Doktor Humom Sultoniy
IShID, Pokiston harbiy isteblishmenti va muftiy Abdurahimning laganbardorligi!
Pokiston harbiy razvedkasining mintaqaviy siyosatini, uning qurolli guruhlar bilan aloqalarini, Afg‘onistonga qarshi harbiy hujumlarini hamda ayrim diniy ulamolarning ushbu harakatlarni shar’iy jihatdan oqlashdagi rolini baholash bugungi kunda muhim ilmiy, siyosiy va shar’iy zaruratga aylangan. Bu mavzuning e’tiborga molik jihatlaridan biri shundaki, bir tomondan, Pokiston davlati terrorizmga qarshi kurashayotganini da’vo qiladi, boshqa tomondan esa, xalqaro tadqiqotlar va hisobotlarda uning qurolli guruhlar bilan tarixiy aloqalari haqida hujjatlashtirilgan ma’lumotlar mavjud. Hatto Pokistonda IShIDga moliyaviy, harbiy va ta’limiy yordam ko‘rsatib kelgan tarmoqlar faoliyati haqida ham xabarlar berilgan.
Ayrim diniy shaxslar davlat va harbiy siyosatni himoya qilish maqsadida shar’iy tamoyillarni siyosiy aloqalarga bo‘ysundirganlarida, vaziyat yanada achinarli tus oladi. Ulamolarning vazifasi har qanday armiya va hukmdorning barcha harakatlarini to‘g‘ri va haq deb ko‘rsatish emas. Balki ularning mas’uliyati haq bilan botil o‘rtasidagi farqni ochiq bayon qilish, mazlumlarni himoya etish hamda qudrat egalarini ham shariat oldida javobgar deb bilishdan iboratdir.
Pokiston harbiy isteblishmenti va qurolli guruhlar siyosati
Anchadan beri Pokiston harbiy isteblishmentiga mintaqaviy va strategik manfaatlarini ta’minlash maqsadida ayrim qurolli guruhlardan foydalangani, ular bilan aloqalar o‘rnatgani hamda ba’zi davrlarda ularning ixtiyoriga moliyaviy, harbiy va ta’limiy imkoniyatlar taqdim etgani haqida ayblovlar bildiriladi. Bu borada «Lashkari Toyiba», «Jayshi Muhammad» va boshqa qurolli tarmoqlar haqida xalqaro tadqiqotlar hamda rasmiy hujjatlar orqali ko‘plab ma’lumotlar e’lon qilingan.
Yevropa Ittifoqining Boshpana masalalari bo‘yicha agentligi (EUAA) tomonidan 2026-yil iyun oyida Pokiston haqida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, o‘tmishda «Lashkari Toyiba» va Pokiston razvedka boshqarmasi o‘rtasida kuchli, garchi yashirin bo‘lsa-da, tashkiliy aloqalar mavjud bo‘lgan.
Shuningdek, AQSH Kongressi Tadqiqot xizmati (Congressional Research Service) tomonidan 2026-yil 25-martda e’lon qilingan hisobotda Pokistonda faoliyat yurituvchi turli qurolli guruhlar, ularning tarmoqlari va mintaqaviy faoliyati haqida baholashlar taqdim etilgan. Bu yerda gap faqat Pokistonda qanday guruhlar mavjudligi haqida ketmayapti, balki asosiy savollar quyidagilardan iborat: o‘tmishda bu guruhlarning ixtiyoriga kimlar imkoniyatlar taqdim etgan? Ularni kimlar tayyorlagan? Moliyaviy va harbiy imkoniyatlarni qayerdan olganlar? Nima sababdan davlat idoralari barcha qurolli guruhlarga nisbatan bir xil munosabatda bo‘lmagan?
Hech bir davlat o‘z manfaatlari yo‘lida ayrim qurolli guruhlarni foydalanish mumkin bo‘lgan kuch, boshqalarini esa nomaqbul kuch sifatida ko‘rishi oqlanmaydi. Agar terrorizm jinoyat bo‘lsa, u har qanday joyda jinoyat hisoblanadi. Agar qurolli guruhlar tinch aholini nishonga olayotgan bo‘lsa, ularni qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam berish va faoliyat yuritishlari uchun sharoit yaratish ham hisob-kitob qilinishi lozim.
