Pokistonning Xaybar-Paxtunxva viloyatidagi Tirah vodiysi hududida mahalliy aholining majburiy ko‘chirilishi Pokiston harbiy rejimining buyrug‘i bilan amalga oshirilgan bo‘lib, bu faqat xavfsizlikka oid oddiy harbiy operatsiyalar emas. Aksincha, u Pokistondagi haqiqiy kuch markazlari, manfaatlar siyosati va muxolifatni bostirishning ochiq namunasidir. Bir necha hafta avval Pokiston harbiy rejimi Tirah vodiysida Tahrik-e Tolibon Pokiston (TTP) mavjudligi bahonasida harbiy operatsiyalar e’lon qildi va tahdidli xabarlar orqali mahalliy aholiga yanvar oyining oxirigacha hududni tark etish haqida ogohlantirdi.
Ushbu tahdidlar ortidan minglab odamlar qattiq sovuq avjiga chiqqan bir paytda o‘z uy-joylari va mol-mulklarini tashlab ketishga majbur bo‘ldilar. Shu bilan bir vaqtda qor yog‘di, yo‘llar yopildi, transport vositalari yo‘llarda qolib ketdi va ishonchli videohisobotlarga ko‘ra, bir qancha begunoh bolalar sovuq, ochlik va eng zarur sharoitlarning yo‘qligi sababli halok bo‘ldi.
Bu fojia shu darajada og‘ir ediki, xalqaro ommaviy axborot vositalari, jumladan Al Jazeera ham uni yoritdi. Dunyo bo‘ylab quyidagi savol yangradi: Terrorizmga qarshi kurash nomi ostida butun bir jamiyatni jamoaviy jazolash professional armiya harakati deb hisoblanishi mumkinmi?
Xalqaro tanqidlar kuchayganidan so‘ng Pokiston harbiy rejimi to‘satdan ortga chekindi va hudud aholisini majburiy ko‘chirish bo‘yicha hech qanday rasmiy buyruq berilmaganini da’vo qildi.
Biroq harbiy rejimning o‘zining avvalgi bayonotlari, DG ISPR tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanlari, ommaviy axborot vositalari hisobotlari va rasmiy hukumat hujjatlari bu da’voni rad etadi. Chunki ularning barchasida harbiy amaliyot ochiq-oydin e’lon qilingan. Shu bosqichda Pokistondagi ongli va jiddiy guruhlar, shuningdek Xaybar-Paxtunxva viloyat hukumati, xususan bosh vazir Suhayl Afridiy ushbu amaliyotga qarshi chiqdi. Viloyat hukumatining pozitsiyasi nafaqat insoniy, balki real va ob’ektiv sharoitlarga ham asoslangan edi.
Suhayl Afridiyning aytishicha, 2007-yildan buyon Pokiston harbiy rejimi o‘nlab harbiy amaliyotlar o‘tkazgan, biroq na tinchlik o‘rnatildi va na “terrorizm” deb atalgan muammo tugadi. Tirah vodiysida e’lon qilingan bu amaliyot ham avvalgi siyosat va avvalgi natijalarni takrorlaydi. Bu safar ham qattiq sovuq sharoitida yuz minglab odamlarning boshpanasiz qolishi yirik insoniy fojia xavfini yuzaga keltirmoqda.
Viloyat hukumati harbiy rejimning noaniq va jiddiy bo‘lmagan pozitsiyasi haqida mantiqiy savollarni ko‘targanida va uni avvalgi bayonotlardan chekinishda ayblaganida, armiyani qo‘llab-quvvatlovchi qudratli guruhlar armiya yordami bilan Xaybar-Paxtunxva hukumati qarshi front ochdi. Armiyaga yaqin OAV, federal idoralar va maxsus narrativni shakllantiruvchi unsurlar bir ovozdan “viloyat hukumati davlat institutlarini (ya’ni armiyani) obro‘sizlantirmoqda”, degan da’volarni ilgari surdi. Shu jarayonda, to‘satdan Islomobod sudlaridan biri tomonidan Suhayl Afridiyni kiberjinoyat aybi bilan garovsiz hibsga olish haqida qaror chiqarildi.
Bu holat tasodifiy emas. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu Pokiston harbiy rejimi olib borayotgan siyosatning davomidir ya’ni o‘z manfaatlari, iqtisodiy faoliyati va shubhali tijorat loyihalariga to‘siq bo‘layotgan har qanday omilni yo‘q qilish. Bu siyosatning zarari faqat Pokistonga emas, balki armiyaning o‘z nufuzi va mavqeiga ham putur yetkazmoqda. Shunga qaramay, harbiy rejim bu jiddiy xatoni “bularning barchasi xalq manfaati uchun qilinmoqda”, degan iddao bilan oqlaydi. Holbuki, Tirah vodiysi aholisi qattiq sovuq va qor ostida og‘ir azob-uqubatlarga duch kelmoqda. Bu fojia Pokistonda G‘azoga o‘xshash bir tragediyani yuzaga chiqardi.
Bu ayblovlar ilgari ham turli guruhlar tomonidan ilgari surilgan edi: ayrim hududlardagi harbiy amaliyotlar faqat xavfsizlik bilan cheklanmaydi, balki ularning ortida iqtisodiy va konchilik manfaatlari ham yashiringan. Aytilishicha, Tirah vodiysi boy mineral resurslarga ega va mahalliy aholini chetlashtirish orqali bu boyliklarni xalqdan yashirish hamda ularni qazib olish yo‘lini ochish ko‘zda tutilmoqda.
Shunday sharoitda, aynan shu hudud vakili bo‘lgan viloyat hukumatining ushbu amaliyotga qarshi chiqishi tabiiy hol. Shu bois, Pokistonlik tahlilchilarga ko‘ra, Suhayl Afridiyni hibsga olishga urinish aslida ochiq xabarni anglatadi:
Kim armiyaning siyosati, manfaatlari, savdosi, konlari yoki rasmiy narrativiga qarshi chiqsa sud, jinoiy ish va zo‘ravonlik orqali sukutga majbur qilinadi.
Pokistondagi harbiy rejimning roli endi faqat Tirah vodiysi yoki bitta viloyat bosh vaziri bilan cheklanib qolmadi. Bu masala butun dunyoda yangrayotgan savolga aylandi:
Pokistonda saylangan viloyat hukumatlari shu darajada vakolatsizmi-ki, hatto insoniy fojia qarshisida ovoz ko‘tarishning o‘zi ham og‘ir badal talab qiladimi?
Qor bilan qoplangan Tirah vodiysi yo‘llarida qolib ketgan bolalar, boshpanasiz oilalar va endi esa saylangan bir bosh vazirni hibsga olishga urinish bularning barchasi bitta zanjirning turli bo‘g‘inlaridir.
Bu harbiy kuch ovozi haqiqatdan balandroq yangraydigan, harbiy manfaat inson qadr-qimmatidan ustun qo‘yiladigan bir hikoyadir.