Hijoz Tamim
Besdan bir (xums) g‘animatlar:
ISHID guruhining muhim moliyaviy manbalaridan yana biri g‘animatlardan olinadigan xums hissasidir. Hanafiya fiqhiga ko‘ra, g‘animat musulmonlar urush orqali qo‘lga kiritgan mol-mulk, jihozlar yoki boyliklarga aytiladi. Biroq bu urushlar shariat asosida va shar’iy yetakchilik ostida olib borilgan bo‘lishi kerak. Albatta, ISHID haqiqiy islomdan yiroq, ifrotchi va razvedka xizmatlari tomonidan islom nomi bilan yaratilgan loyiha bo‘lib, islomni yomon ko‘rsatishga xizmat qilgan. Shunga qaramay, bu guruhga bay’at qilganlar va uni yetakchi deb tan olganlar, o‘z g‘animatlarining besdan bir qismini (ya’ni xumsni) ISHID ga topshirishgan.
Foreign Affairs jurnalining xabariga ko‘ra, ISHID jangchilar qo‘lga kiritgan har qanday mol-mulkni qurollar, qimmatbaho buyumlar, hatto insonlarni ham xumsga kiritgan va 20 foizini o‘z xazinasiga o‘tkazgan. Ular bu ishni Qur’oni Karimning Anfal surasi, 41-oyatiga tayangan holda asoslashga uringanlar.
ISHID nazarida xums olinadigan narsalar:
Brookings Institution hisobotiga ko‘ra, ISHID quyidagi manbalardan xums olgan:
- Naqd pul: Bank hisoblari, davlat idoralari va xususiy uylardan talon-toroj qilingan naqd mablag‘lar.
- Qurol-yarog‘: Harbiylar va politsiyachilardan tortib olingan qurollar va o‘q-dorilar.
- Avtotransport vositalari: Egallab olingan barcha vositalar qiymatiga qarab baholangan.
- Tijorat va mol-mulk: ISHID nazarida murtadlarga tegishli do‘konlar, omborlar va bizneslar.
- Erkak va ayollar: Ba’zida insonlar ham g‘animat hisobida asir olinib, xumsga tortilgan.
ISHID shariat niqobi ostida bu xums tizimini siyosiy va iqtisodiy qurol sifatida ishlatgan: o‘z urush mashinasini moliyalashtirish, o‘zini shar’iy hukumat sifatida ko‘rsatish va yangi a’zolarni jalb qilish uchun.
Ayniqsa, zarurat tug‘ilganda, xums boshqa sohalardan ham undirilgan va rad etganlardan zo‘rlik bilan tortib olingan.
Masalan, 2013-yilda Suriya, Deyr al-Zur viloyatining «as-Salihiyya» hududida yetti ayol qadimiy buyumlar solingan xazina topgan. ISHID qo‘mondonlaridan biri — Abulays, uning qiymatini 70 ming dollar deb baholab, undan 20 foiz xums talab qilgan. Ayollar bunga rozi bo‘lmagach, Abulays bu ulushni kuch bilan tortib olishga harakat qilgan.
Xumsdan foydalanish sohalari:
Foreign Affairs, Brookings va Chatham House manbalariga ko‘ra, ISHID xumsdan tushgan daromadni quyidagi yo‘nalishlarga sarflagan:
- Urushni moliyalashtirish:
Qurol, o‘q-dori, portlovchi moddalar, harbiy asbob-uskuna sotib olish.
Jangchilarga transport va xavfsizlik ta’minoti.
- Jangchilarga maosh to‘lash:
Har bir jangchiga oyiga o‘rtacha 300–400 dollar berilgan.
Urushda nogiron bo‘lganlarga va shahidlar oilalariga qo‘shimcha yordamlar.
- Targ‘ibot faoliyatlari:
Video ishlab chiqarish, jurnal chop etish, internet kampaniyalari.
Soxtalashtirilgan islomiy imijni targ‘ib qilish.
- Ma’muriy xarajatlar:
Ichki tizimlar — soliq, politsiya, razvedka tizimlarini moliyalashtirish.
Binolar, markazlar va “davlat” muassasalarini ta’minlash.
- Diniy politsiya va sudlar:
Hisbah (shariat politsiyasi)ni moliyalashtirish.
Qozilar, muftiyslar va sud xodimlari uchun xarajatlar.
- Ijtimoiy xizmatlar:
Oziq-ovqat tarqatish, sog‘liqni saqlash, yetimlarga qarash.
Bu xizmatlar targ‘ibot vositasi sifatida ishlatilgan.
- Yo‘llarni ta’mirlash va infratuzilma:
Yo‘llarni tozalash, ta’mirlash, nazoratdagi hududlarda elektr va suv ta’minoti.
- Josuslik va xavfsizlik tizimi:
*Mahalliy josuslar, xabar etkazuvchilar va razvedka tarmoqlarini moliyalashtirish.
- Ta’lim va diniy maktablar:
O‘z nazoratidagi maktablarda ifrotiy mafkurani targ‘ib qilish.
- Asirlarni saqlash va savdosi:
Qamoqxonalarni yuritish va garovga olinganlardan pul undirish.
Xumsning ta’sirlari:
ISHID tomonidan xums olinishi quyidagi muhim ta’sirlarni ko‘rsatgan:
- Moliyaviy mustaqillik va barqaror daromad:
Bu tizim ISHID ga doimiy va ishonchli daromad manbai yaratgan.
- Ma’muriy tizim asoslari:
ISHID xums boshqaruvi uchun «Diwan al-Ghanaim » yoki » Diwan al-Mal» kabi idoralarni yaratgan. Bu tartib, ularning o‘zini «davlat» sifatida ko‘rsatishiga yordam bergan.
- Jangchilarni rag‘batlantirish:
Ular jangchilarga: «Faqat 1/5 g‘animat davlatga, qolgan esa sizningdir» deb va’da berishgan. Bu ko‘plab kambag‘al, ishsiz yoki radikallashgan odamlarni jalb qilgan.
- Targ‘ibot vositasi:
Bu ishni shar’iy hukm sifatida targ‘ib qilib, o‘zlarini «islomiy xalifalik» sifatida ko‘rsatganlar. Qur’on asosida ish yuritayotganlarini iddao qilishgan.
- Bosqin va o‘g‘irlikni shar’iylashtirish:
Xums niqobi ostida har qanday mol-mulkni musodara qilib, o‘zini haqli deb bilgan. Bu holat hududlar iqtisodini barbod qilgan, odamlarni qo‘rqitgan va ularning mol-mulkini talon-toroj qilgan.
- Jahon sanksiyalariga qarshi turish:
Xums asosan naqd yoki modda shaklida yig‘ilganligi sababli, xalqaro moliyaviy sanksiyalar unga uncha ta’sir qilmagan. Shu sababli, ISHID ning moliyaviy tizimi nisbatan mustaqil bo‘lgan.