Nu‘mon Sa‘id
Alhamdulillah, Rasululloh ﷺ ga, u zotning ahli baytlari va sahobalariga salotu salomlar bo‘lsin. Ammo ba‘d:
Xavorijlarning o‘tmish va bugungi tarixiga nazar tashlansa, ajablanarli bir haqiqat ochiladi: ular hech qachon kofir yoki mushriklar yurtini fath etib, u yerda Islom hukmini o‘rnatmaganlar. Hech qaysi davrda xavorijlar sababli biror kofir jamiyat Islomni qabul qilganini ko‘rmaymiz.
Aksincha, tarix shohidki, xavorijlar eng qudratli bo‘lgan paytlarida ham sof kofirlar va mushriklarga qarshi jiddiy jihod olib bormaganlar. Ularning butun faoliyati har zamon va har makonda bitta yo‘nalishga qaratilgan: Islomni himoya qilayotgan yoki ularning takfiriy mafkurasiga bo‘ysunmagan musulmonlarga qarshi chiqish. Ular musulmonlarni o‘ldirish, mol-mulkini talash va jamiyatni vayron qilishdan hech qachon tortinmaganlar.
Ushbu maqolada avvalo o‘tmishdagi va hozirgi xavorijlar o‘rtasidagi fikriy, aqidaviy va maqsad birligi qisqacha tahlil qilinadi. So‘ng hadislar va salaf ulamolari so‘zlari asosida muhim savolga javob beriladi:
nega xavorijlarning asosiy nishoni kofirlar emas, balki musulmonlardir?
O‘tmish va bugungi xavorijlarning mushtarak belgiları
Birinchidan kuch va imkoniyat:
Bugungi xavorijlar ham qurol, mablag‘ va tashkiliy salohiyatga ega. Ammo bu kuch hech qachon kofirlarga qarshi sarflanmaydi; u doimo musulmonlarga qarshi yo‘naltiriladi.
Ikkinchidan musulmonlarni o‘ldirishni halol sanash:
Xavorijlar buzilgan ta’vil va nafsiy talqinlarga tayangan holda, o‘z fikrini qabul qilmagan har bir musulmonni dindan chiqdi deb hisoblaydi. Kecha qanday bo‘lgan bo‘lsa, bugun ham shunday: musulmonlar nishonda, kofirlar esa xotirjam.
Uchinchidan kofirlarga nisbatan sustlik:
Xavorijlar tarixan mushrik va kofirlarga qarshi zaif bo‘lgan. Bugun ham ularning bu yo‘nalishdagi harakatlari tasodifiy va ko‘pincha tashqi loyihalar doirasidan chiqmaydi. Asosiy e’tibor esa islomiy jamiyat ichida fitna qo‘zg‘atishga qaratilgan.
To‘rtinchidan ixtiloflardan foydalanish:
Xavorijlar har doim musulmonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni o‘zlari uchun qulay fursat deb bilganlar. Fitna, qo‘rquv va vahshiylik ularning doimiy qurolidir.
Beshinchidan buzilgan diniy tushuncha:
Ular Qur’on va Sunnatni salaf tushunganidek anglamaydilar. Balki haddan oshgan, noto‘g‘ri va nafsga bo‘ysungan talqinlar orqali odamlar ustidan hukm chiqaradilar.
Ulamolar ta’kidlaydilarki, xavorijlarning mushriklarni tark etib, musulmonlarni o‘ldirishi Rasululloh ﷺ nubuvvatining ochiq dalillaridan biridir. Chunki Payg‘ambar ﷺ aniq bashorat qilganlar:
«Ular Islom ahlini o‘ldiradilar va butparastlarni tark etadilar»
(Buxoriy va Muslim)
Bu bashorat tarix davomida so‘zma-so‘z ro‘yobga chiqqan. Qurtubiy, Ibn Hajar, Ibn Hazm, Imom Ahmad, Shotibiy va Ibn Taymiyya kabi buyuk ulamolar bu haqiqatni ochiq bayon qilganlar:
xavorijlarning dushmani musulmon, do‘sti esa kofirdir.













