Xeyoliy xalifalik; imperatorlik orzusidan qulashgacha! 4-qism

Aziz Jalol

2003-yil Iroq urushi

2003-yilda AQSh kuchlarining Iroqqa hujumi bir yong‘inni yoqdi, uning kulidan esa Dovlatul Islomiy (ISHID) bosh ko‘tardi. Bu vayronkor urush faqatgina Iroqning siyosiy tizimini qulatibgina qolmay balki mamlakatning ijtimoiy va xavfsizlik tuzilmalarini ham parcha-parcha qildi. Jorj Bushning rejimni o‘zgartirish qarori bu hududdagi oqibatlarni hisobga olmasdan amalga oshirilgani zo‘ravon ekstremizmning o‘sishi uchun qulay zamin yaratdi.

Garchi Saddam Husaynning hukumati mustabid bo‘lgan bo‘lsa-da mamlakatda nisbiy barqarorlik hukm surardi. Uning ag‘darilishi bilan Iroq tezda betartiblikka sho‘ng‘idi. AQShning yuqori darajadagi harbiy rasmiysi Pol Bremerning Iroq milliy armiyasini tarqatib yuborish qarori 400 mingdan ortiq malakali askarni ishsiz va g‘azablangan holda ko‘chalarga chiqarib yubordi. Ko‘plari keyinchalik isyonchilarga qo‘shildi. Bu fojiali qaror jangdan boshqa hech qanday mahoratga ega bo‘lmagan va yangi siyosiy tizim bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan bir avlodni yuzaga keltirdi.

AQSh bosqinchilarining Ba’schilikdan tozalash siyosati ham hokimiyat bo‘shligini kuchaytirdi. Ba’s partiyasiga a’zo bo‘lganlarning to‘liq tarzda davlat tizimidan chiqarilishi mamlakatning boshqaruv tajribasini butunlay yo‘q qildi. Natijada davlatga qarshi turgan byurokratlar va o‘rta darajadagi rahbarlar avlodi shakllandi va ularning ko‘pchiligi oxir-oqibat isyonchi guruhlarga qo‘shildi.

Shunday notinch siyosiy muhitda Iroqda takfirchi guruhlar kuchayib bordi. Saddam qulaganidan keyin keskinlashgan shia va sunniylar o‘rtasidagi firqaviy zo‘ravonlik bu guruhlarga diniy asosda o‘z harakatlarini oqlash imkonini berdi. Iroqning bosib olinishi minglab jihodchilarning boshqa mamlakatlardan kelib, bu yurtda to‘planishiga sabab bo‘ldi. Bu urush ular uchun bir vaqtning o‘zida AQShga qarshi urushish va o‘z ekstremistik orzularini amalga oshirish uchun imkoniyat yaratdi. Shu davrda shakllangan global jihodiy tarmoqlar keyinchalik ISHIDning asosiy poydevoriga aylandi.

Amerikaliklarning Uyg‘onish sho‘rolari (Sunni Awakening Councils) ni tashkil etish siyosati ham kutilgan natijani bermadi. Dastlab al-Qoida guruhiga qarshi kurashish uchun tashkil etilgan ushbu sunniy kengashlarning ko‘plab a’zolari keyinchalik ISHID safiga qo‘shildi. AQSh tomonidan qurollantirilgan va harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan bu guruhlar oxir-oqibat aynan o‘z homiylariga qarshi kurashgan urushchilar avlodini yetishtirdi.

Urushdan so‘ng vayron bo‘lgan Iroq iqtisodiyoti ham ekstremizmning o‘sishiga zamin yaratdi. Ayniqsa sunniy yoshlari orasida keng tarqalgan ishsizlik ularni isyonchi guruhlarga qo‘shilish sari undadi. 2003-yilgi urush AQShning mintaqadagi obro‘sini keskin tushirdi. Abu G‘urayb qamoqxonasidagi qiynoqlar va tinch aholi qatliomlari tasvirlari AQShga qarshi misli ko‘rilmagan nafrat to‘lqinini uyg‘otdi. Bu holat keyinchalik ISHIDning asosiy targ‘ibot vositalaridan biriga aylandi.

Xulosa qilib aytganda, Iroqning bosib olinishi ekstremistik guruhlar rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratdi: hokimiyat bo‘shligi keng norozilik firqaviy urush xorijlik jihodchilarning kirib kelishi va vayron bo‘lgan iqtisod. ISHID  o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan harakat emas edi; u AQShning Iroqda qilgan strategik xatoliklarining istalmagan natijasi edi. Bush Yaqin Sharqda demokratiya o‘rnatmoqchi bo‘lib sochgan kul oxir-oqibat butun mintaqani yutib yuborgan yirtqichni yetishtirdi.

Exit mobile version