Da’vodan harakatgacha: zamonamiz xavorijlarining sharmandali amallariga bir nazar 12-qism, yakuniy

Usama Nuhzat

IShID xorijlari paydo bo‘lgan ilk lahzalardan boshlab bugungi kungacha doimo dunyo va oxirat saodati shiorlarini baland ko‘tarib kelishdi. Ularning rahbarlaridan tortib, reklama va targ‘ibot videolarida dabdabali va aldovchi ko‘rinishda namoyon bo‘lgan eng quyi a’zolarigacha  barchasi Islom ummatining dunyosi va oxiratini obod qilish haqida gapirishardi. Ammo bularning barchasi faqat da’vo edi, amalda esa mutlaqo boshqacha bo‘ldi.

Ha, to‘g‘ri, IShID xorijlari yoqimli, jozibali va go‘yoki xayrixohlikka to‘la da’volarni ilgari surib, o‘zlarini isloh va yaxshilik targ‘ibotchilari sifatida ko‘rsatishdi. Ammo amalda ular aynan buning teskarisini qildilar: ular nafaqat ummatning dunyosini yashab bo‘lmas xarobaga aylantirdilar, balki ularga ergashganlarning oxiratini ham barbod qildilar.

IShID qayerda Islom yerlariga qadam qo‘ysa, u yerda xalifat barpo etish va butun dunyoga urush e’lon qilish kabi bo‘sh da’volar nomidan shahar va qishloqlarni tezda vayronaga aylantirdi, musulmonlarning uy-joylarini buzib tashladi. Iroq va Shomdagi ko‘plab shaharlar bu haqiqatning tirik guvohidir. Jumladan, Iroqdagi Mosul va Shomdagi Raqqa  garchi bu shaharlar IShIDning vabodek balosidan xalos bo‘lgan bo‘lsa-da, ammo ularning xarobalari hanuz bu jirkanch guruhning izlarini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Shaharlarning vayron qilinishi bu fojianing faqat tashqi ko‘rinishi edi. IShIDni Islom ummati nazarida yanada jirkanch va nafratli qilgan narsa  ularning buzuq aqidalari hamda Islomning muqaddas hukmlariga nisbatan noto‘g‘ri, buzib talqin qilingan va haddan oshgan sharhlari edi. Aynan shu omil sababli IShID nafaqat musulmon ummatining dunyosini vayron qildi, balki ularning oxiratiga ham mutlaqo rahm qilmadi.

IShID keng ko‘lamli va tartibli targ‘ibot kampaniyalari hamda diniy ramzlardan nopok va vositaviy tarzda foydalanish orqali ko‘plab musulmonlarni o‘ziga tortishga muvaffaq bo‘ldi. Ular odamlarning his-tuyg‘ularini yollash quroliga aylantirdilar. Ongli yoki ongsiz ravishda xorijlar fitnasiga tushib qolgan bu kishilar o‘z hayotlarini go‘yo o‘tin kabi bu fitna olovini yanada kuchaytirish yo‘lida qurbon qildilar.

IShID xavorijlar amalda shuni isbotladilarki, ularning musulmonlar dunyosi va oxiratini obod qilish bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Bu guruh qayerga borsa, o‘sha yerda xavfsizlik yo‘qoldi, odamlarning rizqi va tirikchiligi uzildi, oddiy hayot esa qo‘rqinchli va dahshatli tushga aylandi. Kechagina o‘z uylarida osoyishta yashab yurgan musulmonlar yo boshpanasiz qoldilar, yo esa IShIDning yolg‘on da’volari vayronalari ostida jon berdilar.

Ammo fojia bu bilan tugamadi. IShID aynan shu amallari bilan o‘z tarafdorlarining oxiratini ham o‘yin maydoniga aylantirdi. Alloh taologa yaqinlashish, Uning roziligiga erishish va jannat umidi bilan ularga qo‘shilgan sodda yoshlar qon, zulm, tajovuz va Alloh bandalarining huquqlarini poymol qilishga to‘la yo‘lga haydab kiritildi. Bu yo‘lda na ibodatning isi bor edi, na hidoyat nuri ko‘rinardi.

IShID xorijlari musulmonlarni Islom nomidan qirib, hech qanday mezon va rahmsiz takfir qilish orqali nafaqat ummatning dunyoviy hayotini og‘ir va tor qildilar, balki o‘z izdoshlarining bo‘yniga ham kechirilmas gunohlar yukini ortdilar. Ular bunyodkorlik o‘rniga vayron qildilar, hidoyat o‘rniga esa odamlarni halokat jarligiga yetakladilar.

Oxir-oqibat IShIDdan qolgan narsa na xalifat bo‘ldi va na obodlik. Balki ularning yorqin, ammo chalg‘ituvchi shiorlariga aldanib qolganlar uchun kuygan bir dunyo va barbod bo‘lgan bir oxirat qoldi. Bu  Islom ummati juda og‘ir bedel to‘lagan achchiq va alamli haqiqatdir.

Exit mobile version