IShID va Pokistondagi uni qo‘llab-quvvatlovchi tarmoqlar
IShID masalasi ushbu bahsning eng muhim va jiddiy jihatlaridan biridir. Pokistondagi ayrim ekstremistik tarmoqlarning IShID bilan aloqalari va unga ko‘rsatgan yordamlari haqida faqat siyosiy ayblovlar bildirilmagan, balki AQSH Moliya vazirligining rasmiy hujjatlari ham mavjud. AQSH Moliya vazirligining 2017-yil 11-maydagi rasmiy bayonotiga ko‘ra, Hoji Hayotulloh G‘ulom Muhammad 2015-yilda IShID Xuroson bilan hamkorlik qilgan va 2016-yilda Afg‘onistondagi ushbu guruh a’zolarini qurol-yarog‘ hamda moliyaviy yordam bilan ta’minlashni taklif qilgan.
U 2016-yil boshlarida Konar va Pokistondagi o‘z nazoratida bo‘lgan madrasalardan IShID Xuroson uchun jangarilarni jalb qilgan hamda ushbu madrasalardan birini guruhning o‘quv markazi sifatida ishlatgan. Mazkur bayonotda, shuningdek, uning 2014-yildan buyon IShID uchun xudkush hujumchilarni jalb qilish va moliyalashtirishga yordam bergani ham qayd etilgan.
Bu Pokistondagi ekstremistik tarmoqlardan biri IShIDga moliyaviy, harbiy va ta’limiy yordam ko‘rsatganini tasdiqlovchi hujjatlashtirilgan va nihoyatda muhim haqiqatdir. Pokistonning davlat va razvedka idoralari nafaqat ushbu tarmoqlar, ularning faoliyatiga ko‘maklashuvchilar hamda o‘zaro aloqalari haqida to‘liq ma’lumotga ega, balki bu butun o‘yin aynan shu idoralarning muvofiqlashtiruvi ostida olib boriladi.
Yana bir muhim savol shuki, IShID Xuroson uchun jangarilarni jalb qilish, moliyaviy yordam ko‘rsatish, qurol-yarog‘ bilan ta’minlash va Pokistonda o‘quv markazlari mavjudligi haqida rasmiy hamda xalqaro hujjatlar e’lon qilingan bir paytda, nima sababdan ushbu tarmoqlar, ularning homiylari va ehtimoliy rahnamolariga qarshi davlat tomonidan ko‘rilgan choralar haqida to‘liq ma’lumotlar jamoatchilik bilan baham ko‘rilmayapti?
Agar Pokiston harbiy isteblishmenti haqiqatan ham terrorizmni yo‘q qilishga sodiq bo‘lsa, o‘z siyosatini barcha guruhlarga nisbatan bir xil tarzda amalga oshirishi kerak. IShID bo‘ladimi, «Lashkari Toyiba» bo‘ladimi, «Jayshi Muhammad» bo‘ladimi yoki boshqa har qanday qurolli tarmoq bo‘ladimi, ularning hech biri davlat manfaatlari nomidan alohida imtiyozlarga ega bo‘lmasligi lozim.
Afg‘onistonga qarshi hujumlar va begunoh tinch aholining qoni
Pokiston harbiy rahbariyati siyosatining ikkinchi jiddiy jihati — Afg‘oniston hududiga uyushtirilgan havo hujumlari va shartli chegara chizig‘idan tashqarida olib borilgan harbiy amaliyotlardir. Buning oqibatida tinch aholi og‘ir talafotlarga uchragan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi Yordam missiyasi (UNAMA) 2026-yilda Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi transchegaraviy harbiy to‘qnashuvlar oqibatida tinch aholi halok bo‘lishi va jarohatlanishi holatlarini rasmiy ravishda qayd etgan. BMT Xavfsizlik Kengashining 2026-yil 26-iyundagi hisobotiga ko‘ra, 2026-yil 26-yanvardan 31-martgacha bo‘lgan davrda ushbu to‘qnashuvlar oqibatida Afg‘onistonda tinch aholi orasida jami 764 ta talafot holati qayd etilgan. Ulardan 372 nafari halok bo‘lgan, yana 392 nafari jarohatlangan. Ushbu talafotlarning asosiy qismi havo hujumlari oqibatida yuz bergan.
