Akbar Jamol
Pokiston tomonidan IShID Xuroson (ISKP) so‘zlovchisi Sulton Aziz A’zamning qo‘lga olinishi ortidan turli xil xabar va tahlillar tarqaldi. Sulton Aziz A’zam uzoq vaqtdan beri IShID Xurosonning rasmiy so‘zlovchisi sifatida tanilgan bo‘lib, ushbu guruhning targ‘ibot faoliyatidagi eng muhim va ta’sirchan shaxslaridan biri hisoblanardi.
BMTning 2025-yilgi Monitoring guruhi hisobotlari hamda eng so‘nggi xavfsizlik ma’lumotlariga ko‘ra, Sulton Aziz A’zam IShID Xurosonning rasmiy media tarmog‘i bo‘lgan (Al-Azaim Foundation) ning asoschisi va rahbari sifatida tanishtirilgan. Ushbu fond IShID Xurosonning asosiy media platformasi bo‘lib, u orqali yollash, mafkuraviy targ‘ibot va hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olish amalga oshirilgan.
E’tiborlisi shundaki, Sulton Aziz A’zam ilmiy va fikriy salohiyatga ega bo‘lgan, jurnalist va shoir sifatida ham tanilgan. Aynan shu jihatlar unga Al-Azaim Foundation ni zamonaviy, kuchli va ko‘p tilli media tarmoq sifatida shakllantirish imkonini bergan.
Shu asosda u Voice of Khorasan va boshqa audio-vizual mahsulotlar ustidan bevosita nazorat olib borgan. Ammo uning hibsga olinishi ortidan, Al-Azaim Foundation ning media va targ‘ibot faoliyatida sezilarli uzilish va zaiflashuv yuzaga keldi.
Sulton Aziz A’zam haqida 2018-yil dekabr oyida xabar tarqalib, unda u Afg‘onistonning Nangarhor viloyati, Pachir Agam tumanida AQShning havo hujumi natijasida halok bo‘lgani aytilgan edi. Ba’zi manbalarda u Xug‘yoniy tumanidagi Vazir Tangai hududida o‘ldirilgani qayd etilgan.
O‘sha paytda AQSh va sobiq afg‘on rasmiylari ham uning dron zarbasi natijasida yo‘q qilinganini tasdiqlagan edi. Biroq bu ma’lumot keyinchalik noto‘g‘ri ekani aniqlandi. Sulton Aziz A’zam Pokistondagi xavfsiz joydan audio murojaat e’lon qilib, o‘limi haqidagi xabarni rad etdi, faqat hujumda yaralanganini tan oldi.
Bundan avval ham, 2016-yil fevralida u o‘ldirilgani haqida da’volar ilgari surilgan, ammo bir necha oy o‘tgach yana paydo bo‘lib, Tolibonlarga qarshi amaliyotlarda ishtirok etgan.
Afg‘oniston Islomiy Amirligi razvedka hisobotlari hamda ayrim xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, Pokistonning Balujiston va Xaybar-Paxtunxva hududlarida joylashgan IShID o‘quv markazlari Pokiston armiyasi va razvedkasi nazorati ostida faoliyat yuritgan. Ushbu hisobotlarda Pokiston razvedkasi IShID a’zolaridan zarur paytlarda turli terrorchilik faoliyatlari uchun foydalanib kelgani qayd etilgan.
So‘nggi voqealar ham bu holatni tasdiqlaydi. Karochi, Peshovar va Balujistonda IShID a’zolarining noma’lum shaxslar tomonidan yo‘q qilinishi bunga misoldir. Islomiy Amirlik hokimiyatga qaytgach, Afg‘onistonda IShIDga qarshi qat’iy operatsiyalar boshlangan va natijada bu guruh uchun mamlakat ichida xavfsiz boshpana qolmagan.
Shundan so‘ng, IShID Afg‘onistondan chiqib, Pokistonda panoh topishga majbur bo‘ldi. Bu boshpanalar Pokiston armiyasi va razvedkasi tomonidan muhofaza qilinib, zarur holatlarda Islomiy Amirlikka qarshi foydalanish uchun tayyorlangan.
Aynan shu siyosat doirasida, Islomiy Amirlikning sobiq qochqinlar vaziri shahid Hoji Xalilurrahmon Haqqoniy 2024-yil 11-dekabr kuni Kobulda, vazirlik hududidagi masjiddan chiqish chog‘ida xudkush hujumda shahid bo‘ldi. Ushbu hujum uchun javobgarlikni IShID (ISKP) o‘z zimmasiga oldi.
Keyinchalik Islomiy Amirlik razvedkasi ushbu xudkush hujumni muvofiqlashtirgan shaxsni qo‘lga oldi. U tergov jarayonida xudkush va uni tayyorlagan shaxs Pokiston razvedkasi ko‘rsatmasi bilan harakat qilganini tan oldi. Al-Marsad nashri ham shahid Haqqoniyning shahodat yilligi munosabati bilan ushbu e’tiroflar videosini e’lon qilgan edi.
BMT Monitoring guruhi 2025-yil avgust va dekabr oylaridagi hisobotlarida shunday deydi:
IShID Xurosonning asosiy faoliyati hanuz Pokistondagi taxminiy chegara hududlarida jamlangan bo‘lib, guruh hujumlarni chegara ortiga yoyishga urinmoqda.
Hisobotlarda, shuningdek, IShID bu hududlarda tarmog‘ini mustahkamlab, ayrim joylarda bolalarni mafkuraviy tayyorlash va xudkushlik faoliyatiga jalb etishda ham ishtirok etayotgani ogohlantirilgan.
