Muborak Ramazon oyi o‘zining butun ulug‘ligi va shukuhi bilan boshqa oylardan ajralib turadigan o‘ziga xos xususiyatga ega. Bu xususiyat shundaki, aynan shu oyda ulug‘ Qur’on nozil qilingan. Alloh taolo O‘zining muqaddas Kitobida shunday marhamat qiladi:
Ya’ni: Ramazon oyi unda Qur’on nozil qilingan oydir. U insonlar uchun hidoyat, to‘g‘ri yo‘lning ravshan dalillari va haq bilan botilni ajratuvchi kitobdir.
Ramazon oyi bilan Qur’on o‘rtasidagi bu chuqur bog‘liqlik ilohiy hikmatni o‘z ichiga oladi. Ro‘za inson qalbini sayqallaydi, ruhini ilohiy nurni qabul qilishga tayyorlaydi. Bu oyda gunohlarning zanglari qalblardan artiladi va Alloh taoloning kalomi bilan yaqinlik hosil qilish muhiti yaratiladi. Shu bois Ramazon – Qur’on oyi deb ataladi. Bu oyda mo‘minlarning qalblari Qur’on tilovati bilan xushbo‘y bo‘ladi, farishtalar esa ilohiy oyatlar sadosini osmonlarga olib chiqadilar.
Bu oy haqida ishlatilgan eng go‘zal iboralardan biri Rablul-Qur’on, ya’ni Qur’onning bahoridir. Har narsaning bir bahori bo‘lganidek, Qur’onning bahori ham muborak Ramazon oyidir. Qandayki bahorda yer tirilib, gullar ochilsa, Ramazon oyida ham Qur’on mo‘minlar qalbiga yangi ruh bag‘ishlaydi va iymon gullari ularning vujudida ochiladi.
Bu ulug‘lik va shukuhlarning siri shundaki, Ramazon qurb oyi, ya’ni yaqinlik oyidir. Bu oyda Alloh taolo O‘zini bandalarining amallariga eng yaqin va eng ogoh Zot sifatida tanitadi. Bu ilohiy mehmondorchilikning o‘ziga xos jilvasi Baqara surasining 186-oyatida namoyon bo‘ladi. Diqqatga sazovorki, ro‘za hukmlaridan so‘ng (Baqara: 183–185) Alloh taolo mehr va latofat bilan yaqinlik xabarini beradi:
Ya’ni: Bandalarim sendan Men haqimda so‘rasalar, ayt: albatta Men yaqinman. Duo qiluvchi Meni chaqirganida uning duosini ijobat qilaman.
Oyatlardagi bu tartib chuqur ma’noga ega. Go‘yo ro‘za hukmi bayon qilingach, mo‘min qalbida shunday savol tug‘iladi: bu yo‘lning past-balandlarida bizni eshitadigan Zot bormi? Alloh taolo darhol javob beradi: Men nafaqat eshitaman, balki yaqinman va ijobat qilaman. Mana bu Mezbonning mehmonlariga bo‘lgan alohida yaqinligidir.
Ma’lumki, Ramazon kirib kelishi bilan masjidlar to‘ladi, Qur’on tilovati ko‘payadi va jamiyat muhitida o‘ziga xos ma’naviyat hukm suradi.
Doimo yodda tutishimiz kerakki, bu oyga bo‘lgan munosabatimiz undan oladigan natijamizni belgilaydi. Bu ikki qarash o‘rtasidagi farq faqat zohirda turish bilan ma’noga chuqur kirib borish o‘rtasidagi farqdir. Ramazonda nafsni poklash Qur’on bilan unsiz va yaqinliksiz kamolga yetmaydi. Qur’on – qalblarning shifosi, ruhiy kasalliklarning davosidir.
Keling, bu muborak oyda Qur’on bilan bog‘liqligimizni mustahkamlaylik, oyatlari ustida tafakkur qilaylik va ushbu shifobaxsh nusxadan ruhlarimizni poklash yo‘lida foydalanaylik.