Mazkur hisobotda, shuningdek, 2026-yil 16-mart kuni Pokiston tomonidan Kobuldagi «Umid» giyohvandlikka qaram shaxslarni davolash va reabilitatsiya qilish shifoxonasiga uyushtirilgan havo hujumi ham tilga olingan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujumda kamida 269 kishi halok bo‘lgan, yana 122 kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar va yaralanganlarning aksariyati shifoxonada davolanayotgan bemorlar edi. Pokiston elchixonasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ushbu amaliyot davomida faqat terrorchilar va harbiy obyektlar nishonga olinganini bildirgan. Biroq tinch aholi orasidagi talafotlar soni ushbu hodisani xolisona tekshirish zaruratini yanada yaqqol namoyon etmoqda.
Bu yerda muhim bir savol tug‘iladi: bir davlatning xavfsizlik borasidagi xavotirlari unga boshqa mamlakat fuqarolarining hayotiga tajovuz qilish uchun cheksiz huquq beradimi? Shunchaki biror shubhali shaxsning borligi haqidagi da’vo shifoxona, turar joy binosi yoki oddiy odamlarni nishonga olish uchun yetarlimi? Harbiy matbuot kotibining bayonotlari harbiy harakatni shar’iy va axloqiy jihatdan to‘g‘ri ekanini isbotlay oladimi?
Islomning bu boradagi javobi ochiq va ravshandir. Alloh taolo marhamat qiladi:
وَلَا تَعْتَدُوا إِنَّ اللهَ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ
(Baqara: 190)
Tarjimasi:Haddan oshmang! Albatta, Alloh haddan oshuvchilarni sevmas.
Yana bir oyatda shunday marhamat qiladi:
وَلَا تَرْكَنُوا إِلَى الَّذِينَ ظَلَمُوا فَتَمَسَّكُمُ النَّارُ
(Hud: 113)
Tarjimasi:Zulm qilganlarga moyil bo‘lmang, aks holda sizlarga ham do‘zax olovi yetadi.
Ushbu oyatlar faqat zulmdan saqlanishga buyurmaydi, balki nohaq qo‘llab-quvvatlash va zolimlarni kuchaytirishdan ham qaytaradi.
Rasululloh (s.a.v.) marhamat qilganlar:
«انْصُرْ أَخَاكَ ظَالِمًا أَوْ مَظْلُومًا»
(Sahih al-Buxoriy, hadis: 2444)
Tarjimasi: «Birodaringga zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham yordam ber».
Sahobai kirom (r.a.) dedilar:Mazlumga yordam berish tushunarli, ammo zolimga qanday yordam beramiz?
Rasululloh (s.a.v.) unga zulm qilishdan to‘sish kerakligini bayon qildilar.
Islomning yo‘l-yo‘rig‘i aynan shudir: zolimga yordam berish uning zulmiga bahonalar topish degani emas, balki uni zulm qilishdan qaytarish demakdir.
Muftiy Abdurahim va Pokiston harbiy isteblishmenti siyosatini shar’iy jihatdan oqlash
Umuman olganda, bu masalada «Jomea ar-Rashid» mudiri muftiy Abdurahimning tutgan o‘rni alohida e’tiborga loyiqdir. Diniy olimning ilmiy qarashlarini muhokama qilish va tanqid etish har kimning haqqidir. Ayniqsa, uning siyosiy bayonotlari harbiy idoralarning siyosati va transchegaraviy harbiy amaliyotlariga shar’iy ruxsat berish vositasiga aylangan bo‘lsa.
