IShID qanday moliyalashtiradi! XII qism

Hijoz Tamim

Inson savdosi bo‘yicha global daromad (1)

Inson savdosi  yigirmanchi asrning murakkab va daromadli noqonuniy jinoyatlaridan biri bo‘lib, ko‘plab terrorchi tashkilotlar bundan o‘zlarini moliyalashtirish uchun foydalangan. ISHID inson savdosini o‘zining urushni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va ideologik maqsadlarini amalga oshirish uchun muhim vositaga aylantirgan edi. Bu guruh Iroq, Suriya va o‘z nazoratidagi hududlarda keng qamrovli savdo tarmoqlarini yaratib, qurbonlarni hatto bu hududlardan tashqariga ham olib chiqardi.

BMT Human Rights Watch Interpol FATF va boshqa tashkilotlarning hisobotlariga ko‘ra ISHID 2014–2017-yillar oralig‘ida inson savdosidan millionlab dollar daromad olgan. Guruh ayniqsa ayollar va qizlarni  asosan yezidiylar va boshqa diniy ozchiliklardan bo‘lganlarni  o‘g‘irlab, qul bozorlarida sotardi. Bu bozorlar  ham an’anaviy, ham onlayn  ISHID uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri va katta miqdorda moliyaviy manba’ edi.

Ko‘plab ayollar o‘g‘irlab ketilgandan so‘ng majburan ISHID jangchilariga nikohlab qo‘yilgan; ammo bu nikohlar aslida jinsiy ekspluatatsiya uchun niqob edi. Bu harakatlar nafaqat odamlarni qo‘rqitish va nazorat qilish vositasi bo‘lib xizmat qildi, balki ISHID o‘zining ashaddiy tarafdorlaridan tashqi moliyaviy yordam olish imkoniyatini ham yaratdi. Shuningdek, ISHID bolalardan urushda, josuslikda va targ‘ibotda foydalanardi. Ularni o‘g‘irlab, xudkushlik hujumlari uchun tayyorlab, targ‘ibot kampaniyalarida ishlatardi. Shu yo‘l bilan xorijdagi ekstremistlarning e’tiborini jalb qilib, ulardan mablag‘ olardi.

Inson savdosini kuchaytirish uchun ISHID keng mahalliy va xalqaro tarmoqlar tuzgan bo‘lib, ular uch asosiy bo‘lakdan tashkil topgan edi:

  1. Mahalliy savdogarlar asosan Iroq, Suriya va Turkiyada, ular odamlarni o‘g‘irlash, tashish va ekspluatatsiya qilish uchun mas’ul bo‘lgan;
  2. Xalqaro tarmoqlar Yevropa va Shimoliy Afrikadagi savdo guruhlari orqali odamlarni Yaqin Sharqdan boshqa mamlakatlarga o‘tkazgan;
  3. Onlayn platformalar Telegram, Facebook, WhatsApp va dark web orqali qurbonlarni tanishtirish, sotish va kelishuvlarni muvofiqlashtirish ishlari olib borilgan.

Bundan tashqari, ISHID soxta hujjatlar va noqonuniy migratsiya yo‘llaridan ham foydalanib, qurbonlarni Yevropa va Markaziy Osiyoga olib chiqardi. Bu tizimli va murakkab tarmoq ISHID uchun ulkan moliyaviy manba’ bo‘lgan va BMT hamda terrorizmga qarshi tadqiqot markazlari xabarlariga ko‘ra, ISHID faqat yezidiy ayol va qizlarni sotishdan yiliga 20–40 million dollar daromad olgan.

Neft va qadimiy yodgorliklarni o‘g‘irlashdan keyin, inson savdosi ISHID ning uchinchi eng muhim tashqi moliyaviy manba’si hisoblangan. Bundan tashqari, ayrim hisobotlarda ayollarni jihod nikohi nomi bilan sotish uchun Fors ko‘rfazidan shaxsiy moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham bo‘lgani qayd etilgan. Bu jirkanch faoliyat nafaqat insoniyat uchun katta fojia edi, balki mintaqa va Yevropadagi muhojirlar hamda qochqinlarni ulkan xavf ostida qoldirdi. ISHID ning jismoniy xalifaligi qulagan bo‘lsa ham, bu savdo tarmoqlari hanuz faol, xususan Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyo yo‘llari orqali.

BMT Xavfsizlik Kengashi, Europol va FATF kabi xalqaro tashkilotlar bu illatga qarshi jiddiy choralar ko‘rganlar, jumladan moliyaviy manba’larni to‘sish, onlayn to‘lovlarni nazorat qilish va savdo tarmoqlarini yo‘q qilish. Ammo agar xalqaro hamjamiyat inson savdosining moliyaviy manba’larini jilovlay olmasa, bu yovuz amaliyot boshqa terrorchi guruhlar uchun ham o‘rnak bo‘lib qoladi. Umuman, inson savdosi ISHID ning eng muhim moliyaviy manba’laridan biri bo‘lib, u nafaqat urush xarajatlarini qoplagan, balki odamlarni qo‘rqitish, nafrat tarqatish va nazorat qilish vositasi sifatida ham ishlatilgan. Bu qora hodisa nafaqat iqtisodiy tahdid, balki ulkan insoniy fojia bo‘lib, unga qarshi global kurash va hamkorlik zarurdir.

Exit mobile version