IShID xalifaligi: terrorchilarning hikoyasi! Ikkinchi qism

Ahmad Xurosoniy

Xavorij; tarixiy ildiz va takfiriy tafakkur

Islom tarixining boshida, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafotidan keyin musulmonlarning yangi jamiyati o‘zining yangi shaxsiyatini shakllantirayotgan bir vaqtda, bir guruh paydo bo‘ldi. Bu guruh Islom ummati tarixiy yo‘nalishiga chuqur va vayronkor ta’sir ko‘rsatdi. Ular “Xavorij” nomi bilan tanildi. Bu nomni ular hukmdorga qarshi “chiqish” (xuruj) amaliyotidan olgan edilar. Ular musulmonlarni takfir qilish prinsipini asos solgan va zo‘ravonlikni din nomi bilan oqlagan birinchi guruh bo‘ldilar.

Xavorijlarning paydo bo‘lishi Siffin jangiga borib taqaladi. Ana o‘sha joyda Hazrat Ali karramallohu vajhahu lashkarining bir qismi hakamlikni (da’vriy hukmni) qabul qilinishiga qarshi chiqib, lashkardan ajraldilar va La hukma illa lillah shiorini ko‘tardilar. Bu shior tashqi tomondan muqaddas ko‘rinsa-da, ichki ma’noda davlatni boshqarishda har qanday maslahatni inkor etuvchi fikriy ifratkorlik alomati edi.

Xavorij diniy matnlarga yuzaki, zohirparast va quruq talqin berib, o‘zlarini yagona haqiqiy musulmon deb bilardilar. Kimki ularning aqidalariga muvofiq kelmasa, uni kofir, o‘limga loyiq hisoblar edilar. Ular hatto musulmonlarning to‘rtinchi xalifasi sahobalarning ulug‘i va barcha islomiy mazhablar tomonidan hurmat qilingan Hazrat Ali karramallohu vajhahuni ham takfir qildilar. Oxir-oqibat u zot xuddi shu guruhning bir a’zosi qo‘li bilan shahid qilindi.

Bu voqea Islom tarixida burilish nuqtasi bo‘lib dinning ifrat talqini qanday qilib ummat birligi va mavjudligiga jiddiy tahdidga aylanishini ko‘rsatadi. Xavorijlarning fikriy xususiyatlarini bir necha asosiy nuqtada jamlash mumkin:

1. Ular har qanday katta gunoh qilgan musulmonni kofir deb hisoblaganlar. Bu qarash asl islomiy ta’limotga zid bo‘lib, musulmonlar orasida eng keng takfir eshiklarini ochib berdi.

2. Xavorij nazarida, agar biron hukumat ular fikricha Alloh hukmlariga binoan boshqarilmasa u hukumatning qonuniyligi yo‘q edi hatto bu Hazrat Ali karramallohu vajhahu hukumatlari bo‘lsa ham. Bu qarash diniy anarxiya muhitini tug‘dirib, har bir kichik guruhni qo‘zg‘olonga haqli deb o‘ylashga undadi.

3. Ular o‘z maqsadlariga erishish uchun eng shiddatli zo‘ravonlik amallarini sodir etardilar. Faqat dushmanlargina emas oddiy odamlar, ayollar va bolalar ham ularning tig‘idan omon qolmasdi.

Ammo diqqatga sazovor nuqta shundaki, Islomning ilk davridagi Xavorij bilan zamonaviy takfiriy guruhlar masalan ISHID o‘rtasida o‘xshashliklar mavjud. Har ikkisi diniy matnlarni yuzaki va tafakkursiz talqin qilgan; har ikkisi o‘zlarini Islomning yagona haqiqiy vakillari deb bilgan va boshqalarni kofir hisoblagan. Har ikkisi zo‘ravonlikni nafaqat joiz balki muqaddas deb bilgan va uni o‘z maqsadlariga erishish vositasi deb qaragan. Va natijada har ikkisi Islom ummatiga eng katta zarba beruvchi omillardan biri bo‘lib qolgan.

Xavorij tarixini o‘rganish bizga shuni o‘rgatadiki, vahshiylik tarix davomida turli shakllarda paydo bo‘lib kelgan. Bugungi kunda ISHID va shunga o‘xshash guruhlar ana shu la’natli merosning fikriy merosxo‘rlari hisoblanadi. Bu tarixiy ildizlarni bilish bugungi zo‘ravonliklarning fikriy asoslarini anglashimizga yordam beradi va shuni ko‘rsatadiki, bu hodisaga qarshi kurash faqat harbiy yo‘l bilan emas, balki fikriy va mafkuraviy kurash orqali ham bo‘lishi kerak. Ana shunda biz bu oqimlarning e’tiqodiy asoslarini larzaga keltirib, ularni ichidan yemirib tashlashimiz mumkin.

Exit mobile version