Islom tuzumining xususiyatlari! Oltinchi qism

Ahmad Rashed Al Zarqa

Shu paytgacha biz Islomiy Nizomning sakkizta xususiyatini o‘rgandik. Qolgan xususiyatlar quyidagicha:

9 – Islomiy nizom – axloqiy tizimdir

Islomiy nizom deganda ko‘plab odamlarning xayoliga darhol qonunlar, jazolar va fiqhiy hukmlar keladi. Ammo haqiqat shuki, Islomiy nizom avvalo axloqiy tizimdir. Bu tizim insonning zohir va botinini isloh qilish poydevorini o‘z zimmasiga oladi.

Axloq ta’rifi

Axloq – xulq so‘zining ko‘pligi bo‘lib, lug‘atda tabi’at va xislati anglatadi. Ulamolar istilohda uni quyidagicha ta’riflashgan:

هَیئَةٌ لِلنَّفسِ راسِخَةٌ، تَصدُرُ عَنها الأفعالُ بِسُهُولَةٍ وَيُسرٍ، مِن غَيرِ حاجَةٍ إِلَى فِكرٍ وَرُويَةٍ

Tarjima: Axloq – bu inson nafsida barqaror va ildiz otgan holat bo‘lib, unga asoslangan amallar osonlik bilan va fikr yuritish, tafakkurga ehtiyoj sezmasdan sodir bo‘ladi.

Agar bu holat shunday bo‘lsaki, u orqali sodir bo‘ladigan amallar shariat va aql nuqtai nazaridan yaxshi va ma’qul bo‘lsa, unga husn al-xulq – yaxshi axloq deyiladi. Agar aksincha, undan yomon amallar yuzaga chiqsa, su’ al-xulq – yomon axloq deb ataladi.

Boshqa so‘z bilan aytganda, axloq – bu inson nafsida mustahkam ildiz otgan sifatlar majmuasidir. Shaxs shu asosda bir ishni yaxshi yoki yomon deb hisoblaydi, so‘ng uni qiladi yoki undan tiyiladi. Inson biror ishni qilish yoki tark etishdan oldin uni o‘lchab ko‘radi va baholaydi; bu baholash to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning nafsidagi axloqiy mezonga bog‘liq.

Har bir inson yaxshilik va yomonlikni ajrata bilishga mas’uldir, va bu baholash uning ajralmas xulqiga aylanishi kerak; xuddi oq yoki qora rang inson tanasining ajralmas sifati bo‘lgani kabi.

Islomda axloqning o‘rni

Aql va sog‘lom fitrat har ikkisi ham yaxshi axloqqa yuqori maqom beradi. Bu tan olingan haqiqatdir. Chunki Islom – fitriy din bo‘lib, shuning uchun axloqqa juda katta ahamiyat beradi.

Qur’oni karim Payg‘ambarimiz ﷺ sifati orasida eng yuksak martabani axloqqa bergan va shunday degan:

وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٍ

Tarjima: Albatta sen (ey Muhammad ﷺ) buyuk axloq ustidadirsan. (Qalam: 4)

Yana boshqa joyda aytadi:

إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَى

Tarjima: Albatta Alloh adolat, yaxshilik va qarindoshlarga ehson qilishga buyuradi… (Nahl: 90)

Imom Molik rahmatullohi alayh Muvatto asarida rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar:

إِنَّمَا بُعِثْتُ لِأُتَمِّمَ مَكَارِمَ الأَخْلَاقِ

Tarjima: Men faqatgina yuksak axloqni to‘ldirish uchun yuborildim.

Shuningdek, Imom Ibn Qayyim rahmatullohi alayh aytganlar:

الدِّينُ كُلُّهُ خُلُقٌ، فَمَنْ زَادَ عَلَيْكَ فِي الخُلُقِ، فَقَدْ زَادَ عَلَيْكَ فِي الدِّينِ

Tarjima: Din – to‘lig‘icha axloqdir; kimki axloqda sendan ustun bo‘lsa, dinda ham sendan ustundir.

Exit mobile version