BMT IShID Xurosonni Janubiy Osiyo, xususan Pokiston va Markaziy Osiyo xavfsizligi uchun jiddiy tahdid deb baholagan va guruh Pokistondagi xavfsiz boshpanalardan foydalanishga urinayotganini ta’kidlagan.
Monitoring guruhi ma’lumotiga ko‘ra, IShID Xuroson hozir hududlarni nazorat qilish o‘rniga shahar urushi strategiyasini tanlagan. Ya’ni, yirik shaharlarda yashirinib, hujumlarni o‘sha yerdan rejalashtirmoqda. Pokiston shaharlarida IShID a’zolarining ko‘plab yo‘q qilinishi bu da’voni tasdiqlaydi.
Masalan, 2025-yil sentabr oyida Peshovarda Anvar laqabli muhim qo‘mondon Muhammad Ihsoniy o‘ldirilgan. Shuningdek, 2025-yil noyabr oyida Panjob va Sind hududlarida Burhon Zayd ismli IShID a’zosi yo‘q qilingan. AQShning Afg‘oniston bo‘yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Xalilzod Burhonni IShIDning muhim qo‘mondonlaridan biri sifatida ta’riflagan.
Yana bir muhim voqea 2025-yil mart o‘rtalarida Balujiston Ozodlik Armiyasi (BLA) Mastung tumanidagi Bolan daryosi yaqinida joylashgan IShID o‘quv markaziga hujum qilib, uni yo‘q qildi. Ushbu amaliyotda 30 ga yaqin IShID a’zosi, jumladan Turkiya, Hindiston, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan jangchilar halok bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Al-Azaim Foundation 2025-yil may oyida video e’lon qilib, bu mag‘lubiyatni ilk bor tan oldi va baluj guruhlariga rasman urush e’lon qildi.
Aytilishicha, ushbu hujum IShIDning BLA a’zolaridan biri haqida Pokiston razvedkasiga josuslik qilgani uchun qasos sifatida amalga oshirilgan. Bu holat Balujistondagi zo‘ravonliklarga yangi tus berdi.
Vaziyat yanada e’tiborga molik bo‘ldi, chunki Pokiston razvedkasiga aloqador ijtimoiy tarmoq hisoblari ochiqcha xursandchilik bildirdi va Balujlar bilan IShID o‘rtasidagi janglar haqida xabarlar tarqatdi.
Tahlilchilar ikki asosiy xulosaga kelishmoqda:
birinchisi bu voqealar IShID Xurosonning Mastungda real va keng miqyosda mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi;
ikkinchisi bu qarshi hujumlar aslida Pokiston razvedkasi ishorasi bilan amalga oshirilgan vositachilik urushi bo‘lib, baluj ozodlik harakatiga saboq berish maqsadini ko‘zlagan.
Aynan shunday sharoitda, IShID so‘zlovchisi Sulton Aziz A’zamning hibsga olingani haqidagi xabar, Pokiston armiyasi boshlig‘i general Asim Munir AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun AQShga safar qilgan paytda e’lon qilindi.
Tahlilchilarga ko‘ra, bu namoyishkorona hibs AQShga Pokiston hanuz terrorizmga qarshi kurash da oldingi safda ekanini ko‘rsatishga qaratilgan. Tajribali kuzatuvchilar Pokiston armiyasining tarixiy rolini inobatga olib, bu hibs dunyo, ayniqsa AQSh oldida yutuq sifatida ko‘rsatish urinishidir, deya baholamoqda.
Pokiston esa bu borada:
Bu hibslar mintaqada beqarorlik tarqatgan terrorchi guruhlarga qarshi davom etayotgan operatsiyalarning bir qismidir, deya bayonot berdi.
Ammo tahlilchilar savol qo‘ymoqda: avvaldan Pokiston razvedkasi nazorati ostida faoliyat yuritgan shaxsning hibsga olinishi aslida nimani anglatadi? Nega bu xabar aynan bugun 2025-yil 18-dekabrda ommaga chiqarildi?
Kun tartibidagi xabarlar yana bir muhim tasodifga ishora qiladi. Bir necha kun avval Al-Marsad nashri 2025-yil 26-noyabrda Tojikistonda xitoylik fuqarolarga qilingan hujum ijrochilari qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Tergov davomida hujum rejasi Afg‘onistondan tashqarida tuzilgani va uning ortida muayyan qo‘llar borligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, Pokiston razvedkasi va armiyasiga aloqador ijtimoiy tarmoq hisoblari kutilmaganda mudofaa pozitsiyasiga o‘tdi. Aytilishicha, bu hujumdan so‘ng Xitoy va Tojikiston ham jiddiy norozilik bildirgan.
Shu sababli, Sulton Aziz A’zamning hibsga olinishi Pokistonning o‘zini toza ko‘rsatish harakatining bir qismi bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Shuni ham unutmaslik kerakki, Sulton Aziz A’zam 2021-yilda AQSh Davlat departamenti tomonidan “global terrorchi” (SDGT) sifatida ro‘yxatga olingan va BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Eng muhim jihat shundaki, BMT hisobotida:
Pokiston razvedkasi Sulton Aziz A’zamni 2025-yil may oyidan beri hibsda ushlab kelmoqda deb qayd etilgan.
Yakunda ayrimlar IShIDga ogohlantiruvchi xabar yo‘llamoqda:
Pokiston armiyasi va razvedkasi uchun siz qurbonlik qo‘ychasisiz; ehtiyoj bo‘lsa sutingizni sog‘adi, go‘shtingiz kerak bo‘lsa, darhol so‘yadi.
