Xavorijlar ning vorislari! 2_qism

Ehsan

Musulmonlarni ilk bor kofir deb e’lon qilgan guruh
IShIDning fikriy va amaliy mohiyatini to‘g‘ri anglash uchun Islom tarixidagi ilk adashgan oqim Xavorijlarga murojaat qilish zarur. Bu faqat tarixiy tadqiqot emas, balki IShIDning xatti-harakatlari, fatvolari, fikriy tuzilishi va takfirchilik usullarini tushunishning asosiy kalitidir. Chunki xavorijlar musulmonlarni takfir qilish eshigini ilk bor ochgan guruh bo‘lgan bo‘lsa, IShID zamonaviy vositalar ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari va ilg‘or harbiy texnikalar yordamida bu eshikni yanada kengaytirib, uni zo‘ravonlik va jinoyatning eng yuqori bosqichigacha olib chiqdi.

Ayrim tadqiqotchilar va tahlilchilarning fikricha, IShID aslida xavorijlik tafakkurining zamonaviy ko‘rinishidir. Faqat bu safar u davlat shaklida namoyon bo‘ldi. Keng ko‘lamli takfir, haddan tashqari zohirparastlik va tizimli zo‘ravonlik yana takrorlandi. Farqi shundaki, endilikda bu g‘oyalar ijtimoiy tarmoqlar va yuqori sifatli videolar orqali tarqatilmoqda.

Xavorij so‘zi arab tilidagi «xorijiy» so‘zining ko‘plik shakli bo‘lib,chiqmoq, ajralib chiqmoq ma’nosidagi xaraja fe’lidan olingan. Lug‘aviy jihatdan «xorijiy biror narsadan tashqariga chiqqan kishiga nisbatan qo‘llanadi.

Ammo aqidaviy, kalomiy va tarixiy istilohda bu atama musulmonlarning qonuniy hokimiyatiga qarshi bosh ko‘targan guruh yoki shaxslarga nisbatan ishlatiladi.

Islom olimlaridan Imom Shahristoniy o‘zining mashhur «Al-Milal va-n-Nihal» asarida xavorijlarga keng ta’rif bergan. Uning fikricha, musulmonlar ittifoq qilgan haq va qonuniy imomga qarshi chiqib, unga itoat etishdan bosh tortgan har qanday shaxs yoki guruh xavorij hisoblanadi. Bu ta’rif xavorij tushunchasi faqat muayyan tarixiy davr bilan cheklanmasligini, balki har qanday zamonda qonuniy hokimiyatga qarshi isyon qilganlarga nisbatan qo‘llanishini ko‘rsatadi.

Boshqa mutakallimlar va tarixchilar ham bu tushunchani turli jihatdan sharhlaganlar. Abul Hasan Ash’ariy «Maqolot al-Islomiyyin» asarida ularning bu nom bilan mashhur bo‘lishiga tarixiy sababni ko‘rsatib, musulmonlar xalifasi Hazrat Ali roziyallohu anhuga qarshi chiqqanlari uchun «xavorij» deb atalganlarini yozadi.

Abdulqohir Bag‘dodiy esa «Al-Farq bayna al-Firaq» asarida aqidaviy nuqtai nazardan ularni Hazrat Ali roziyallohu anhu va uning tarafdorlarini kofir deb bilgan hamda ularga takfir hukmini chiqargan kishilar sifatida ta’riflaydi.

Yana bir ta’rifga ko‘ra, xavorijlar musulmonlarni birinchi bo‘lib takfir qilgan, amaliy zo‘ravonlik yo‘lini tanlagan va o‘z muxoliflarini o‘ldirishni joiz deb bilgan guruhdir. Bu ta’rif xavorijlarning uch asosiy xususiyatini ochib beradi: takfir, zo‘ravonlik va musulmonlar qonini halol sanash.

E’tiborli jihati shundaki, IShID ham aynan shu uch xususiyatni qayta jonlantirdi. Xavorijlar musulmonlarni takfir qilishni boshlab bergan bo‘lsalar, IShID ham shialar, so‘fiylar, ixvoniylar va hatto boshqa jihodiy oqimlarni keng miqyosda takfir qilish orqali xavorijlarning fikriy merosini davom ettirdi.

Shuningdek, xavorijlar amaliy zo‘ravonlikni tanlab, muxoliflarini o‘ldirishni joiz deb bilganlari kabi, IShID ham ommaviy qatl etishlar, bosh kesishlar, asirlarni tiriklayin yoqib yuborish hamda ayollar va bolalarni qullikka olish orqali tashkillashtirilgan zo‘ravonlikni eng yuqori darajaga olib chiqdi.

Shu sababli xavorijlar tarixiy jihatdan (Hazrat Ali roziyallohu anhuga qarshi isyon), aqidaviy jihatdan (muxoliflarni takfir qilish) va amaliy jihatdan (zo‘ravonlik hamda musulmonlar qonini halol sanash) Islom tarixidagi barcha takfiriy oqimlarning asosiy manbai hisoblanadi.
IShID esa ushbu fikriy oqimning zamonaviy davrdagi eng qonli va eng keskin ko‘rinishlaridan biri sifatida baholanadi.
Islom payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham o‘z vafotlaridan avval bunday adashgan oqimlarning paydo bo‘lishi haqida ogohlantirgan va musulmon ummatini ularning fitnasidan qaytargan edi.

Keyinchalik aynan shu nabaviy ko‘rsatmalar Islom fuqaholarining fatvolariga asos bo‘lib xizmat qildi. Ular tarix davomida xavorijlar va ularga o‘xshash guruhlarni qat’iy qoralab kelganlar.

Exit mobile version