Pokiston ning g‘ayur millati harbiy tog‘utiy rejim asoratida!

Zulkifl Zaki

Hind zaminida Islomning sakkiz yuz yillik hukmronligi nafaqat tarix sahifalarida, balki inson qalblarining eng chuqur qatlamlarida ildiz otgan edi. Britaniya mustamlakachiligi kirib kelib, musulmonlar zaiflashgan davrlarda ham, baland minoralardan yangragan azon sadolari bu diyorning ruhiy hayotidan darak berib turardi. Bu yurtda musulmon avlodlar izma-iz yashab, aynan shu iymonli xalq mustamlakachilikka qarshi kurashning old safida turib, ozodlik yo‘lida beqiyos fidoyilik ko‘rsatdi.

Pokistonning vujudga kelishi oddiy siyosiy hodisa yoki hududiy ajralish emas edi. Bu iymon, tafakkur va milliy o‘zlikdan tug‘ilgan ulkan bir to‘lqin edi. Bu muqaddas g‘oya islomiy qadriyatlar, e’tiqodiy birlik va ummat birdamligi orzusidan oziqlangan edi. Britaniya Hindistoni bo‘linish arafasida turgan pallada musulmonlar faqat bir parcha yer uchun emas, balki shunday yurt uchun kurashdilarki, unda hayot islomiy tamoyillar asosida barpo etilsin, adolat qaror topsin va “La ilaha illalloh” soyasida osoyishtalik hukm sursin.

Bu harakatning asl kuchi g‘ururli va iymonli xalq edi. Ular o‘z e’tiqodlari nurida uyg‘onib, islomiy o‘zligini saqlab qolish uchun behisob qurbonliklar berdilar. Ular yaxshi anglar ediki, Islom faqat ibodatlar majmui emas, balki siyosat, iqtisod va hayotning barcha jabhalarini qamrab oluvchi mukammal tizimdir. Mustamlakadan yangi xalos bo‘lgan bu zamin musulmonlari ham o‘z dini, madaniyati va tarixiga tayangan holda mustaqil tuzumga ega bo‘lish huquqiga ega edilar.

Ana shu ezgu maqsad yo‘lida ulamolar, fikr yetakchilari va oddiy xalq bir yoqadan bosh chiqarib kurash olib bordilar. Ular Qur’on va sunnat yo‘lidan ilhom olib, adolat va birodarlik asosida islomiy jamiyat orzusini haqiqatga aylantirdilar. Pokistonning paydo bo‘lish ildizi faqat siyosatda emas, balki islomiy tafakkur, ummat ongi va mustaqil islomiy tuzum orzusida yotadi. Bu – iymon tarix yo‘nalishini o‘zgartirgan, xalq esa o‘z dinini asrash uchun yangi vatan bunyod etgan bir hikoyadir.

Ammo voqealar kutilganidek kechmadi. Islom va shariatni mustahkamlash shiori ostida barpo etilgan bu yurt yana begona ta’sirlar qo‘liga tushdi. Shariat o‘rniga g‘arbona qonunlar joriy etildi, demokratiya nomi bilan begona tizimlar tatbiq qilindi va sekulyar qarashlar jamiyatga singdirildi.

Hokimiyat tepasiga shunday bir qatlam keldiki, ular hatto g‘arbning o‘zidan ham ortiq darajada uning manfaatlariga sodiq bo‘lib chiqdi. Aynan shu harbiy tuzum boshqaruvni qo‘lga olgan kundan boshlab, o‘z xalqiga, ummatga va islomiy qadriyatlarga nisbatan sovuqqonlik va dushmanlik ko‘rsatdi. Ular g‘arb va Amerika loyihalarini ilgari surib, arzimas moddiy manfaatlar evaziga o‘z xalqini va qadriyatlarini sotishga tayyor bo‘ldilar.

Ularning adolatsiz siyosati jamiyat ichida chuqur tafovutlarni keltirib chiqardi. Shunday darajaga yetildiki, bir musulmon boshqa musulmonni dushman deb ko‘ra boshladi. Ba’zi hududlar oddiy yashash sharoitlaridan ham mahrum bo‘lib qolgan bir paytda, boshqalar farovon hayot kechirmoqda. Og‘ir soliqlar va qarzlar xalqni qiyin ahvolga solgan, biroq ayni hukmdorlar hashamatli hayot kechirishda davom etmoqda.

Ey g‘ururli Pokiston xalqi!

Bu o‘sha kuchlardirki, bir paytlar sizning arab mujohid birodarlaringizni — musulmonlarga yordam berish uchun kelgan va Allohning nusratiga erishib, Sovet imperiyasini tor-mor qilgan insonlarni xiyonat bilan G‘arb va Amerikaga topshirdilar. Xuddi shu kuchlar Afg‘oniston urushi davomida o‘z hududlarini xorijiy kuchlarga ochib berdi va urushni aynan shu zamin orqali boshqarilishiga yo‘l qo‘ydi. Shuningdek, musulmon ayol, doktor Afiya Siddiqaning yillar davomida qamoqda saqlanishi ham inson huquqlari nuqtayi nazaridan hanuz bahsli bo‘lib qolmoqda. Bu rejim “terrorizmga qarshi kurash” nomi ostida minglab yoshlarni g‘oyib qildi, yuz minglab oilalarni parokanda etdi va onalar hamda ayollarni yaqinlari sog‘inchida qoldirdi.

Ey iymonli va g‘ururli xalq!

Endi o‘z holatingiz haqida chuqur o‘ylash vaqti keldi. Adolat, birlik va islohot yo‘lida ongli va tinch qadamlarga ehtiyoj bor. O‘z haqqingizni qo‘lga kiritish uchun qonuniy va shar’iy yo‘llarni tanlash zarur.

Ey musulmon birodarlar!

Inson izzat, karomat va adolat uchun yaratilgan zulm ostida yashash uchun emas. Sizning vijdoningiz, iymoningiz va fitratingiz sizni haqiqatni anglashga, adolatni talab qilishga va o‘z insoniy qadringizni himoya etishga chorlaydi. Haq yo‘lini tanlagan inson uchun yo‘l qanchalik og‘ir bo‘lmasin, uning oxiri baribir g‘alaba, izzat va sharaf bilan yakun topadi.

Exit mobile version