Xalil
IShID va fiqhning hokimiyat quroliga aylantirilishi
IShID tomonidan chiqarilgan fiqhiy hukmlar va ularning haddan tashqari diniy talqinlarini tahlil qilganimizda, oddiy, diniy va ishonchli ilmiy ijtihodga asoslangan fiqh tizimi bilan emas, balki butunlay boshqa bir tuzilma bilan yuzma-yuz kelayotganimiz ayon bo‘ladi. Endi asosiy savol shuki: bu soxta fiqh, sun’iy qonunchilik va dinning mutaassib talqinlaridan ko‘zlangan yakuniy maqsad nima edi? Javobni Qur’oni karim, Rasululloh ﷺ sunnati yoki mujtahid imomlar va xalifalarning siyratidan emas, balki IShIDning hokimiyatga chanqoqlik va hukmronlik mantiqidan izlash lozim.
IShID o‘z hukmronligi davrida fiqh deb atagan narsa, aslida bitta maqsad uchun ishlab chiqilgan soxta va buzib talqin qilingan qoidalar majmuasi edi: xalifalik nomi ostida ma’lum bir guruh hokimiyatini barpo etish, saqlab qolish va kengaytirish. Bu soxta fiqh dinni to‘g‘ri anglash yo‘li emas, balki hokimiyat ideologiyasining vositasi edi.
Ularning buzib talqin qilingan fiqhini uch o‘zaro bog‘liq bosqichda tahlil qilish mumkin:
Birinchi bosqich
IShID o‘zining cheksiz zo‘ravonligini qonuniy, hatto muqaddas qilib ko‘rsatish uchun din va fiqhni soxtalashtirishga muhtoj edi. Shu sababli jihod tushunchasini shunday qayta ta’rifladiki, harbiy va tinch aholi, mudofaa va tajovuz, hatto musulmon va g‘ayrimusulmon o‘rtasidagi barcha chegaralar yo‘q qilindi.
Bu doirada odamlarni o‘ldirish qisos, terrorizm hududni ijro etish, shaharlarni bosib olish esa islomiy fath deb ataldi.
Bu qayta ta’rif bir tomondan yangi qo‘shilganlarga e’tiqodiy va hissiy turtki berib, jinoyatni ibodat libosiga o‘rab ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan tashqi dunyoga bu guruh muloqot va murosa yo‘lini tan olmaydi, faqat zo‘ravonlik tilini tushunadi, degan xabarni yetkazardi
Ikkinchi bosqich
IShID o‘z mavjudligini saqlab qolish uchun mutlaqo itoatkor va bir xil jamiyat yaratishga majbur edi. Bu yo‘ldagi eng muhim vosita keng qamrovli takfir bo‘ldi. Guruh faqat o‘z a’zolarinigina haqiqiy musulmon deb e’lon qildi, ulardan boshqa barchani qarshi bo‘lgan sunniy va shialarni, so‘fiylarni va hatto g‘ayrimusulmonlarni kufr safiga qo‘shdi. Shu tariqa ular o‘zlari bilan boshqalar o‘rtasida qattiq va qonli identitet chegarasini yaratdilar.
Bu fikrga ko‘ra, IShID tarafdorlari ruhiy qamal holatiga tushib qolgan edilar: ularning tasavvuridagi dunyoda hamma dushman, najotning yagona yo‘li esa IShID yetakchilariga so‘zsiz itoat edi. Natijada shaxsning avvalgi o‘zligi millat, qavm va hatto oilaviy an’anaviy dindorlik ham yo‘qoldi, ko‘r-ko‘rona firqaviy sadoqat eng oliy fazilatga aylandi. Bu tuzilma ichida har qanday savol yoki tanqid xiyonat deb baholanardi.
Uchinchi bosqich
IShID ma’lum hududlar ustidan nazorat o‘rnatgach, ularni boshqarish uchun hukumat mexanizmlariga ehtiyoj sezdi. Ayollarga oid keskin hukmlar, jamoaviy jazolar, o‘zboshimchalik bilan joriy etilgan moliyaviy qonunlar va qattiq xavfsizlik qoidalari orqali ular politsiyaviy-harbiy boshqaruvni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldilar.
Bu qonunlar bir nechta asosiy xususiyatga ega edi:
birinchidan, ularda hech qanday moslashuv yoki talqin imkoniyati yo‘q edi va talqin huquqi to‘liq harbiy qo‘mondonlar qo‘lida edi;
ikkinchidan, odamlar hayotining barcha jabhalarini qattiq nazorat ostiga olardi;
uchinchidan esa qatl, qamchilash va tana a’zolarini kesish kabi og‘ir jazolarni omma oldida ijro etish orqali asosiy maqsad umumiy qo‘rquvni shakllantirish va har qanday norozilik yoki itoatsizlikning oldini olish edi. Bu yerda fiqh va qonun adolat uchun emas, balki qo‘rquv orqali hukmronlikni mustahkamlash uchun xizmat qildi.
Xulosa qilib aytganda, IShID fiqhi salafi solihinga qaytish da’vosiga qaramay, aslida zamonaviy va siyosiy hodisa edi; u takfiriy mutaassiblik, zamonaviy tashkiliy usullar va keskin istibdodning xavfli qorishmasidan iborat edi. Unda hukmron bo‘lgan mantiq dindorlik yoki diniy istinbot mantiqi emas, balki muayyan bir tashkilotning yashab qolishi va kengayishi mantiqi edi. Hatto jinsiy qullik yoki tarixiy yodgorliklarni vayron qilish kabi amallar ham din matnlaridan emas, balki bu guruhning ruhiy va siyosiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan edi.
Shu bois IShID va shunga o‘xshash oqimlarga qarshi kurash faqat harbiy kuch bilan samarali bo‘la olmaydi. Bu kurash ikki yo‘nalishda olib borilishi lozim: bir tomondan ularning jismoniy tuzilmalarini yo‘q qilishga qaratilgan xavfsizlik kurashi, ikkinchi tomondan esa ularning zo‘ravonlikka asoslangan va hokimiyatparast asl qiyofasini fosh etuvchi ilmiy-ma’rifiy va fikriy kurash. Bu oqimlarning yakuniy mag‘lubiyati jihod, xalifalik, shariat va ummat kabi tushunchalar buzib talqin qiluvchilar qo‘lidan xalos bo‘lib, ularning zo‘ravonona rivoyati musulmonlar ongida va vijdonida ochiq-oydin rad etilgan paytda yuz beradi.












