Sa‘id
Tarix shunday bir ko‘zguki, unga diqqat bilan nazar tashlasak, bugungi holatimizning aksini ko‘ramiz. Xavorjlar bundan bir necha asrlar oldin yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsalar-da, ularning g‘oyalari hamon yashab kelmoqda. Ular Nahrovon zaminida o‘lim uyqusiga ketdilar, ammo takfir, zo‘ravonlik, zohirparastlik va ekstremizm kabi qarashlari saqlanib qoldi. Vaqt o‘tishi bilan bu qarashlar turli guruhlar shaklida yana qayta namoyon bo‘lmoqda. IShID ham ana shu adashgan g‘oyaning namunalaridan biri bo‘lib, o‘zini «Islom davlati» deb ataydi, biroq musulmonlarga qarshi qirg‘in va zo‘ravonlik yo‘lini tutgan.
Ibn Boz va Ibn Usaymin rahimahumallohdan tortib, hozirgi zamon muftiylarigacha bo‘lgan ummatning buyuk ulamolari IShID avvalgi xavorjlar g‘oyasining davomi ekanini ochiq-oydin ta’kidlaganlar. Rasululloh (s.a.v.) ular haqida shunday deganlar:
يَقْتُلُونَ أَهْلَ الْإِسْلَامِ وَيَدَعُونَ أَهْلَ الْأَوْثَانِ
Ya’ni: Ular musulmonlarni o‘ldiradilar, butlarga sig‘inuvchilarni esa o‘z holiga qo‘yadilar.
1. Xavorjlarning bugungi kun uchun birinchi sabog‘i gunoh sodir etgani sababli takfir qilish xavfidir.
Xavorjlar katta gunoh sodir etgan kishini kofir deb hisoblar va shu yo‘l bilan musulmonlarning qonini to‘kishni joiz sanardilar. IShID ham aynan shu yo‘lni tutdi. Bu guruh o‘zining soxta fatvolari orqali musulmonlarni gunoh sodir etgani yoki fikriy jihatdan ularga qarshi bo‘lgani sababli Islomdan chiqqan deb hisoblar, ularni o‘ldirishni esa ibodat deb bilardi.
Shayx Abdulaziz Oli Shayx ochiq bayonotida shunday degan:
Yer yuzida buzg‘unchilik tarqatayotgan ekstremistik va terrorchilik g‘oyalari Islom bilan hech qanday aloqaga ega emas. Aksincha, ular Islomning eng birinchi dushmanlaridir va musulmonlar ularning eng birinchi qurbonlari hisoblanadi. Buni o‘zini IShID deb atagan guruhning jinoyatlarida ko‘rishimiz mumkin.
Bu so‘zlar shunchaki siyosiy munosabat emas, balki Nabaviy hadisga asoslangan shar’iy hukmdir.
2. Ikkinchi saboq Rasululloh (s.a.v.) hadislarida bayon qilingan xavorjlarning belgilarini tanib olishdir.
Rasululloh (s.a.v.) nafaqat ularning paydo bo‘lishidan xabar berganlar, balki belgilarini shunchalik aniq bayon qilganlarki, go‘yo ularni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgandeklar:
قَوْمٌ أَحْدَاثُ الْأَسْنَانِ، سُفَهَاءُ الْأَحْلَامِ
Ya’ni:Ular yosh, aql-idroki sayoz bo‘lgan bir toifadir. Odamlarning eng yaxshi so‘zlarini gapiradilar, Qur’oni karimni o‘qiydilar, ammo u ularning tomog‘idan nariga o‘tmaydi. Ular dindan xuddi o‘q ovdan chiqib ketganidek chiqib ketadilar.
Bugungi kunda bu ta’rif IShID va unga o‘xshash guruhlarga to‘liq mos keladi. Ular «Xalifalik» va «jihod» shiorlari ostida aldangan, Qur’oni karimni o‘qigan, namoz o‘qigan, biroq amalda musulmonlarning qonini to‘kib, shaharlarni vayron qilganlar. Nabaviy masjid mudarrisi Shayx Abdulmuhsin al-Abbod ham IShIDni Iroqda paydo bo‘lgan, asoslari takfir va musulmonlarning qonini halol sanashga qurilgan bir «firqa» deb ta’riflagan.
3. Uchinchi saboq takfirchi oqimlarga qarshi ulamolarning tutgan o‘rnidir.
Xavorjlar Hazrati Ali va Ibn Abbos roziyallohu anhumo qarshisida o‘z pozitsiyalarini egallagan edilar. Ammo ummat ulamolari har bir davrda haq so‘zni baland ko‘tarish mas’uliyatiga egadirlar. Bugun ham Ibn Boz, Ibn Usaymin va Oli Shayx IShIDga qarshi turganlari kabi, har bir hududning ulamolari yoshlar takfir tuzog‘iga tushib qolishidan oldin ularga dinni to‘g‘ri tushunishni o‘rgatishlari lozim.
IShID hatto Ibn Boz, Ibn Usaymin va Albaniyni ham takfir qilgan edi. Bu esa takfir zanjiri boshlanganidan keyin hech kim undan omonda qolmasligining, hatto ummatning eng buyuk ulamolari ham bu xavfdan chetda qolmasligining yaqqol dalilidir.
4. To‘rtinchi saboq dinda zohirparastlikdan saqlanishdir.
Xavorjlar ibodatli kishilar edilar, ammo ularning ibodatlari Allohga yaqinlashtirish o‘rniga, musulmonlarga qarshi qilich ko‘tarish darajasiga olib bordi. Bugungi kunda ham takfirchi oqimlar tashqi dindorlik ko‘rinishi ostida yoshlarni aldamoqdalar. Bundan olinadigan saboq shuki, dinni hissiyotga berilgan notiqlardan yoki har kim o‘zini mufassir va faqih deb hisoblaydigan ijtimoiy tarmoqlardan emas, balki rabboniy ulamolardan o‘rganish kerak.
5. So‘nggi saboq Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lish, noumidlik va haddan oshishdan saqlanishdir.
Xavorjlar Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lib, gunohkorlarni abadiy do‘zax ahlidan deb hisoblaganlar. Ammo Ahli sunna val-jamoa qo‘rquv va umid orasida yashaydi. Ular gunohni gunoh deb biladilar, biroq tavba eshigini yopmaydilar va musulmon kishini osonlikcha takfir qilmaydilar. Bu mo‘tadillik Rasululloh (s.a.v.) va sahobai kiromlar tanlagan yo‘l bo‘lib, ummatni tarqoqlik va bo‘linishdan saqlab kelgan.
Xavorjlar ketdilar, ammo ulardan qolgan saboq saqlanib qoldi: kimki dinni ilmsiz ravishda va takfir yo‘lidan boshlab olsa, oxir-oqibat uning qilichi bir kun kelib o‘z bo‘yniga qaytadi.













