Hasson Mujohid
Islomiy Amirlik va Rossiya o‘rtasida imzolangan kelishuv yaqin kelajakda Afg‘onistonni yanada qudratli qilishga, harbiy hamda texnik sohalarda keng imkoniyat va yutuqlardan foydalanish uchun zamin yaratishga xizmat qilishi mumkin. Islomiy Amirlik bir necha bor xalqaro hamjamiyatni ishontirgan-ki, Afg‘oniston hududidan hech bir davlatga qarshi foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bois, agar Pokiston rejimi Rossiya va Afg‘oniston o‘rtasidagi kelishuvdan xavotir bildirayotgan va uni o‘zi uchun tahdid deb hisoblayotgan bo‘lsa, bu xavotir, ehtimol, o‘tmishda Afg‘oniston havo hududi va chegaralarini buzganligi hamda hanuz ushbu mamlakatga nisbatan samimiy va tinch niyatlarni ko‘zlamayotganidan kelib chiqayotgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ular Islomiy Amirlikning Rossiya kabi yirik va qudratli davlat bilan yaqin hamda mustahkam aloqalar o‘rnatishini ham qabul qila olmaydilar, chunki bunday munosabatlarni o‘z siyosiy mavqei va manfaatlariga jiddiy zarba deb biladilar.
Afg‘oniston hukumati mamlakat xavfsizligi, barqarorligi va mudofaasini ta’minlash uchun o‘z salohiyatini mustahkamlashga hamda har qanday ehtimoliy tahdidga qarshi zarur tayyorgarlik ko‘rishga qonuniy haqqa ega. Islomiy Amirlik ham shar’iy tamoyillar, milliy manfaatlar va muvozanatli tashqi siyosat asosida barcha davlatlar bilan o‘zaro hurmat va manfaatlarga asoslangan munosabatlar o‘rnatishni istaydi. Bu munosabatlar Rossiya bilan bo‘ladimi, Xitoy bilan bo‘ladimi yoki dunyoning boshqa mamlakatlari bilan bo‘ladimi — farqi yo‘q.
Rossiya bilan aloqalarning kengayishidagi muhim omillardan biri shundaki, mazkur davlat bugungi Afg‘oniston hukumatiga nisbatan sezilarli darajada ishonch hosil qilgan. Avvallari Rossiya narkotik moddalar kontrabandasi, xavfsizlik muammolari va “Daish” guruhi faoliyati yuzasidan jiddiy xavotirlarga ega edi. Biroq Islomiy Amirlik mavjud imkoniyat va salohiyat doirasida ushbu muammolarni jilovlash va bartaraf etish uchun amaliy choralarni amalga oshirdi. Natijada ikki tomon o‘rtasidagi o‘zaro ishonch ortib, munosabatlar avvalgidan ham mustahkamroq tus oldi.
Ba’zi muxolif doiralar Islomiy Amirlikni tanqid qilib, Tolibon avvalgi hukumatlarning Rossiya bilan aloqalarini qoralaganini va ularni Islom nuqtai nazaridan noto‘g‘ri deb hisoblaganini eslatadilar. Ularning savoli shuki: nega bugun o‘zlari Rossiya bilan aloqalar o‘rnatmoqda? Bu e’tirozga javoban aytish mumkinki, avvalgi hukumatlarning Rossiya bilan aloqalari chet el aralashuvlarini kuchaytirish va Afg‘oniston musulmon xalqining manfaatlariga zid yo‘nalishda bo‘lgan edi. Hozirgi Islomiy Amirlikning Rossiya bilan munosabatlari esa milliy manfaatlarni ta’minlash, iqtisodiy taraqqiyotni rivojlantirish, xavfsizlik barqarorligini mustahkamlash va Afg‘oniston hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Islom nuqtai nazaridan g‘ayrimusulmon davlatlar bilan aloqalar o‘rnatish
Bugungi kunda Islomiy Amirlik o‘z tizimini yanada mustahkamlash, qudratli qilish va har qanday urush yoki ehtimoliy tahdidlarga qarshi tayyor holda saqlashga jiddiy ehtiyoj sezmoqda.
Bir tomondan, bunday hamkorliklarga ehtiyoj va maslahat mavjud bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Afg‘oniston bilan Rossiya o‘rtasida muayyan darajada ishonch va o‘zaro tushunish shakllangan. Bu ikki omil g‘ayrimusulmonlardan yordam olishning joizligi haqida ko‘plab islom faqihlari ta’kidlagan shartlar jumlasidandir.
Ulamolar bu masalada dalil sifatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hunayn kuni Safvon ibn Umayyadan yordam olganlarini keltiradilar. O‘sha paytda u hali mushrik edi. Shuningdek, Makka fath etilgan yili Xuzoa qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bir safda Qurayshga qarshi turgan, holbuki qabila a’zolarining ko‘pchiligi ham mushrik bo‘lgan.
Bu masalaning joizligiga dalillardan yana biri shuki, Quzmon Uhud jangida sahobalar roziyallohu anhum bilan birga jang maydoniga chiqqan, garchi o‘zi mushrik bo‘lsa ham. U mushriklarning bayroq ko‘targan uch kishisini o‘ldirgan. Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
Albatta, Alloh taolo ba’zan bu dinni fojir bir kishi orqali ham qo‘llab-quvvatlaydi, deb marhamat qilganlar.
Siyrat ulamolari ushbu rivoyat va uning mazmunini naql qilib, tasdiqlaganlar.
