Mehrabon Payg‘ambar: s.a.v. ning shirin siyrati! 6_qism

Junayd

Muhammad s.a.v. jaholat va nodonlikka qarshi haqiqiy hayot uchun kurash olib bordilar

Haqiqat shuki, Arab diyori nihoyatda qo‘pol va qattiq tabiiy sharoitga ega edi. Avvalgi dinlardan, taraqqiyot va yuksalish bilan bog‘liq bo‘lganlaridan birortasi ham bu diyorga singib kira olmadi. Har bir qabila mol-dunyoni qo‘lga kiritish uchun boshqa qabilaga hujum qilar, ular bilan urushardi. Qizlar go‘daklik chog‘idayoq hech qanday rahm-shafqatsiz o‘ldirilardi, ayollar esa qullar va kanizaklar bilan teng maqomda ko‘rilardi.

Ularning holati shunday edi, ammo Islom butunlay boshqacha! Agar Rasululloh s.a.v. rahmat va mehr-shafqatga doir qanchalik keng va mukammal qarashga ega bo‘lganlariga hayron bo‘lsak, u zot yashagan muhitni bilganimizda va bu axloqqa (mehribonlikka) qanday nigoh bilan qaraganlarini ko‘rganimizda, bu hayrat bir necha barobar ortadi.

Imom Muslim r.a. o‘zining Sahihida Iyod ibn Himor r.a. dan rivoyat qilgan hadisda, Rasululloh s.a.v. ning bi’satidan avval yer yuzining holati aniq bayon etilgan.

Ushbu hadishda Rasululloh s.a.v. shunday marhamat qiladilar:

إِنَّ اللهَ نَظَرَ إِلَى أَهْلِ الْأَرْضِ، فَمَقْتَهُمْ عَرَبَهُمْ وَعَجْمَهُمْ، إِلَّا بَقَايَا مِنْ أَهْلِ الْكِتَابِ

Tarjimasi: Alloh taolo yer yuzidagi odamlarni nazaridan o‘tkazdi va ahli kitobdan qolgan ozchilikdan tashqari, arab va g‘ayri arablarning barchasidan norozi bo‘ldi.

Odamlar shu qadar adashgan va yomon holatga tushib qolgan edilarki, bu Alloh taoloning g‘azabini qo‘zg‘atgan edi. Quyida bunga bir necha misol keltiramiz:

Birinchi: Rim davlati holati

Turli nasroniy firqalar o‘rtasidagi aqidaviy ixtiloflar bu davlatning ichki bog‘liqligini parchalab yuborgan edi. Bir tomondan pravoslav mazhabi bilan Sharqiy cherkov, boshqa tomondan esa katolik mazhabi bilan G‘arbiy cherkov o‘rtasida keskin nizolar mavjud edi. Bu ixtiloflar shunchalik kuchayib ketdiki, vayronkor urushlar yuz berdi va natijada o‘n minglab odamlar halok bo‘ldi.

Sharqiy Rim (pravoslav) davlatining o‘z ichida ham melkiylar (Masihning ikki tabiatga ega ekaniga ishonuvchilar) bilan monofizitlar (Misr va Habashiston aholisi bo‘lib, Masihda faqat bitta  ilohiy tabiat bor, deb e’tiqod qiluvchilar) o‘rtasida juda keskin va vayronkor nizolar yuzaga keldi. Melkiylar ikkinchi firqaga nisbatan nihoyatda og‘ir va og‘riqli jazolarni qo‘llar edilar: ba’zan ularni yoqib yuborar, ba’zan suvga g‘arq qilar edilar. Holbuki, ularning barchasi bir din  pravoslavlikka mansub edi.

Bu aqidaviy ixtiloflar shu darajaga yetdiki, Islom fathlari Misrga yetib kelganida, qibtlar (misrliklar) Rim davlati zulmi va jazolaridan xalos bo‘ldilar. Shuningdek, Rim davlatida oddiy rimliklarning hayoti ham nihoyatda og‘ir edi. Davlat o‘z hududida yashovchilarning barchasiga og‘ir soliqlar yuklagan edi. Eng og‘ir soliq yuki boylarga emas, balki kambag‘al xalqqa yuklatilgan edi.

Rim jamiyati ikki tabaqaga bo‘lingan edi: erkin (mustaqil) kishilar  ya’ni ashroflar va zodagonlar hamda qullar. Son jihatidan qullar ashroflardan uch barobar ko‘p bo‘lib, hech qanday huquqqa ega emas edilar; ularning taqdiri to‘liq xo‘jayinlari qo‘lida edi. Jamiyatda ularga hech qanday hurmat ko‘rsatilmas edi. Hatto ideal shahar nazariyasining egasi bo‘lgan Aflotun ham qullar yashash huquqiga ega bo‘lmasligi kerak, degan fikrda edi.

Qiyinchilik faqat qullar va kambag‘allargagina emas, balki ayollarning holati bundan ham battar edi. Rimda ayollarning hayoti masalalari muhokama qilingan katta majlis o‘tkazildi. Bu majlis bir necha yig‘ilishlardan so‘ng shunday xulosaga keldi: ayol jon-ruhga ega bo‘lmagan mavjudotdir; shu sababli u oxirat hayotiga ega emas, merosdan ulush olmaydi va nopok hisoblanadi; u go‘sht yemasligi va kulmasligi kerak. Hatto ayollarning gapirishlari ham taqiqlanib, og‘izlariga temir qulf solinar edi. Ashrof oilalaridan bo‘lgan ayollar ham, quyi tabaqa ayollari ham ko‘cha va uylarida og‘izlariga katta qulf solingan holda yashashga majbur edilar.

Exit mobile version