IShIDning psixologik tashviqoti! Ikkinchi qism

Hamza Xurosoniy

Ayollar, bolalar va yoshlarga nishon olish:

(ISHID) DAISh guruhini faqat qurol emas, balki rasm va so‘zlar bilan ham urush qilgan vayronkor targ‘ibot mashinasi deb atash mumkin. Bu guruhning eng xavfli jihatlaridan biri – ayollar, bolalar va yoshlarni tizimli ravishda nishonga olish edi. Aynan shu qatlamlar zo‘ravonlikning davom etishi uchun eng oson vositalarga aylantirilishi mumkin edi.

Bu guruh ijtimoiy va psixologik zaifliklardan foydalanib, bir avlodning ongini shunday yuvdiki, nafaqat o‘zlari zo‘ravonlik qurboniga aylandilar, balki zo‘ravonlikning targ‘ibotchilari va bajaruvchilariga aylandilar. Ayollar an’anaviy ona va himoyachi rolini bajarish o‘rniga «jihod nikohi» timsoliga aylantirildi. Kitob va qalam bilan katta bo‘lishi kerak bo‘lgan bolalar qurol ko‘tardilar. Umidsiz yoshlar esa «muqaddas shaxsiyat» degan aldovga aldanib, o‘ldirish, kontrabanda va talonchilik mashinasiga aylantirildilar. O‘zlarini mazlumlar himoyachisi deb bilgan vahshiylar, aynan o‘sha bechora mazlumlarni o‘ldirdilar yoki zo‘ravonlik va talon yo‘lida vositaga aylantirdilar.

(ISHID) DAIShning yovvoyi a’zolari uchun bolalar nafaqat kelajak askarlari edi, balki vahshiylikni oddiylashtirishning eng yaxshi vositasi deb hisoblanardi. Harbiy kiyimda o‘q otishni mashq qilayotgan bolalar yoki qo‘lida kesilgan bosh bilan turgan kichik o‘g‘il bolalar tasvirlari – bular barchasi rejalashtirilgan psixologik taktikaning bir qismi edi. Bu guruh bu manzaralarni namoyish qilish orqali axloqiy chegaralarni yo‘q qilish va zo‘ravonlikni kundalik o‘yinga aylantirishni istardi.

DAISh(ISHID) nazorati ostidagi maktablarda bolalarga beriladigan ta’lim ilm va adab asosida emas, balki fitna va nafrat qarashlari asosida tashkil etilgan edi. Ular yaxshi bilardiki, agar bolani boshidan ongini shakllantirsalar, kelajakda uni nazorat qilish uchun kuch ishlatishga hojat qolmaydi. U o‘zi ongining qamovchisi bo‘lib qoladi.

Ammo tan olish kerakki, DAISh (ISHID) targ‘ibotida hech kim ayollar kabi ekspluatatsiya qilinmagan. Bir tomondan ularni “xalifalik himoyachilari” sifatida tanishtirgan bo‘lsa, boshqa tomondan ularni jinsiy va targ‘ibot vositasiga aylantirdi. DAISh(ISHID) guruhi hijobli va qurollangan ayollar suratlarini tarqatib, zo‘ravonlikning ayollarga xos ko‘rinishini yaratishga urindi. Go‘yo o‘ldirish va o‘lish faqat erkaklar ishi emas, balki ayollar vazifasi ham edi.

Ba’zida (ISHID) DAIShga qo‘shilgan g‘arb ayollari ommaviy axborot vositalarining e’tiborini jalb qilish uchun vosita sifatida foydalanilgan. Ularning OAVdagi ishtiroki ham qiziqishni uyg‘otar, ham dahshatni oddiylashtirar edi. Ammo aslida bu ayollar yoki jinsiy quldorchilikka tushar, yoki eng yaxshi holatda, “xalifalik askarlari” uchun nasl yetishtiruvchi mashina sifatida qaralardi.

Lekin inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat shuki, yoshlar DAIShning eng asosiy nishoni edi. Bu guruh adashgan yoshni xuddi xom ashyo kabi xohlagan shaklga solish mumkinligini juda yaxshi bilardi. “Tegishlilik hissi”dan hayot mazmunigacha bo‘lgan bo‘sh va’dalar bilan ularni tuzoqqa tushirar edi. Yevropa va arab yoshlari uchun olib borilgan targ‘ibot shakllari farq qilar edi, ammo maqsad bir edi: Yevropaning kambag‘al hududlaridan kelgan yigitga jihodirqchilik va shaxsiyatsizlikdan qochish yo‘li sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, arab yoshiga bu fasodli rejimlarga qarshi inqilobiy harakat sifatida tanishtirilgan. Ammo har ikki holatda natija bitta edi: O‘lim videolarida nomi va yuzi yo‘q bir odamga aylanish. Na shaxsiyat, na kelajak. Ularning yagona xotirasi sodir etgan jinoyatlari bo‘ldi.

Garchi(ISHID) DAIShning qulashidan so‘ng bu guruhning targ‘ibot tizimi og‘ir zarba olgan bo‘lsa-da, u nishonga olingan jamiyatlarda chuqur yaralar qoldirdi. Nafrat muhitida ulg‘aygan bolalar, o‘zligini yo‘qotgan ayollar va umri behuda xayol bilan o‘tgan yoshlar bugun ulkan muammoga duch kelmoqda: Qanday qilib bolaligidan boshqani o‘ldir deb o‘rgatilgan odamni oddiy hayotga qaytarish mumkin? Bu savolga javob jang maydonida emas, balki ta’lim, psixologik davolash va ijtimoiy tiklanish yo‘lidadir. DAISh yo‘q bo‘ldi lekin uning fikriy farzandlari hanuz kutmoqda  va hanuz “xalifalik” xayolini oz-ko‘p yuragida saqlab turibdi.

Exit mobile version