Xalil
IShIDda axloqiy tanazzul
Agar bir diniy, siyosiy, fikriy yoki madaniy oqimni, umuman olganda har qanday mafkurani to‘g‘ri va aniq tanimoqchi bo‘lsak, uni anglashdagi eng muhim mezonlardan biri o‘sha oqim va mafkuraning axloqidir. Chunki axloq har bir din va mafkuraning asosi, poydevori va ruhi hisoblanadi. Qaysi din yoki mafkurada axloq bo‘lmasa, u ruhsiz bir qobiqka va asossiz shiorlar majmuasiga aylanib qoladi.
Islomda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z risolatlarining maqsadini yuksak axloqni kamolga yetkazish deb bayon qilganlar va shunday deganlar:
«إِنَّمَا بُعِثْتُ لِأُتَمِّمَ مَكَارِمَ الْأَخْلَاقِ»
Bu hadis Islom risolati, avvalo, harbiy yoki siyosiy emas, balki axloqiy risolat ekanini ochiq-oydin ko‘rsatadi. Islom mantiqida inson qadr-qimmati asos hisoblanadi, inson jonining hurmati muqaddasdir; yolg‘on, zulm, xiyonat, aldov va ko‘r-ko‘rona zo‘ravonlik esa katta gunohlar jumlasiga kiradi.
Aslida islomiy axloq uch asosiy ustunga tayanadi: rahmat, adolat va aql-idrok. Haqiqiy musulmon hatto dushmanlik holatida ham adolatdan chekinmaydi. Qur’oni Karimda ochiq aytiladi:
«وَلَا يَجْرِمَنَّكُمْ شَنَآنُ قَوْمٍ عَلَىٰ أَلَّا تَعْدِلُوا ۚ اعْدِلُوا هُوَ أَقْرَبُ لِلتَّقْوَىٰ»
(“Bir qavmga bo‘lgan dushmanlik sizlarni adolatsizlikka undamasin; adolat qiling, bu taqvoga yaqinroqdir”)
Islom mantiqida muqaddas maqsad hech qachon nopok vositani oqlamaydi. Hech qanday maqsad insonlarning yolg‘on, terror va aldov qurboniga aylanishiga ruxsat bermaydi.
Endi agar shu axloqiy mezonlar asosida IShID guruhiga nazar tashlasak, chuqur va uyatli ziddiyatlarga duch kelamiz. IShID axloqiy jihatdan nafaqat islomiy guruh emas, balki butunlay Islomga zid holda turadi. Bu guruh axloqi uch asosga qurilgan: qalb qattiqligi, tizimli aldov va keng ko‘lamli takfir. IShID tasavvurida inson na maqsad, na qadriyatdir; balki oddiy vositadir. Bu johil guruh uchun begunoh jon faqat jamiyatni qo‘rqitish, jismoniy yo‘q qilish va yashirin qudrat namoyishi uchun ishlatiladigan vositadir.
IShID axloqida oddiy va tinch aholining o‘ldirilishi, masjid va bozorlarda portlashlar, bolalar va ayollarning qatl etilishi hamda jinoyatlarni oqlash uchun Qur’on oyatlarining buzib talqin qilinishi bularning barchasi joiz, hatto muqaddasdek ko‘rsatiladi. Holbuki, Islom begunoh inson jonini butun insoniyat joni bilan teng deb biladi. Qur’oni Karim bu borada shunday deydi:
«مَنْ قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا»
(“Kim bir jonni qotillik yoki yer yuzida buzg‘unchilik qilmagani holda o‘ldirsa, go‘yo butun insoniyatni o‘ldirgandek bo‘ladi”).
Ushbu Qur’oniy mezonga ko‘ra, bitta begunoh insonni o‘ldirish butun bashariyatga qarshi jinoyatdir. Holbuki, IShID masjid va bozorlardagi portlashlar, bolalar va ayollarning o‘ldirilishi hamda maqsadsiz hujumlarni “jihod” nomi bilan oqlaydi, ammo Qur’on bunday xatti-harakatlarni ochiq-oydin fasod deb ataydi.
Asl islomiy axloq mantiqida musulmon odamlar uning qo‘li va tilidan omonda bo‘lgan kishidir. Ammo IShID mantiqida “haqiqiy musulmon” ko‘proq o‘ldirgan, ko‘proq qo‘rqitgan va ko‘proq vayronagarchilik keltirgan shaxsdir. Tushunchalarning bu tarzda buzilishi va teskarilanishi IShIDning eng xavfli fikriy jinoyatidir; zo‘ravonlikni fazilatga, rahmatni esa zaiflikka aylantirishdir. Bu kasal fikriy tizimda rahmat ojizlik belgisi, qattiqqo‘llik esa imon alomati sifatida talqin qilinadi.
Shuningdek, islomiy axloq rostgo‘ylik, pok niyat va shaffoflikka asoslanadi, ammo IShID axloqi yolg‘on, sahnalashtirish va media orqali aldov ustiga qurilgan. Ular soxta tasvirlar, buzib talqin qilingan rivoyatlar va uydirma hikoyalar bilan bexabar yoshlarning ongini zaharlaydilar. Islom mantiqida niyat ham, amal ham pok bo‘lishi lozim; IShID mantiqida esa aldov “jihod” jinoyat esa “jasorat” deb ataladi.
IShIDda axloq yo‘qligining yana bir belgisi aqlga dushmanlikdir. Islom aqlni insonning ichki hujjati deb biladi, ammo IShID aqlni imonga dushman sifatida ko‘rsatadi. Nega? Chunki aql savol beradi, tahlil qiladi va aldanmaydi. IShID ongli insondan qo‘rqadi va faqat ko‘r-ko‘rona, savolsiz ergashuvchilarni xohlaydi. Shu sababli ta’lim, tafakkur va savol berish IShID tafakkurida umuman o‘rin topmaydi.
Xulosa qilib aytganda, agar axloqni mezon qilib olsak, IShID guruhi Islom bilan hech qanday aloqaga ega emas. Bu guruh na Payg‘ambar merosxo‘ri, na solihlar yo‘lining davomchisidir. IShID rahm-shafqatli Islomning farzandi emas, balki nafrat, tarixiy adovatlar, diniy jaholat va begona loyihalarning mahsulidir.
Shu bois qon, yolg‘on va qo‘rquv ustiga qurilgan “xalifalik” xalifalik emas, o‘lim do‘konidir. Axloqsiz xalifalik Islomdan yiroqdir, garchi ming marta Islom nomini tilga olsa ham. Bugungi kunda haqiqiy Islom bilan IShIDcha “Islom” o‘rtasidagi to‘qnashuv ikki dunyoqarashning to‘qnashuvidir: nabaviy axloq dunyosi bilan IShID qasoskorligi dunyosi o‘rtasidagi qarama-qarshilik. Bu qarama-qarshilik, ayniqsa yosh avlod Islom haqiqatini IShIDning buzib ko‘rsatishlaridan ajratib olmaguncha, davom etaveradi.
















