Akbar Jamol
Bir tomondan, Islom butun insoniyat uchun abadiy va hamisha yangilanib turuvchi dindir. Ikkinchi tomondan esa, dunyoda turli din vakillari o‘rtasida, hatto Islom diniga e’tiqod qiluvchilarning o‘zlari orasida ham turli fikr va qarashlar mavjudligi ochiq haqiqatdir. Biroq Islomning eng buyuk xususiyatlaridan biri shundaki, u abadiy din bo‘lish bilan birga, keng bag‘rikenglik va sabr-toqat dinidir. Shu bois Islom har qanday asosli e’tirozni tinglaydi va unga javob beradi. Bundan maqsad e’tiroz bildirgan kishining Islom haqidagi tushunchasini yanada kengaytirish hamda agar u chin qalbdan istasa, ushbu dinni qabul qilishiga imkon yaratishdir.
Shu nuqtayi nazardan, Afg‘oniston Islom Amirligi Islomiy tuzum vakili bo‘lib, uning boshqaruv tizimi ham Islom asoslariga qurilgan ekan, xalqaro munosabatlar doirasida boshqa dinlar, mafkuralar va tuzumlar bilan aloqada bo‘lish uning ajralmas ehtiyojlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli ayrim kishilar quyidagi savolga javob izlaydilar: «Birlashgan Millatlar Tashkilotining ko‘plab qonun-qoidalari Islomga zid bo‘lsa, nega Islom Amirligi ushbu tashkilot tomonidan rasman tan olinishni va unga qayta a’zo bo‘lishni istaydi?»
Bu savolga sodda va ravshan nazar tashlasak, Afg‘oniston Islom Amirligining Birlashgan Millatlar Tashkilotida rasman tan olinish va a’zolik maqomini qayta tiklash haqidagi talabi hozirgi davrning eng muhim fikriy va nazariy masalalaridan biri bilan bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Shu bois mazkur savolga aniq, qat’iy, xolis va noo‘rin talqinlardan xoli javob berish uchun musulmon faqihlari «Fiqh us-siyar» deb nomlagan va Islomning xalqaro munosabatlarga oid huquqiy asoslari sifatida e’tirof etgan shariatning alohida bir bobini o‘rganish lozim.
Islom faqat bir necha shaxsiy ibodatlardan iborat din emas, balki hayotning barcha sohalarini qamrab olgan mukammal tizimdir. Islom bu dunyoda musulmonlar bilan bir qatorda boshqa millat va din vakillari ham yashashini tan oladi. Shu sababli Islomiy davlat o‘z mavjudligini saqlab qolish, barqarorlikni ta’minlash va diniy da’vatni amalga oshirish uchun ular bilan savdo-sotiq, shartnomalar hamda diplomatik munosabatlar olib borishga muhtojdir.
Islom shariatining asosiy tamoyillaridan biri shuki, musulmon bo‘lmagan davlat yoki xalqaro tashkilot bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish, u bilan shartnoma tuzish yoxud undan rasman tan olinishni talab qilish Islomiy hukumatning o‘sha davlat kufrini yoki g‘ayriislomiy qarashlarini chin qalbdan qabul qilganini aslo anglatmaydi. Aksincha, bunday munosabatlar, avvalo, «jalb ul-masolih» (manfaatlarni qo‘lga kiritish) va «daf’ ul-mafosid» (zararlarning oldini olish) kabi shar’iy tamoyillar asosida amalga oshiriladi.
Ushbu tamoyilning eng yorqin amaliy namunasini Rasululloh (s.a.v.)ning muborak siyratlari va Hudaybiya sulhi voqeasida ko‘rish mumkin. Madinai Munavvarada Islom davlati tashkil topgach, Rasululloh (s.a.v.) o‘sha davrning yirik g‘ayriislomiy davlatlari — Rum qaysari, Fors Kisrosi va Habashiston podshohiga rasmiy diplomatik maktublar yubordilar. Shuningdek, Makka mushriklari bilan ham Hudaybiya sulhi kabi yozma shartnoma tuzdilar. Holbuki, Qurayshning butun tuzumi shirk asosiga qurilgan edi.
