Junaid Zohid
Aslida, o‘tgan davrlar va asrlar davomida tarix sahifalarida ko‘plab guruhlar va yirik kuchlar paydo bo‘lib, ma’lum bir vaqt davomida hokimiyat jilovini o‘z qo‘liga olganini ko‘rishimiz mumkin.
Bu jarayonda ayrim shaxslar shoshma-shosharlik bilan, ushbu fikr va harakat tug‘ilgan muhitni inobatga olmasdan, qalamga qo‘l urib, aslida ilmiy tadqiqot darajasiga loyiq bo‘lmagan matnlarni yozganlar va bu holat oxir-oqibat identitet va ilmiy inqirozga aylangan.
Boshqa tomondan esa, ayrimlar sukutni tanlab, ushbu davr tarixini jim va e’tiborsiz qoldirganlar. Bunday sharoitda har bir musulmon va qalam ahlining vazifasi shuki, mavjud holatni to‘g‘ri tahlil qilib, o‘sha davrning real haqiqatlari asosida uni o‘rganishi va baholashi lozim.
ISHID mafkurasi ham muayyan bir davrda niqobini yechib, o‘zining mavjudligini e’lon qilganida, ko‘plab yozuvchi va tahlilchilar hayratda qolib, bu hodisa haqida fikr bildirishga nima deyishni ham bilmay qolgan edilar.
Chunki uning paydo bo‘lishi va tezkor ravishda kuchayishi shu qadar tez kechganki, bu holat barchani ajablantirdi. Aslida, yoshlar orasida bu harakatning qo‘llab-quvvatlanishiga sabab bo‘lgan omillardan biri ham aynan uning shiddat bilan yuksalishi edi.
Biz olib borgan tahlillar va mualliflarning yozuvlariga tahliliy nazar tashlar ekanmiz, ushbu harakat aslida imperialistik tafakkur bilan siyosat va iqtisod maydoniga qadam qo‘yganini angladik. Uning ichki tuzilmasida hududlarni egallash va iqtisod hamda yerlarni {so‘rib olish} g‘oyasi chuqur singdirilgan edi.
Shu bois, agar bu harakatga tahlil va tadqiq nuqtayi nazaridan qaramoqchi bo‘lsak, uning ko‘tarilish omillari, qulash sabablari hamda zo‘ravonlik va keskinlikka asoslangan jihatlarini chuqur o‘rganishimiz zarur. Shundagina bu fikr qanday qilib bir jarayonga aylangani, qisqa vaqt ichida qanday qilib hududlarni egallab olgani va nima sababdan bu jilovsiz {imperiya} mag‘lubiyatga uchrab, taslim bo‘lganini tushunish mumkin bo‘ladi.
Keyingi mavzularda ushbu harakatdagi radikalizm omillariga to‘xtalamiz va bu omillarni tahlil qilish orqali ushbu mafkuraning asl mohiyatiga ham e’tibor qaratamiz.
Ushbu harakatni zo‘ravonlik va keskinlikka olib kelgan omillarni o‘rganar ekanmiz, shuni unutmasligimiz kerakki, har bir oqibatning albatta o‘z sababi mavjud. Faqat sodir bo‘lgan hodisani ko‘rish bilan cheklanib qolmasdan, uni yuzaga keltirgan omillarni ham sinchiklab va har tomonlama tahlil qilish lozim.
Aslida, radikalizm va zo‘ravonlik insoniyatga xos bo‘lgan global hodisa bo‘lib, u muayyan din, mafkura yoki millatga xos emas.
ISHID yoki unga o‘xshash harakatlarning zo‘ravonlikni o‘zlarining diniy talqinlariga bog‘lashlari esa, ularning din ta’limotlarini johilona va noto‘g‘ri tushunishidan kelib chiqadi.
Agar ushbu qora ichki tuzilishga ega harakatdagi radikalizm omillarini o‘rganmoqchi bo‘lsak, ularni ikki darajada individual va guruhiy darajada tahlil qilishimiz zarur:
- Ichki omillar ya’ni al-omil az-zotiyya, masalan: mutaassiblik va dogmatizm (tor fikrlilik).
- Asosiy tashqi omillar ya’ni al-omil al-mavzu’iyya, masalan: zulm va zo‘ravonlikning mavjudligi.
Ushbu omillar boshqa radikal va zo‘ravonlikka asoslangan sabablarning paydo bo‘lishi uchun yo‘l ochadi. Ya’ni, qachonki bu omillar biror guruh yoki harakat ichida mavjud bo‘lsa, boshqa salbiy omillarning kirib kelishi osonlashadi va ular uchun qulay sharoit yaratiladi.
