Haris Ubayda
Sulton Muhammad Fotih yirik masjidlar va madrasalarda imomlarni xizmatga tayinladi hamda avvalgi lavozimlarga qo‘shimcha ravishda yangi lavozimlar ham joriy qildi. Katta masjidlarda imom, xatib, muazzin va qo‘riqchi lavozimlari alohida ahamiyat bilan tilga olinardi. Bu lavozimlarga nomzodlar yirik madrasalarni bitirgan bo‘lib, u madrasalar ulug‘lar va vazirlar mablag‘i hisobiga boshqarilardi. Ulug‘lar va vazirlar bu ishda bir-biri bilan bellashar edilar. Mazkur shaxslar bevosita saltanat muftiyining nazorati ostida bo‘lgan. Katta viloyatlarda bu nazoratni harbiy qozilar olib borardi. Kichik viloyatlarda esa masjid imomlari barcha diniy ishlarni nazorat qilardi. Ayniqsa qishloqlarda imom barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.
Hukumat xizmatchilarini tayyorlaydigan madrasalar uch bosqichli ta’lim tizimiga ega edi. Birinchi bosqich so‘fta darajasi bo‘lib, u quyi daraja hisoblanardi. Ikkinchi bosqichni tugatganlarga “donishvar” unvoni berilardi. Uchinchi va oxirgi bosqich mudarrislar darajasi edi. Sulton Murod II davrida so‘ftalar soni to‘qson ming nafarni tashkil etgan va podshohlikning barcha ishlarida ularning fikri inobatga olingan.
Mol-dunyo, davlat va lashkar jozibasiga aldanma va shariat ahlini o‘zingdan yiroqlashtirma! Shariat hukmlariga xilof ish qilma. Din bizning maqsadimiz, hidoyat bizning yo‘limizdir va har ikkisida ham g‘alaba biznikidir. Sulton Muhammad Fotih o‘z vorisiga pand berib, davlat moliga yoki qo‘shin ko‘payishiga aldanmaslikni, ulamolarni o‘zidan ranjitmaslikni vasiyat qiladi. U shariatga xilof ish tutmaslikni uqtiradi; chunki shariatga zid amal dunyoda zavolga, oxiratda esa halokatga olib boradi. Alloh taolo shariatidan uzoqlashishning salbiy ta’siri diniy, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy barcha sohalarda namoyon bo‘ladi.
Usmoniylarning qudrati, izzati va sharafi Alloh taologa itoat bilan chambarchas bog‘liq edi. Ular Alloh taolo tomonidan nozil qilingan shariatni tatbiq etdilar, Alloh yo‘lida jihod qildilar va odamlarni pok din tomon da’vat etdilar. Shu bois Alloh taolo ularga hayotlarining oxirigacha izzat va ulug‘lik ato etdi. Shuning uchun Muhammad Fotih o‘g‘liga bergan pandida: “Dinbizning maqsadimiz, hidoyat bizning yo‘limiz va g‘alaba ham aynan shundadir”, deydi.
Ruhni yomonlik va gunohlardan poklash, nafsni yaxshiliklarga tayyorlash diniy xizmatning natijasidir. Shuning uchun diniy yetakchilarning yetishib chiqishi dinga xizmat qilishning samarasidir. Bu amal insonni jinoyatlardan tiyadi va uni tafakkurga undaydi. Din hukmlari inson nazarida ustuvor bo‘lsa, uning qalbida Allohdan qo‘rquv va taqvo paydo bo‘ladi hamda u doimo gunohlardan saqlanadi. Shu tariqa dinga xizmat qilish va shariatni asrash odamlar o‘rtasida hamjihatlikni vujudga keltiradi va islomiy davlatda yashovchi barcha kishilar adolat va insofdan bahramand bo‘ladilar.
Shu bilan birga, dinni mustahkamlash barakalarning nozil bo‘lishiga va ne’matlarning ketma-ket qo‘lga kiritilishiga sabab bo‘ladi. Chunki oxiratdagi oliy mukofotga eltuvchi yo‘l boshqa, dunyodagi g‘alabaga eltuvchi yo‘l esa boshqa emas. Alloh taolo dunyo va oxiratdagi muvaffaqiyat uchun yagona yo‘lni belgilagan u ham Islom yo‘lidir.
Islomiy hukmlarning tatbiqi tufayli qalblarda baraka paydo bo‘ladi va shu orqali dunyoda barakot, oxiratda esa najot qo‘lga kiritiladi. Alloh taolo ko‘p hollarda oz narsaga ham baraka beradi, toki odamlar undan to‘g‘ri foydalansinlar. Shariat yoyilishi natijasida din va o‘z g‘oyalarini himoya qilishda sobit bo‘lgan islomiy jamiyat vujudga keladi. Qur’on va Sunnat musulmon shaxs, jamiyat va butun islom ummati uchun davlat binosini barpo etishda zarur bo‘lgan barcha narsalar mujassam bo‘lgan manbadir. Qur’on va Sunnatga amal qilish bilan butun xalqning g‘ayrati oshadi, odamlar yuksak axloq va ilg‘or ishlarga yuzlanadilar; chunki shariat o‘zida taraqqiy etgan har bir jamiyatning axloqiy hayotini asrash uchun zarur bo‘lgan barcha asoslarni mujassam etgan.