Imom Ibn Qayyim Jauziyya rahimahulloh o‘zining mashhur «Zod ul-ma’od fi hadyi xayril-ibod» nomli asarida (3-jild, 260–265-betlar, Bayrutdagi «Muassasat ar-Risola» nashri) Hudaybiya sulhining fiqhiy manfaatlarini bayon qilib, Islomiy davlatning tinchlik muhitini yaratishi va g‘ayriislomiy kuchlar bilan shartnoma tuzishi unga iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, mudofaa salohiyatini mustahkamlash hamda Islom xabarini butun dunyoga yetkazish uchun imkoniyat yaratishini ko‘rsatib bergan.
Islom fiqhi tarixida buyuk imomlar xalqaro munosabatlarga oid ushbu tamoyilni batafsil bayon qilganlar. Hanafiy mazhabining buyuk imomi va Islom xalqaro huquqining asoschilaridan biri Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahimahulloh (hijriy 189-yilda vafot etgan) o‘zining mashhur «Kitob us-siyar al-kabir» asarida (Imom Saraxsiy sharhi, 5-jild, «Bob ul-muvoda’a», 1689-bet, Qohiradagi Arab davlatlari ligasi nashri) musulmonlar uchun foyda va manfaat mavjud bo‘lgan taqdirda, g‘ayriislomiy davlatlar bilan tinchlik shartnomalari (muvoda’a) tuzish, diplomatik munosabatlar o‘rnatish va o‘zaro hamkorlik qilish shar’an joiz hamda ummat manfaatlariga muvofiq ekanini bayon qilgan.
Shuningdek, mashhur faqih va hijriy V asrning qozil-quzotlaridan Imom Abulhasan Mavardiy rahimahulloh (hijriy 450-yilda vafot etgan) Islomiy davlat boshqaruviga bag‘ishlangan nufuzli «Al-Ahkom as-sultoniyya» asarida (birinchi bob: «Fi aqdil imoma», 29-bet, Qohiradagi «Dor al-hadis» nashri) hukmdorning asosiy vazifalarini bayon qilib, Islomiy davlat chegaralarini himoya qilish va xalq farovonligini ta’minlash maqsadida tashqi dunyo bilan tinchlik o‘rnatish hamda shartnomalar tuzish imomning shar’iy mas’uliyatlaridan biri ekanini ta’kidlagan.
Bu masalaning eng chuqur fiqhiy jihatini Shayxulislom Imom Ibn Taymiyya rahimahulloh (hijriy 728-yilda vafot etgan) ochib bergan. U zot «Majmu’ul fatovo» (20-jild, 48-bet va 28-jild, 284-bet, Madinai Munavvaradagi «Majma’ al-Malik Fahd» nashri) hamda «As-siyosat ash-shar’iyya fi islohir-ro’i var-ra’iyya» (14-bet, «Dor Olam al-Favoid» nashri) nomli asarlarida quyidagi muhim tamoyilni bayon qilganlar: shariat har doim ham faqat ikki mutlaq holat — sof yaxshilik yoki sof yomonlik bilan yuzma-yuz kelavermaydi. Aksincha, yaxshilik va yomonlik bir-biriga aralashgan vaziyatlarda shariatning asosiy talabi kattaroq manfaatga erishish va kattaroq zararning oldini olishdan iboratdir.
Imom Ibn Taymiyya rahimahulloh ushbu tamoyilga dalil sifatida Qur’oni karimda bayon qilingan Yusuf (a.s.) voqeasini keltiradi. Yusuf (a.s.) musulmon bo‘lmagan Misr podshohining boshqaruv tizimida xazina vazirligi mas’uliyatini o‘z zimmalariga olganlar. U zotning bu vazifani qabul qilishlaridan maqsad o‘sha podshohning g‘ayriislomiy tuzumini qo‘llab-quvvatlash emas, balki mavjud tizim doirasida insonlarni dahshatli qahatchilik falokatidan qutqarish va haq da’vatini yoyish edi.
