Qurbon hayiti; ilohiy taqvo taslimiyat va fidoyilik maktabi!

Ehson

Qurbon hayiti Islomning eng buyuk va ulug‘ shiorlaridan biridir. Bu shunday bir hayitki, unda bandalik, ixlos, fidoyilik va Alloh taoloning amriga taslim bo‘lish ruhi eng go‘zal shaklda namoyon bo‘ladi. Bu muborak kun faqatgina bir ibodat munosabati yoki ijtimoiy odat emas, balki tavhid tarixidagi eng buyuk sinovlardan birining abadiy yodgorligidir. Ushbu sinovda Hazrati Ibrohim alayhissalom va aziz o‘g‘illari Hazrati Ismoil alayhissalom Alloh taolo jalla jaloluhuning amriga itoat va taslimiyatning eng oliy namunasini ko‘rsatdilar. Shu sababli Islomda qurbonlik faqat bir hayvonni so‘yish emas, balki nafs istaklarini qurbon qilish, dunyoviy bog‘liqliklardan xalos bo‘lish hamda Alloh taologa yaqinlashish vositasi hamdir.

Alloh subhanahu va taolo Qur’oni karimda qurbonlikni ilohiy shiorlardan deb zikr qilib, Allohning shiorlarini ulug‘lash qalblardagi taqvodan ekanini bayon qilgan. Bu ifoda qurbonlikning yuksak ma’naviy maqomga ega ekanini va u faqat tashqi hamda marosimiy amal emasligini ko‘rsatadi. Aslida qurbonlikning qadri insonning pok niyati, ixlosi va bandalik ruhiga bog‘liqdir. Islom musulmonga Qurbon hayiti kunida shuni o‘rgatadiki, qanday qilib Alloh taolo yo‘lida bir hayvonni qurbon qilsa, xuddi shunday kibr, xudbinlik, hirs, baxillik va gunohlarni ham qurbon qilishi kerak, toki ruhi poklanib, Parvardigoriga yaqinlashsin.

Qurbonlikning ildizi va asosiy falsafasi Hazrati Ibrohim alayhissalomning tarixiy va taqdiriy voqeasiga borib taqaladi. U zot butun umrlarini tavhidga da’vat va shirkka qarshi kurash yo‘lida o‘tkazgan buyuk payg‘ambar edilar va ko‘p bor ilohiy sinovlarda imtihon qilindilar. Ammo eng buyuk va eng og‘ir sinov Alloh taolo jalla jaloluhu tushlarida o‘g‘illari Hazrati Ismoil alayhissalomni qurbon qilishni buyurgan paytda yuz berdi.

Ibrohim alayhissalom yillar davomida farzand kutgan edilar va umrlarining oxirlarida Alloh taolo jalla jaloluhu Hazrati Ismoil alayhissalomni ularga ato etdi. Tabiiyki, bu farzandning muhabbati otaning qalbida juda chuqur edi. Ammo ilohiy amr kelganida Ibrohim alayhissalom farzand muhabbati bilan Alloh taolo jalla jaloluhuga itoat orasida ilohiy itoatni tanladilar va Allohning muhabbati har qanday muhabbatdan ustun ekanini isbot etdilar.

Bu buyuk voqeaning eng go‘zal jihati Hazrati Ismoil alayhissalomning imon va taslimiyat ruhidir. Otalari bu masalani u zot bilan maslahat qilganlarida, Ismoil alayhissalom nafaqat qarshilik ko‘rsatmadi, balki nihoyatda odob, imon va matonat bilan: Ey otajon! Sizga buyurilgan ishni bajaring, inshaalloh meni sabr qiluvchilardan topursiz, dedilar. Bu javob imon, yaqin va tavhidiy tarbiyaning yuksak namunasi hisoblanadi. Ushbu sahnada ota hayotidagi eng qimmat omonatini Alloh taolo yo‘lida qurbon qilishga tayyor, farzand esa ilohiy rozilik uchun fidokorlikka tayyor edi. Ana shu ruhiyat bu voqeani insoniyat tarixining eng abadiy saboqlaridan biriga aylantirdi.

Ibrohim alayhissalom to‘liq ixlos bilan ilohiy amrni bajarishga kirishganlarida, Alloh taolo jalla jaloluhu u zotning ixlos va taslimiyatini qabul qildi hamda Hazrati Ismoil alayhissalom so‘yilishidan oldin ulkan bir qo‘chqorni yubordi va uni Ismoil alayhissalom o‘rniga qurbonlik qildi. Shu tariqa bu sinovning asl maqsadi ayon bo‘ldi. Alloh taolo jalla jaloluhu Hazrati Ismoil alayhissalomning qoni to‘kilishini emas, balki Ibrohim va Ismoil alayhimassalomning imon, taslimiyat va vafo darajasining namoyon bo‘lishini istagan edi. Bu buyuk hodisa Allohning chin bandalari Uning amri oldida hech qanday sustlik va shubha qilmasligini hamda Parvardigorlarining roziligini har narsadan ustun qo‘yishini isbot etdi.

Ana shu yerda Islomdagi qurbonlikning chuqur falsafasi namoyon bo‘ladi. Qurbonlik aslida inson ruhini tarbiyalaydigan bir maktabdir. Bu maktabda musulmon Alloh taolo jalla jaloluhuning amrlari oldida qanday taslim bo‘lishni, dunyoviy bog‘liqliklardan qanday voz kechishni hamda fidoyilik va ehson ruhini hayotida qanday tirik saqlashni o‘rganadi. Qaysi jamiyatda qurbonlik ruhi tirik bo‘lsa, o‘sha jamiyatda hamdardlik, hamkorlik, muhtojlarga yordam va islomiy birodarlik ham mustahkam bo‘ladi.

Bugungi kunda Islom ummati Qurbon hayitining haqiqiy ma’nosini anglashga har qachongidan ko‘ra ko‘proq muhtojdir. Zamonaviy dunyo insonni moddiylik, xudbinlik va dunyoga haddan tashqari bog‘lanishga undamoqda. Holbuki, qurbonlik bizga insonning haqiqiy qadri taqvo, ixlos va fidoyilikda ekanini o‘rgatadi. Haqiqiy musulmon Ibrohim alayhissalom kabi Alloh taolo jalla jaloluhuning amriga bosh egadigan va Ismoil alayhissalom kabi itoat hamda sabrga tayyor bo‘lgan kishidir. Agar qurbonlik ruhi musulmonlar hayotida jonlansa, ko‘plab ixtiloflar, zulmlar, xudbinliklar va nosog‘lom bog‘liqliklar yo‘qoladi hamda Islom jamiyati yana birlik, imon va izzat sari harakat qiladi.

Qurbon hayiti aslida imonning nafs istaklari ustidan g‘alabasi, itoatning dunyoviy bog‘liqliklar ustidan g‘alabasi va ixlosning shaytoniy vasvasalar ustidan g‘alabasidir. Bu muborak kun musulmonlarga Allohga yaqinlashish faqat fidoyilik, sabr va xolis bandalik orqali mumkin ekanini eslatadi. Xuddi Ibrohim va Ismoil alayhimassalom ilohiy sinovda muvaffaqiyat va sharafga erishganlari kabi, musulmonlar ham hayotning turli imtihonlarida Alloh taolo jalla jaloluhuning roziligini shaxsiy istaklaridan ustun qo‘yishlari va imon, taqvo hamda ixlos nuri ostida bandalik yo‘lini davom ettirishlari lozim.

Exit mobile version