Horis Ubayda
Ba’zi musulmon askarlar qamal ostidagilarga quruqlik orqali yordam yetkazishga harakat qilishdi, ammo bu harakatlar muvaffaqiyatsiz tugadi. Tarix har ikki tomonning jasorat va mardonaligini qayd etdi va hech kim bu jangning natijasini oldindan ayta olmas edi. G‘arbiy frontda yo‘l juda tor edi va musulmon askarlar u orqali o‘tmoqchi bo‘lishganida, nasroniy kuchlar ularni o‘qqa tutib, yo‘q qilar edi. Yondirilgan devor qismidan shaharga kirishga hech kimda bardosh qolmagandi. Tungi qorong‘ulik asta-sekin chuqurlashar, dushman esa to‘liq ogohlik holatida edi. Hosil bo‘lgan yo‘ldan shaharga kirish mumkin emasdek tuyulganidan so‘ng, sulton o‘z kuchlariga orqaga chekinishni buyurdi. Go‘yo u boshqa reja tuzayotgan edi.
Usmoniylar dengiz floti zanjirlarni yorib o‘tib, Altin shox (Halich) ko‘rfaziga yetib borishga harakat qildi, ammo dushman kuchlari bu harakatlarni foydasiz qoldirdi. Bu urinishlar chog‘ida bir necha musulmon kemalari Vizantiya to‘plarining nishoniga aylanishdi va cho‘kib ketishdi. Har holda bu urinishlar muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi va flot kuchlari qaytishga majbur bo‘ldi.
Dengiz floti qo‘mondonining lavozimdan olinishi va Muhammad Fotihning jasorati:
Ushbu jangdan ikki kun o‘tib (20-aprel), Usmoniy dengiz floti bilan Yevropa kemalari o‘rtasida yana bir to‘qnashuv yuz berdi. Yevropa kemalari ko‘rfazga kirishga urinishdi va shu paytda Usmoniylar ularga hujum qildi. Har ikki tomon bir-birini zaiflashtirishga harakat qilardi. Yevropa kemalari oldinga siljishda davom etdi, Usmoniylar esa shaharga yordam yetib borishini to‘sishga urinardi, ammo Yevropa kemalari oldinga intilishda davom etdi. Sulton qirg‘oqda turib, ikki tomon kemalari o‘rtasidagi jangni tomosha qilardi.
U dengiz floti qo‘mondoniga xabar yubordi:
«Bu kemalarni qo‘lga ol, cho‘ktir, va agar qila olmasang o‘zing cho‘k! Bizning oldimizga qaytishing shart emas!»
Musulmonlar bor kuchini ishga soldi, ammo Yevropa kemalari manzilga yetib bordi. Bu hol sultonni g‘azabga soldi. Qo‘mondon dengizdan chiqqach, sulton unga keskin munosabat ko‘rsatdi va uni qo‘rqoq, nomardlikda aybladi.
Baltoghlu dengiz floti qo‘mondoni nihoyatda tashvishda edi. Nomusli inson uchun “nomard” degan ayblovdan og‘ir nima bo‘lishi mumkin? U shunday dedi:
«Ey Sulton! Men jonimni fido qilishga tayyorman, lekin nomardlik dog‘i peshonamga bosilib turib, o‘lish men uchun juda og‘irdir. Men va do‘stlarim bor kuchimizni ishga soldik, lekin bu katta kemalarga qarshi hech narsa qila olmadik.» Shu payt Baltoghlu ko‘zlariga yosh oldi va salla cheti bilan ko‘z yoshlarini artdi.
Muhammad Fotih Baltoghlu begunoh ekanini anglab yetdi. Unga kechirim berdi va faqat lavozimidan ozod etdi. Baltoghlu o‘rniga Hamza poshoni dengiz floti qo‘mondoni etib tayinladi.
Tarix kitoblarida yozilishicha, Sulton Muhammad Fotih dengiz janglarini katta ishtiyoq bilan kuzatgan. U otga minib, qirg‘oqdan jangni tomosha qilgan. Shu jangda u otini dengizga haydagan, islomiy kemalarga yaqinlashgan va Baltoghluga baland ovozda murojaat qilib, ishorasi bilan qo‘mondonini chaqirtirgan. Usmoniylar kuchaytirilgan harakat boshlashdi, ammo bu natija bermadi.
Usmoniy dengiz flotining mag‘lubiyatga uchrashi sabablari ko‘p edi. Ammo shulardan biri shuki, sultonning ba’zi maslahatchilari, xususan Xalil posho, uni Istanbul fathidan qaytishga undab, qamal o‘rniga boshqa shartlar asosida sulh taklif qilishni tavsiya qilishgan edi. Ammo sulton g‘alabani istar edi va shaharni to‘plar bilan har tomonlama o‘qqa tutardi. Shu bilan birga u Usmoniy kemalarini Altin shoxga yetkazish yo‘lini o‘ylab topishga urinardi.
Altin shox tomon yo‘nalgan qamal devorlari unchalik baland emas edi. Sulton qat’iy qarorga kelgan edi: nima bo‘lishidan qat’i nazar, kemalar Halich ko‘rfaziga yetib borishi kerak edi, toki g‘arbiy frontdagi dushman kuchlari tarqalsin va orol orqali bosim oshirilsin.
Muhammad Fotihning Konstantinopoldagi harbiy nodir harakati:
Muhammad Fotihning xayoliga kutilmagan fikr keldi: u kemalarni Beşiktaş portidan Altin shoxga o‘tkazishga qaror qildi. Ammo qanday qilib? Go‘yo bir mo‘’jiza ro‘y berayotgandi. Sulton buyurdi: kemalar ikki port oralig‘ida, quruqlik orqali Halich ko‘rfaziga yetkazilsin! Bu ish to‘liq maxfiylik va aniqlik bilan amalga oshirilishi kerak edi, toki Genuya kemalari bundan boxabar bo‘lmasin. Ikkala port orasidagi masofa taxminan 3 mil bo‘lib, yo‘l tekis emasdi baland tog‘lar, chuqur vodiylar va notekis yerlardan iborat edi.
Muhammad Fotih o‘z harbiy maslahatchilarini chaqirib, bu kutilmagan g‘oyani ularga taqdim etdi. U urush strategiyasi haqida gapirib, qayerdan hujum qilishini bayon qildi. Barcha maslahatchilar bu rejani ma’qullab, bu sultonona fikrni olqishlashdi. Reja ijrosi boshlandi. Sulton Muhammad Fotih yo‘lni tekislatishni buyurdi. Armiya jasur askarlari bu ajoyib g‘oyani amalga oshirish uchun safarbar qilindi. Er bir necha soat ichida tekislandi. Yog‘langan yog‘och taxtalar keltirildi, ular yerga terildi, toki kemalar ustida sirg‘alib o‘ta olsin.
Kemalar Bosfor bo‘g‘ozidan orol tomon tortib chiqildi. Ushbu kemalar yog‘langan taxtalar yordamida xavfsiz joyga yetkazildi. Tun qorong‘isi cho‘kkanida, bu kemalar yashirin ravishda Halich suvlariga tushirildi. Ularning soni 70 tadan ortiq edi. Bu sulton tomonidan ilgari hech kim qilmagan tarixiy harakat edi. Dushman g‘aflat uyqusida edi. Sulton Muhammad Fotih kemalar ko‘chishini yaqindan kuzatar, ularni dushman ortidan yashirincha o‘tkazib yuborardi.