Abu Rayon Hamidi
Islom lashkarining harbiy tashkiloti:
Islom lashkari kechani Shayxayn hududida o‘tkazdi va bomdod paytida Uhud sari yo‘l oldi. Bomdod namozini Uhud yaqinidagi Sho‘t joyida o‘qidilar va so‘ng Uhudga yetib bordilar. Ular Uhud tog‘ini orqalariga oldilar va Madinaga qarab saf tortdilar, natijada kofirlar lashkari musulmonlar bilan Madina orasida qoldi. Islom lashkari harbiy donolik bilan juda qulay joyni tanladi, chunki ularning orqasi va o‘ng tomoni Uhud tog‘iga tayanar edi.
Ularning shimoliy qanotida kichik bir tepalik bor edi. Bu tepalik keyinchalik Jabalur-rumato (O‘qchilar tepaligi) deb mashhur bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ellik nafar sahobani Abdulloh ibn Jubayr roziyallohu anhuning qo‘mondonligi ostida shu tepalikka joylashtirdilar, toki dushman otliqlari orqadan hujum qilolmasin. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularga qat’iy turishni buyurdilar va dedilar:
Hatto go‘shtlarimizni qushlar yeyayotganini ko‘rsangiz ham, mening buyrug‘imsiz joyingizdan qimirlamang.
Ya’ni g‘alaba qilsak ham, mag‘lub bo‘lsak ham joyingizni tark etmang. Shu tarzda musulmonlarning shimoliy qanoti ham himoyalandi. Bundan tashqari, musulmonlar lashkari kofirlar lashkariga nisbatan balandroqda joylashgan edi.
Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam saflarni tartibga keltirdilar:
o‘ng qanot (maymana) qo‘mondonligini Munzir ibn Amr roziyallohu anhuga, chap qanot (maysara) qo‘mondonligini esa Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuga topshirdilar, uning yordamchisi Miqdod ibn Asvad roziyallohu anhu edi. Shuningdek, lashkarni uch guruhga bo‘ldilar:
- Muhajirlar guruhi bayroqdor: Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu;
- Avs qabilasi guruhi bayroqdor: Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu;
- Xazraj qabilasi guruhi bayroqdor: Hubbob ibn Munzir roziyallohu anhu.
So‘ng lashkarga dedilar:
Mening buyrug‘imsiz urushni boshlamang; men buyurganimda hujum qiling.
Jihodga targ‘ib:
Saflar joylashgach va qanotlar mustahkamlangach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni kofirlarga qarshi jihodga undadilar. Ular saf orasida yurib, sabr va matonatga chaqirdilar. Uzoq xutba o‘qib, sahobalarning ruhini ko‘tardilar, ularni qat’iyat va bardoshlilikka o‘rgatdilar. Aynan shu so‘zlar jangchilarning ruhini mustahkamlar, ularning qadamlarini sobit qilardi, dushman qarshisida tog‘dek tik turishlariga sabab bo‘lardi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilichlarini sug‘urib:
Kim bu qilichning haqqini ado etadi? dedilar.
Abu Dujona roziyallohu anhu so‘radi: Yo Rasululloh! Uning haqi nima?
Hazrat dedilar: Haqi shuki, dushmanni u bilan urasan, to egilib (bukilib) qolguncha.
Abu Dujona roziyallohu anhu dedi: Men uni olaman va haqqini ado etaman.
So‘ng qilichni olib, boshiga qizil salla bog‘ladi. U jang oldidan shu sallani bog‘lashni odat qilgan edi. Sahobalar bilardilarki, Abu Dujona qizil salla bog‘lasa, bu uning jonini fido qilishga tayyorligini bildiradi. U qilichni olib, g‘urur bilan saf orasida yurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu holni ko‘rib dedilar:
Bu yurish faqat mana shunday holatda (dushmanga qarshi kurashda) Alloh taoloning huzurida maqbuldir, boshqa joyda emas.
Quraysh lashkarining tuzilishi:
Quraysh lashkari avvalroq Uhudga kelib joylashgan edi. Ular ham lashkarlarini tartibga keltirdilar. Umumiy qo‘mondon Abu Sufyon bo‘lib, lashkarning markazida turar edi. O‘ng qanot qo‘mondoni Xolid ibn Valid, chap qanot qo‘mondoni Ikrima ibn Abu Jahl edi. Piyoda askarlar boshlig‘i Safvon ibn Umayya, o‘qchilar qo‘mondoni esa Amr ibn Os va Abdulloh ibn Robi’a edi.
Bayroq tutish mas’uliyati Banu Abdul-dar qabilasiga yuklatilgan edi. Badr jangida ham bayroq ularning qo‘lida bo‘lgan. Abu Sufyon ularni g‘ayratlantirish uchun shunday dedi:
Badrda bayroq sizda edi va biz mag‘lub bo‘ldik; endi o‘zingiz mustahkam turing yoki bayroqni bizga topshiring!
Bu so‘z Banu Abdul-dar erkaklarini g‘azablantirdi, ular jon fido qilishga qasam ichdilar bu aynan Abu Sufyonning istagan narsa edi.
Qiziq jihati shuki, Quraysh bu safar musulmonlarning Badrdagi harbiy tartibini yaxshi o‘rgangan edi. Ular ham aynan o‘sha uslubda saf tuzdilar va yagona qo‘mondon tayinladilar. Badr jangidagi tahlilda aytganimizdek, Quraysh o‘sha paytlar birlashtirilgan qo‘mondonlikka ega emas edi, har bir sardor o‘zicha boshqarardi. Ammo bu safar ular musulmonlarning tashkilotidan ilhom olib, o‘sha kabi harbiy tartib bilan lashkar tuzdilar.
