Tarix sahifalaridan; Usmonli xalifaligi! O’ttiz to’qqizinchi qism

Harit Obaida

Har qachon Sulton Muhammad Fotih o‘zining bir guruh askarlari bilan birga o‘tganda, ularga g‘ayratli so‘zlarni aytar va shunday der edi:

Qustantiniyani fath etishingiz bilan sizlarga ulug‘ sharaf, abadiy azamat va katta savob nasib bo‘ladi. Bu shahar amirlar va turli zolimlar insoniyatga qarshi qilgan barcha fitna va hiylalardan qutuladi. Qaysi bir askar hammadan oldin Islom bayrog‘ini Qustantiniya devorlariga ko‘tarsa, mukammal mukofotga ega bo‘ladi, unga keng yerlar beriladi va ismi ummat tarixiga yoziladi.

Ulamolar va mashoyixlar lashkar orasida yurar, Alloh taolo yo‘lida jihodning fazilati haqidagi Qur’on oyatlarini tilovat qilar edilar. Ular askarlarga Alloh yo‘lida shahid bo‘lganlarning buyuk mukofotga erishishini eslatar va undan avval Qustantiniyani fath qilish yo‘lida jonini fido qilgan shahidlarni yodga olar edilar.

Ular Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu haqida so‘zlab, askarlarga shunday der edilar:

Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hijrat paytida Abu Ayyub Ansoriyning uyida yashadilar. Bu buyuk sahobiy keyinchalik faqat Alloh rizosi uchun shu hududga kelishga niyat qildi va qariguncha Alloh taolo yo‘lida jihod qildi, toki bu shaharni Islom soyasiga kiritish uchun.

Shu tariqa islom lashkari ruhida o‘zgarish yuz berdi va mujohidlarning qalblari to‘lqinli shijoat va hissiyot bilan to‘ldi.

Sulton Muhammad Fotih chodiriga qaytgach, lashkar qo‘mondonlarini chaqirdi va ularga oxirgi ko‘rsatmalarini berdi. So‘ng ularga shunday dedi:

Qachonki Qustantiniya bizning qo‘limizga o‘tsa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bu haqdagi hadisi bizning haqimizda amalga oshadi. Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va’da qilgan mojizani ro‘yobga chiqaradigan kishilar bo‘lamiz. Bu g‘alaba bizniki bo‘ladi. Bolalaringizga ayting, bu yaqinlashayotgan fath bizning taqdirimizdir.

Bu g‘alaba bilan Islomning izzati, qudrati va shavkati cho‘qqiga ko‘tariladi. Har bir askar shariat ta’limotlarini hayotining asosi qilib olishi va din bilan zid bo‘lgan narsalardan saqlanishi lozim. Eshitib qo‘ying! Cherkovlarga haqorat qilmang, ibodatxonalar pokligiga zarar yetkazmang, begunohlarni ranjitmang, bolalar, ayollar va jangda qatnashmaydiganlarni ozod qo‘ying.

Boshqa tomondan, Qustantiniya Vizantiya imperatori ham shahar aholisini to‘plab ularga shunday dedi:

Allohga yolvoringlar va duo qilinglar, balki Alloh bizni bu qamaldan najot qilar!.

Ayollar bolalar va erkaklar cherkovda yig‘ilib yig‘lar, nola qilar va duo o‘qirdilar.

Imperator fasohatli va uzun nutq so‘zladi, bu uning so‘nggi nutqi edi. U xalqiga shunday vasiyat qildi:

Agar men jangda o‘lsam, sizlar ham oxirgi nafaslaringizgacha jang qilinglar, nasroniylikni himoya qilinglar va jonlaringizni ham ayamnglar!.

Tarixchilar yozadilar: Qustantiniya imperatorining nutqi juda ta’sirli bo‘lgan, majlisdagilar ovoz chiqarib yig‘laganlar. Nutqdan so‘ng imperator Ayasofiya cherkoviga borib, so‘nggi ibodatini ado qildi va keyin o‘z majlisiga qaytib, hamma bilan xayrlashdi. Har birining yuziga diqqat bilan qaradi va ularning barchasi bilan qo‘l siqdi.

Shohning rafiqasi, bolalari va xizmatkorlari yig‘lab, u bilan vidolashdilar. Nasroniy tarixchilari bu manzarani ta’sirli so‘zlar bilan tasvirlashgan. Kimki bu manzarani ko‘rgan bo‘lsa, der edi:

Agar biror tosh ham kimningdir yonida bo‘lsa va bu manzarani ko‘rsa, ko‘zlaridan yomg‘irdek yosh oqardi.

Qustantin oilasi bilan xayrlashdi, so‘ng devorda osig‘liq bo‘lgan Iso alayhissalomning xayoliy tasviri bilan sukutda ibodat qildi, keyin jang kiyimini kiyib, yarim tunda ishonchli hamrohi Frantszets bilan saroydan chiqdi va yana bir bor shahar mudofaachilarining ahvolini tekshirdi.

U Usmoniylar lashkarining harakatlarini ham kuzatdi. Usmoniy lashkari ham quruqlikda, ham dengizda hujumga tayyor edi. Sulton Muhammad Fotih ham chodiridan chiqdi, osmonga qarab dedi:

Yo Alloh! Bizga rahm qil va rahmating yomg‘irini bizga yubor!

Aynan o‘sha lahzada yomg‘ir tomchilari tushdi, chang-to‘zon bosildi va lashkarning yurishi osonlashdi.

Exit mobile version