2025-yil 12-dekabr kuni muftiy Abdurahim Islomobodda bo‘lib o‘tgan Ulamolar va mashoyixlarning milliy konferensiyasida Pokiston armiyasi hamda uning harbiy rahbariyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlash va ular bilan hamkorlik qilish haqida so‘z yuritgan. U Pokiston armiyasini Haramayni Sharifaynning qo‘riqchisi deb atagan.
Shuningdek, u o‘z podkastida quyidagilarni aytgan edi:Agar mamlakatning istalgan hududida shubhali bir uyni tekshirish yoki unga qarshi amaliyot o‘tkazish vaqtida bolalar va ayollar halok bo‘lsa, buning uchun Pokiston armiyasiga hech qanday gunoh, diyat yoki shunga o‘xshash majburiyat yuklanmaydi.
U, shuningdek, mamlakatni qutqarish va kuchli davlat barpo etish uchun hech kimga nisbatan mehr-muhabbat, do‘stlik va yumshoqlikka o‘rin yo‘qligini, armiya hukmronligi va hokimiyati mustahkamlanishi kerakligini aytgan. Hatto bu jarayonda bir jurnalist yoki boshqa bir nufuzli shaxs zarar ko‘rsa ham, unga nisbatan hech qanday alohida e’tibor ko‘rsatilmasligi kerakligini bildirgan. U armiyani qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlab, ulamolarni ham uning yonida turishga chaqirgan. Ushbu bayonotlarning tafsilotlari Pokiston ommaviy axborot vositalarida ham e’lon qilingan edi.
Shundan so‘ng, 2026-yil 4-oktabr kuni uning podkastlaridan biri haqida xabarlar tarqaldi. Unda muftiy Abdurahim Pokiston armiyasi Haramayni Sharifaynning qo‘riqchisi ekanini, Pokiston Islom olamidagi yagona yadroviy davlatligini va Pokiston armiyasi bilan urushish Islomga qarshi dushmanlik sifatida baholanishi kerakligini aytgan edi. Shuningdek, u Pokistonning Afg‘onistonga qarshi havo hujumlarini Pokistonning qonuniy haqqi deb hisoblagan.
Bu yerda asosiy savollar quyidagilardan iborat: bir armiyani Haramayni Sharifaynning qo‘riqchisi deb atash uning barcha harbiy harakatlarini shar’iy jihatdan oqlaydimi? Yadroviy davlat maqomi biror mamlakatga shar’iy chegaralardan oshib o‘tish uchun ruxsat beradimi? Armiyaning da’vo qilinayotgan diniy kimligi uning barcha qarorlarini tanqid va javobgarlikdan ozod qiladimi?
Shubhasiz, Haramayni Sharifaynni himoya qilish ulkan diniy xizmatdir. Ammo bu muqaddas nisbat biror armiyaning barcha harakatlarini oqlash uchun dalil bo‘la olmaydi. Haramayni Sharifaynni himoya qilishni da’vo qiladigan tashkilot boshqa tashkilotlar kabi adolat, omonatdorlik va inson hayotiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga rioya qilishi lozim.
Muftiy Abdurahimning pozitsiyasidagi asosiy muammo ham shundaki, bir armiyaning da’vo qilinayotgan diniy va milliy maqomini uning muayyan harbiy harakatlariga shar’iy ruxsat berish bilan bir xil deb bilmaslik kerak. Agar harbiy amaliyot davomida begunoh tinch aholi halok bo‘lgan bo‘lsa, bu holatni tekshirish va mas’ullarni javobgarlikka tortish zarur. Bunday vaziyatda armiyani madh etish va uni tanqiddan himoya qilish qurbonlarning yarasiga tuz sepish bilan barobardir.
Bu yerda u zotga bir necha muhim savollarimiz bor:
Agar Pokiston armiyasi harbiy amaliyot davomida begunoh tinch aholini o‘ldirsa, uni qoralash kerak emasmi?
Agar biror kishi faqat shubha asosida o‘ldirilsa, harbiy idoraning buyrug‘i ushbu qotillikni joiz qila oladimi?
Agar shifoxona, turar joy yoki tinch aholi yashaydigan maskan nishonga olinsa, bu harakat milliy xavfsizlik nomi bilan shar’iy jihatdan joiz bo‘lib qoladimi?
