Surosh Niksir
ISHID ommaviy axborot vositalari: tasvirlar va haqiqatlar urushi
ISHID xavorij guruhi o‘z qudratining eng yuqori cho‘qqisida bo‘lgan paytda, nafaqat qurol balki kamera va ijtimoiy tarmoqlardan ham odamlar orasiga qo‘rquv solish va tafriqa yaratish uchun foydalanar edi. Bu ifrotchi guruh 21-asrda urush faqat jang maydonlarida emas balki ekranlar odamlar ongida va qalbida ham olib borilishini yaxshi anglab yetgan edi.
Bu davrda inson tanasi faqatgina o‘q nishoni bo‘lmay balki odamlarning yuragi, aqli va ruhiyati ham ISHIDning vayronkor targ‘ibotlari nishoniga aylangan edi. Ular harbiy hujumlar va qatl etish sahnalarini professional darajada tasvirga olib bir tomondan dushmanlar qalbiga vahm solish, boshqa tomondan esa dunyoning turli nuqtalaridagi ko‘ngli siniq yoshlarga da’vat yetkazish niyatida edilar.
Ammo aynan shu strategiya oxir-oqibat ISHIDning qulashiga sabab bo‘luvchi omillardan biriga aylandi. Chunki jahon OAVlari va qarshilik harakatlari ISHIDning yolg‘on targ‘ibotlariga bejavob qolmaydigan darajada kuchli edi. OAVlar tomonidan berilgan javoblar ISHID targ‘ibotlarining teskarisiga ishlashiga va uning yo‘q bo‘lishiga zamin yaratdi.
Dastlab, ISHID axborot urushida g‘olib ko‘ringan edi. Twitter, YouTube va Telegram kabi platformalardan foydalanib o‘z xabarlarini butun dunyoga yoyar edi. Ularning videolari yuqori sifatda bo‘lib, ba’zida Gollivud mahsulotlariga o‘xshardi. Biroq bu yolg‘on tasvirlar ISHID hukmronligi ostidagi og‘ir hayot haqiqatlari bilan tezda to‘qnash keldi.
Mosul va Raqa kabi shaharlardan tarqalgan xabarlar ISHIDning vahshiyligi va jinoyatlarini ochib berdi. Ular islomiy jannat deb atagan hudud aslida dahshat, ocharchilik va umidsizlikka to‘la jahannam ekanini ko‘rsatdi. Mustaqil OAVlar va jasur jurnalistlar tomonidan chop etilgan suratlar vahshiy qatl sahnalari va tinch aholining azob-uqubatlari ISHID haqidagi afsona va xayollarni butkul yo‘qqa chiqardi.
Ushbu axborot urushining eng muhim jihatlaridan biri ISHID rahbarlarining ikkiyuzlamachilik hayoti fosh etilganidir. Ular xalqqa soddalik va qanoat targ‘ib qilgan bo‘lsalar-da o‘zlari hashamatli saroylarda yashab dabdabali ziyofatlar o‘tkazgani va katta boylik jamlagani tasvirlar orqali fosh etildi. Bu zidiyatlar ayniqsa G‘arb davlatlaridagi tarafdorlarining ISHIDdan yuz o‘girishiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar bir vaqtlar ISHID kuch-qudratining asosi bo‘lgan bo‘lsa endi qarshilik va fosh etish maydoniga aylangan edi.
ISHIDning onlayn maydondagi tugatilishi ham harbiy mag‘lubiyati kabi ibratli bo‘ldi. Twitter va YouTube ISHID bilan bog‘liq akkauntlarni bosqichma-bosqich yopdi. Telegram esa dastlab bu guruh uchun xavfsiz boshpana bo‘lsa-da oxir-oqibat ularning kanallarini to‘sib qo‘ydi. Natijada ISHID tushundi: u jahon axborot vositalari davlatlar va internet faollari ittifoqiga qarshi tura olmaydi. Shu tarzda ISHID tasvir va haqiqat urushida yutqazdi chunki haqiqat har doim yolg‘on va xayoliy targ‘ibotdan kuchlidir.
Bu maqoladan olinadigan eng katta saboq shuki axborot asrida hech bir terrorchi guruh haqiqatni abadiy buzib ko‘rsata olmaydi. ISHID bir muddat vahimali tasvirlar bilan dunyoni hayratda qoldirgan bo‘lsa-da, oxir-oqibat mustaqil jurnalistlar, jabrlanuvchilar va erkin OAVlarning ovozi g‘olib chiqdi. Bu g‘alaba shuni ko‘rsatadiki hatto eng zulmatli kunlarda ham haqiqat nuri bulutlar orasidan porlab chiqadi va yolg‘onni fosh qiladi.