ISHID; Xavorijlarning qaytishi! To’rtinchi qism Ahmad Aziz

Eng muhim voqealar va janglar

Islom tarixida xavorijlarning paydo bo‘lishi bir necha achchiq voqealar bilan birga kechgan bo‘lib ular keyingi o‘zgarishlarga chuqur ta’sir ko‘rsatdi. Eng birinchi va muhim voqea – hijriy 37-yilda bo‘lib o‘tgan Siffin jangi edi. Bu jang Hazrat Ali karramallohu vajhahu qo‘shinlari bilan Muoviya roziyallohu anhu qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Jang to‘xtagan vaqtda Qur’on nusxalarini nayzalar ustiga ko‘tarish orqali hakamlik (arbitraj) taklif qilindi. Garchi bu ish qon to‘kilishini tugatish niyati bilan amalga oshirilgan bo‘lsa-da, keyinchalik bu voqea keyinroq xavorij nomi bilan tanilgan bir guruh jangchilar uchun bahona bo‘ldi.

Bu guruh dastlab Haruriyya nomi bilan mashhur bo‘lib, Haruro hududida to‘plandi va hakamlik masalasiga qat’iyan qarshi chiqdi. Ular “لاحکم الا لله” (Hukm faqat Allohgagina xosdir) shiorini ko‘tardilar, insoniy hakamlikni inkor qildilar va bu borada faqat Alloh taologa hukm chiqarish vakolati bor deb hisobladilar. Dinni yuzaki talqin qilishdan kelib chiqqan bu fikr asta-sekin bu guruhning mustaqil bir harakat sifatida shakllanishiga olib keldi.

Ta’sirli voqealardan yana biri hijriy 38-yilda bo‘lib o‘tgan Nahrovon jangi edi. Xavorijlarning soni minglab kishilarga yetib turli hududlarga hujum qilardilar va oddiy musulmonlarga ozor berardilar. Ular musulmonlarni takfir qilar o‘zlarini islomning yagona haqiqiy vakillari deb bilar va hech qanday muxolifatni qabul qilmasdilar.

Hazrat Ali karramallohu vajhahu umumiy xavfsizlikni saqlash va qon to‘kilishini to‘xtatish uchun ular bilan jang qilishga majbur bo‘ldi. Nahrovon jangi xavorijlarning harbiy jihatdan mag‘lubiyati bilan yakunlandi, ammo ularning fikrlari butunlay yo‘q bo‘lib ketmadi. Guruhning qolganlari turli hududlarga tarqalib o‘z e’tiqodlarini targ‘ib qilishni davom ettirdilar.

Bu janglarning muhim oqibatlaridan biri takfir g‘oyasining kuchayishi bo‘ldi. Nahrovondan keyin xavorijlar yanada ko‘proq ifrotkorlik va zo‘ravonlikka berildilar, hattoki mashhur islomiy shaxslarni o‘ldirish uchun ham fitnaga qo‘l urdilar. Hazrat Ali karramallohu vajhahu Abdulrahmon ibn Muljam tomonidan shahid qilinishi bunday zo‘ravonliklarning eng oxirgi misolidir.

Bu voqealar shuni ko‘rsatadiki qandaydir dastlabki kelishmovchilik vaqt o‘tishi bilan qanday qilib keng ko‘lamli inqirozga aylanib ketishi mumkin. Dastlab kichik bir norozilar guruhi bo‘lgan xavorijlar asta-sekin butun islom jamiyatining xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatga aylandilar. Bu tarixiy voqealarni o‘rganish bizga hozirgi zamonda ham shunga o‘xshash hodisalar bilan qanday muomala qilishimiz o‘tgan xatolarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerakligini eslatadi.

Nahrovon jangidan keyin xavorijlar yer osti harakati sifatida faoliyatlarini davom ettirdilar. Ular Ahvaz Kirmon va Siston kabi chekka va chegara hududlarda markazlar barpo etdilar va hujumlarini davom ettirdilar. Bu geografik tarqoqlik oqibatida Azariqa, Najdod va Safriyya kabi turli xavorij bo‘linmalari paydo bo‘ldi. Garchi bu bo‘linmalar o‘z fikr va kurash uslublarida farq qilgan bo‘lsalar-da, ularning barchasi xavorijlarning asosiy tamoyillariga sodiq qoldilar.

Tarix davomida xavorijlar bir necha bor markaziy hokimiyatlarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Eng mashhurlari Basrada Abu Bilol Mirdos ibn Udayya rahbarligida va Ahvazda Nofi‘ ibn Azraq rahbarligida bo‘lib o‘tdi. Har safar bu qo‘zg‘olonlar mag‘lubiyat bilan tugasa-da, xavorijlarning begonalik g‘oyasi butunlay yo‘qolmaganini ko‘rsatdi. Ularning kurashlari asosan shaharlarga kutilmagan hujum qilishga asoslangan edi muntazam urushlarga emas.

Xavorijlarning fikriy merosi butun islom olamida saqlanib qoldi. Din masalasida soddalik, muxoliflarni takfir qilish va hokimlarga qarshi qo‘zg‘olon bu guruhning uchta asosiy xususiyati bo‘lib, dastlabki avlodlardan keyingi avlodlarga o‘tib bordi. Bugungi kunda ham ekstremistik guruhlarning g‘oyalarida bu belgilar ko‘rinmoqda va bir fikr tarix davomida yana qayta tiklanib yangi shakllarda yuzaga chiqishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Exit mobile version