Diniy olimning vazifasi armiyani qo‘llab-quvvatlash uchun dalillar topishmi yoki armiyani ham shariatga bo‘ysundirishmi?
Ushbu savollar shaxsiy adovat yoki mazhabiy kelishmovchilik asosida emas, balki Qur’on va Sunnatning qat’iy tamoyillaridan kelib chiqib qo‘yilmoqda.
Ulamolarning vazifasi va saroy dinining xavfi
Ulamolarning maqomi biror armiya, hukumat yoki siyosiy partiyani targ‘ib qilish uchun emas, balki shariatni himoya qilish va haqni guvohlik bilan bayon etish uchundir. Agar biror olim harbiy idoraning barcha harakatlarini qo‘llab-quvvatlasa-yu, ammo ayni shu idoraning tajovuzlari qarshisida sukut saqlasa, bunday xatti-harakat uning ilmiy omonatdorligi haqida jiddiy savollarni yuzaga keltiradi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَىٰ وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ
(Moida: 2)
Tarjimasi: «Yaxshilik va taqvo yo‘lida bir-biringizga yordam bering. Gunoh va tajovuz yo‘lida esa bir-biringizga yordam bermang».
Rasululloh (s.a.v.) marhamat qilganlar:
«أَفْضَلُ الْجِهَادِ كَلِمَةُ عَدْلٍ عِنْدَ سُلْطَانٍ جَائِرٍ»
(Sunan Abu Dovud: 4344; Jome’ at-Termiziy: 2174)
Tarjimasi:Jihodning eng afzali zolim hukmdor huzurida adolatli so‘zni aytishdir.
Ushbu hadisning mazmuni juda ravshan. Olimning haqiqiy sinovi zaif insonlar qarshisida gapirishida emas, balki qudrat egalari qarshisida haq so‘zni ayta olishidadir. Mazlumlarning qoni to‘kilayotganida sukut saqlaydigan va qudrat egalari harakatlariga bahonalar topib beradigan kishi o‘zining diniy maqomi hamda ilmiy mas’uliyati haqida o‘zi bilan hisob-kitob qilishi kerak.
Bu yerda yana bir jihatni ham aniqlashtirish lozim: Pokistondagi barcha ulamolar bir xil pozitsiyada emas. Pokistonda harbiy razvedka siyosatini tanqid qiladigan, tinch aholining huquqlarini himoya etadigan, tinchlik, o‘zaro anglashuv va Afg‘oniston bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatilishiga chaqiradigan ko‘plab ulamolar ham mavjud.
Haqparvar ulamolarning ayrimlari o‘z pozitsiyalari va kurashlari davomida maqsadli terrorchilik hujumlari qurboniga aylanib, jonlarini fido qilganlar. Ular armiyaning siyosiy va harbiy siyosatini, mamlakatda davom etayotgan qon to‘kishlarni hamda musulmonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni kuchaytirishni xorijiy kuchlarning manfaatlari va rejalari doirasida baholaydilar. Shu sababli ayrim diniy shaxslarning pozitsiyasini Pokistondagi barcha ulamolarning fikri sifatida ko‘rsatmaslik kerak. Zero, Pokistonda zulmga qarshi turadigan, mazlumlarning ovozini ko‘taradigan hamda ummatning birligi va tinchligini istaydigan ulamolar ham bor.
Alloh taolo marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُونُوا قَوَّامِينَ بِالْقِسْطِ شُهَدَاءَ لِلهِ وَلَوْ عَلَىٰ أَنْفُسِكُمْ
(Niso: 135)
Tarjimasi:Ey iymon keltirganlar! O‘zlaringizning ziyonlaringizga bo‘lsa ham, adolatni barpo qiluvchi va Alloh uchun guvohlik beruvchi bo‘linglar.
Yuqoridagi oyatning taqozosi shuki, biror shaxsga bo‘lgan muhabbat, milliy mansublik va siyosiy manfaatlar adolat yo‘lida to‘siq bo‘lmasligi kerak.
