritishi, mavjud tuzumni ag‘darishi va xohlaganini amalga oshirishi mumkin. Biroq bu ishlarning barchasida Pokiston va boshqa islomiy davlatlardan foydalaniladi, ular esa qarshi chiqishga qodir bo‘lmaydi.
Koxkarning bu fikri shundan dalolat beradiki, Pokiston vakillari a’zolik marosimida bir necha bor Pokiston hozirgacha AQSh manfaatlarini himoya qilib kelgani va har doim unga sodiq bo‘lganini ochiq tan olishgan. Holbuki, Pokiston o‘z milliy manfaatlarini ko‘zlashi kerak edi, ammo u uchun AQShni rozi qilish ustuvorroq bo‘lib qolgan bu hatto Isroilni tan olish, uning maqsadlariga xizmat qilish, bir islomiy davlatni ezish yoki o‘z xalqining vahshiyona va adolatsiz qirg‘iniga ko‘z yumish bo‘lsa ham. Bu yondashuv amalda ko‘p bora isbotlangan.
Shu sababli kuzatuvchilar Pokistonning ushbu jarayonga qo‘shilishi Isroilni kuchaytirib, Pokistonning o‘z mavqeiga jiddiy zarar yetkazishi va uni asta-sekin tanazzul sari yetaklashidan ogohlantirmoqda.














