Tarix sahifalaridan; Usmonli xalifaligi! Ellik ikkinchi qism

Horis Ubayda

Sulton Muhammad Fotihning adolat va insofi

Sultonning adolat va insofi haqidagi hikoyatlar butun dunyoga mashhur edi. U islom shariati asosida ahli kitob (ya’ni yahudiy va nasroniylar) bilan yaxshi muomala qilar, ularning barcha diniy huquqlarini hurmat bilan ta’minlardi. U hech bir nasroniyga zulm yoki adolatsizlik qilmasdi, nasroniy rahnamolarni ham ularning maqomiga yarasha e’zozlardi va ular bilan yumshoqlik bilan muomala qilardi. Sultonning shiori shunday edi: Adolat  imperiyaning asosi.

Sulton Muhammad Fotih hech qachon o‘z qudrati, lashkarining ko‘pligi yoki saltanatining kengligi bilan mag‘rurlanmagan. U hech kim fath bo‘lmaydi deb o‘ylagan shaharni fath etgach ham takabburlik ko‘rsatmadi. Balki Olloh taologa shukr aytib dedi:

Alhamdulillah! Olloh shahidlarimizga rahm qilsin mujohidlarimizga izzat va sharaf ato etsin. Bu g‘alaba mening ummatim (musulmonlar) uchun faxrdir. Ular bu ulug‘ g‘alaba uchun Ollohning dargohida sajda qilib shukr aytsinlar. Bu g‘alaba Olloh taoloning fazlu karamidir.

Sulton va uning lashkari bu g‘alabani Olloh tomonidan berilgan ne’mat deb bildilar. Shuning uchun U Zotni madh etishdi  bu esa ularning qat’iy imonining belgisi edi.

  1. Ixlos (samimiyat)

Sulton Muhammad Fotihning hayotida uning ixlosini ko‘rsatadigan ko‘plab voqealar bo‘lgan. U islomga nihoyatda sadoqatli va fidoyi edi. Bu ixlos uning duolarida yaqqol sezilardi. U shunday derdi:

Niyatim, ishtiyoqim va barcha sa’y-harakatlarim  Ollohning diniga xizmat qilish uchundir. Mening maqsadim shuki o‘z lashkarim bilan  bu aslida Ollohning lashkaridir  islom dushmanlarining qudratini sindirib ularni mag‘lub etay. Fikrlarim Ollohning lutfu marhamati bilan g‘alabaga va muvaffaqiyatga erishishdir. Mening jihodim  jonim va molim bilan Ollohga itoat yo‘lidadir, va umidim faqat Ollohning nusratidadir.

  1. Ilm va san’at:

Sulton Muhammad Fotihning otasi uning bolalik chog‘laridanoq ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan edi. Shu sababli Fotih ta’lim tizimiga chuqur hurmat bilan qarar, o‘sha davrning mashhur ulamolari nazorati ostida o‘qigan. U Qur’on, hadis, fiqh, matematika, astronomiya, tarix va harbiy fanlarni nazariy hamda amaliy tarzda o‘rganib chiqqan.

Sultonning o‘qituvchilari zamonasining eng yetuk olimlari edi. Ulardan eng mashhurlari Shayx Aq Shamsiddin va Mavlono Karoniy bo‘lgan. (Alloma Karoniy Usmoniylar davrida mavjud barcha fanlar ensiklopediyasi darajasida bilimga ega edi.)

Muhammad Fotih o‘z ustozlarining ta’limlaridan chuqur ta’sirlangan, bu esa uning madaniy, siyosiy va harbiy qarashlarida yaqqol ko‘rinib turgan.

Sulton Muhammad Fotih arab, fors va turk tillarini mukammal bilgan, bu esa o‘sha davr uchun katta fazilat hisoblangan. Shuningdek, u iste’dodli shoir ham bo‘lib, turk tilida yozilgan she’riy devoni bizgacha yetib kelgan.

Sulton Muhammad Fotihning ma’naviy islohotlari

  1. Maktab va ta’lim muassasalarini tashkil etish:

Sulton Muhammad ilm va ulamolarga katta hurmat bilan qarardi. Shu bois u o‘z saltanatida ko‘plab maktablar va ta’lim muassasalarini bunyod etdi.

Usmoniy imperiyasida birinchi bo‘lib oliy maktablar asos solgan sulton Orxon edi. Undan keyingi sultonlar ham uning ta’lim siyosatini davom ettirdilar. Natijada Edirne va boshqa shaharlarda ko‘plab ilmiy markazlar va madrasalar qad rostladi.

Sulton Muhammad Fotih ham ajdodlari yo‘lidan bordi. U ilmni keng yoyish va maktablar qurish uchun bor imkoniyatini ishga soldi, ta’lim tizimini isloh qildi, ta’lim jarayonini shaxsan nazorat qildi va o‘qituvchilar bilan talabalar uchun katta vaqf mulklari ajratdi.

U ta’lim tizimini yangiladi  bosqichlar va sinflar joriy qildi, har bir bosqich uchun alohida o‘quv dasturini belgiladi. Shuningdek, imtihon tizimini o‘rnatdi: talaba faqat bir bosqichdagi dasturini mukammal o‘rganib, imtihon topshirgachgina keyingi sinfga o‘tish huquqiga ega bo‘lardi.

Sulton shaxsan ta’lim va imtihon jarayonlarini nazorat qilar, ba’zida imtihon majlislariga borib, o‘qituvchilarning dars berish usullarini kuzatardi. U talabalar orasida o‘tirib, darsni tinglar va bundan uyalmasdi, balki buni ilmga bo‘lgan hurmat deb bilardi.

Exit mobile version