Pokiston harbiy isteblishmenti qurolli vakil guruhlar bilan tarixiy aloqalari, ekstremistik tarmoqlarga nisbatan siyosati va Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari yuzasidan ochiq va javobgarlikka asoslangan pozitsiyani egallashi zarur. «Lashkari Toyiba», «Jayshi Muhammad», IShID va boshqa qurolli tarmoqlar haqida bildirilgan dalillar hamda ayblovlar yuzasidan xolis tekshiruvlar o‘tkazilishi lozim.
Shuningdek, muftiy Abdurahim va unga o‘xshash boshqa diniy rahbarlar shuni anglashlari kerakki, biror armiyani qo‘llab-quvvatlash faqat uning harakatlari haq, adolat va shariatga muvofiq bo‘lgan taqdirdagina diniy burch bo‘lishi mumkin.
Bu o‘sha Britaniya Hindistonining qirollik armiyasidirki, uning Islom va musulmonlarga nisbatan dushmanligi tarix sahifalarida qayd etilgan va tarixning o‘zi bunga guvohlik beradi. Ushbu armiyaning poydevori 1857-yilda Britaniya armiyasi tomonidan Islomga qarshi pozitsiya asosida qo‘yilgan. Keyinchalik uning xo‘jayinlari tarixi va ta’limotining namunalari 1971-yilda Iordaniyada kuzatildi. Bangladeshning ajralib chiqishi natijasida esa uning Islomga qarshi pozitsiyasi keng ommaga ayon bo‘ldi.
Islomoboddagi «La’l masjidi» voqeasi hamda Xaybar-Paxtunxvoning Svatdan Vaziristongacha bo‘lgan hududlarida musulmonlar qonining daryo bo‘lib oqizilishi faqat bir maqsad bilan amalga oshirildi: kelajakda hech kim shariatni tatbiq etishni talab qilmasligi uchun. Aynan shu maqsadni amalga oshirish yo‘lida ularning iffatli ayollari o‘z uylaridan quvg‘in qilindi va muhojirlar lagerlarida yashashga majbur bo‘ldilar.
Bu o‘sha armiyaki, Afg‘oniston jihodini faqat bir maqsadda qo‘llab-quvvatlagan: Afg‘oniston, ularning ta’biri bilan aytganda, Pokistonning viloyatlaridan biri bo‘lib qolishi va bu mamlakat siyosati ularning ishoralariga muvofiq tartibga solinishi uchun.
Bu o‘sha armiyaki, AQSHning birgina ishorasi bilan o‘zining havo hududi, quruqlik va dengiz yo‘llarini amerikalik salibchilar hamda ularning musulmon va musulmon bo‘lmagan ittifoqchilariga ochib bergan.
Bir olimning bunday armiyani shu tarzda qo‘llab-quvvatlashi munosib ishmi? Yoki o‘zlarini diniy olim deb ataydigan bunday shaxslar boshidanoq ushbu harbiy idoraning soyasida va uning xizmatida bo‘lganmi?
Xulosa
So‘nggi so‘z shuki, armiyaning buyukligi qurol-yarog‘ida, yadroviy qudratida va siyosiy ta’sirida emas, balki adolat, tartib-intizom va xalqni himoya qilishidadir. Ulamolarning obro‘-e’tibori ham hukmdorlar va harbiy rahbarlarga xushomad qilishda emas, balki ularning qarshisida haq so‘zni aytishdadir.
Qudrat egalari zulm qilayotganida sukut saqlaydigan olim o‘zining ilmiy maqomi haqida o‘zi bilan hisob-kitob qilishi kerak. O‘zini hisob-kitob va savol-javobdan ustun deb biladigan armiya esa shuni yodda tutishi lozimki, Alloh taoloning mahkamasida na harbiy kiyim, na hokimiyat va na shar’iy bahonalar foyda beradi.
Haq va botilni tanish mezoni Qur’on, Sunnat va adolatdir; armiyaning pozitsiyasi, davlat manfaatlari yoki biror diniy shaxsning siyosiy qaramligi emas.