Demak, ushbu Islomiy fiqh tamoyilini bugungi dunyoning o‘zgaruvchan sharoitlariga tatbiq etsak, masala yanada ravshanlashadi. Tarixda Islom xalifaligi dunyodagi eng qudratli davlat bo‘lgan davrlar ham mavjud. O‘sha davrda musulmonlar, ma’lum ma’noda, o‘z zamonlarining «Birlashgan Millatlar Tashkiloti» maqomida edilar. Bunday sharoitda g‘ayriislomiy davlatlar musulmonlar bilan shartnoma tuzishga va ular tomonidan rasman tan olinishga ehtiyoj sezardilar.
Biroq keyingi davrlarda musulmonlarning ichki zaifliklari, siyosiy va ilmiy jihatdan tanazzulga yuz tutishi natijasida dunyo miqyosida yetakchilik bo‘shlig‘i vujudga keldi. G‘arb va boshqa g‘ayriislomiy kuchlar ushbu bo‘shliqni to‘ldirdilar. Bugungi kunda esa jahon tizimi, pul birliklari, bank faoliyati, havo hududidan foydalanish va diplomatik qonun-qoidalar, asosan, aynan shu kuchlar tomonidan belgilangan tamoyillar asosida boshqarilmoqda.
Hozirgi zamon ulamolari va Mavlono Abu Ammor Zohid ar-Rashidiy sohib kabi mutafakkirlar («Asr-i hozir mein ijtihod» kitobi hamda Gujronvolada nashr etiladigan oylik «Ash-Shari’a» jurnalidagi bosh maqolalar muallifi) e’tiborimizni bugungi dunyoning muhim bir haqiqatiga qaratadilar: hozirgi dunyo global qishloqqa aylangan bo‘lib, hech bir davlat jahon hamjamiyatidan butunlay ajralgan holda, yolg‘iz o‘zi hayot kechira olmaydi.
Ulamolar nuqtayi nazariga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining insonparvarlik yordami, savdo-sotiq va tinchlikka oid ayrim moddalari Islomiy ko‘rsatmalarga zid emas. Ammo Islomga qarama-qarshi bo‘lgan moddalar yuzasidan Islomiy davlatlar o‘zlarining shar’iy e’tirozlari va istisnolarini (Reservations) rasman qayd ettirishlari, boshqa masalalarda esa xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni davom ettirishlari mumkin.
Mana shu shar’iy, fiqhiy va tarixiy asoslarni hisobga olgan holda, Afg‘oniston Islom Amirligining Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi o‘z o‘rnini qayta tiklash va rasman tan olinish haqidagi talabini ko‘rib chiqsak, bu talabning asosiy maqsadi hech qanday g‘ayriislomiy qonunni qabul qilish emas, balki Imom Ibn Taymiyya rahimahulloh bayon qilgan «zararlarning oldini olish va manfaatlarni qo‘lga kiritish» tamoyilini amalda tatbiq etishdan iborat ekani ayon bo‘ladi.
Chunki Islom Amirligi mas’uliyatli hukumat sifatida ushbu xalqaro maydondan chetda qolish Afg‘oniston uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishini yaxshi anglaydi. Jumladan, mamlakat kuchli diplomatik yakkalanish, iqtisodiy sanksiyalar, milliy boyliklarning muzlatib qo‘yilishi va xalqaro bank tizimidan chetda qolish kabi jiddiy muammolarga duch kelishi mumkin. Bunday zararlarning og‘ir yuki esa bevosita Afg‘onistonning millionlab oddiy fuqarolari zimmasiga tushadi.
Bundan tashqari, bugungi jahon tizimi g‘ayriislomiy kuchlar ta’siri ostida ekanini hisobga olsak, Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘rin egallash, aslida, umumiy xalqaro maydonga chiqish uchun muhim strategik vositadir. Bu orqali Islom Amirligi xalqaro minbardan o‘ziga qarshi tarqatilayotgan targ‘ibot va da’volarga javob berishi, o‘zining haqiqiy pozitsiyasini jahon hamjamiyatiga yetkazishi hamda Islom shariati belgilagan chegaralarga to‘liq rioya qilgan holda o‘z tuzumining mustaqilligini, shuningdek, xalqning iqtisodiy va insoniy huquqlarini himoya qilishi mumkin.














