Salamat Ali Xon
O‘tgan juma kuni aynan juma namozi o‘qilayotgan paytda Pokistonning Islomobod shahri atrofidagi hududlardan birida (Terlai) joylashgan shialarga mansub bir imom-bargohda dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Ushbu hodisa oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘ldi va yaralandi. Voqea juma namozi davom etayotgan paytda yuz berdi: namozning birinchi rakatı tugab, ikkinchi rakatı boshlangan edi.
Hozirga qadar mazkur hodisa bo‘yicha bevosita guvohlarning bayonotlari e’lon qilinmadi va faqat hukumat bayonotlari mavjud. Albatta, norasmiy rivoyatlar o‘zaro sezilarli darajada farq qiladi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va taniqli shaxslarning ko‘plari mahalliy aholi va guvohlarga tayangan holda, bu hodisa bir nechta qurollangan shaxslar tomonidan amalga oshirilganini yozdilar. Aytilishicha, qurollangan shaxslar namozning ikkinchi rakatı chog‘ida qurollarini begunoh namozxonlarga qaratib, shu tariqa o‘nlab odamlarni o‘ldirgan va hatto yuzlab kishilarni yaralagan.
Boshqalar esa avval otishma bo‘lib, undan keyin katta portlash yuz berganini aytadilar. Biroq ushbu portlashning mohiyati haqida aniq ma’lumot yo‘q va faqat taxminlar ilgari surilmoqda. Davlat mansabdorlarining aytishicha, boshidan buyon bu hujumni bir nafar xudkush amalga oshirgan va u namozxonlar orasida o‘zini portlatgan. Shuningdek, (Xavorij) bo‘lmish IShID guruhi ham ushbu hodisa uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, o‘zlarining bir elementi o‘zini portlatganini e’lon qildi.
Mazkur hodisadan so‘ng turli mamlakatlar tomonidan qoralovchi bayonotlar bildirildi. Ular orasida eng ochiq va muhim qoralovlardan biri Afg‘oniston Islomiy Amirligi tomonidan yangradi. Amirlik ushbu voqeani ravshan iboralar bilan qoralab, qurbonlar bilan ochiq hamdardlik bildirdi.
Ammo afsuski, Pokistonda hozirda hukmron bo‘lgan guruhlar bu pozitsiyani olqishlash o‘rniga, odatdagidek asossiz ayblovlarga murojaat qildilar. Yuqori martabali mas’ullar, jumladan Mudofaa vazirligi mansabdori, juda yengil ohangda va hech qanday hujjat hamda dalilsiz bu hodisa Afg‘oniston bilan bog‘liq ekanini, u yerdan rejalashtirilganini da’vo qildi. U hatto hujumchini Afg‘onistonga nisbat berdi. Biroq birozdan so‘ng shu mamlakatning Ichki ishlar vazirligi bu da’voni rad etib, hujumchi afg‘on emas, balki pokistonlik bo‘lganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ayrim boshqa mansabdorlar va hatto dinga nisbat berilgan, bog‘liq bo‘lgan ayrim ulamolar ham ushbu hodisa bo‘yicha Afg‘onistonga ayblovlar qo‘ydilar.
Bu hodisada hujumchiga mansub deb ko‘rsatilgan bir shaxsiy guvohnoma (ID karta) ham OAVda tarqaldi va u hujumchidan qolgan, deyilmoqda. Bu holat ko‘plab keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Sababi aniq: mazkur guvohnomaning tashqi ko‘rinishi deyarli sog‘lom, faqat bir qismi shikastlangan yoki go‘yoki butunlay yo‘q qilingan. Aynan o‘sha yo‘q qilingan qismda SIM-kartaga o‘xshash kichik metall buyum bo‘lib, mutaxassislar fikricha, barcha ma’lumotlar aynan shu qismda saqlanadi.
Endi savol tug‘iladi: birinchidan, hujumchi nega o‘z shaxsiy guvohnomasini voqea joyiga olib kelgan? Balki bunga ehtiyoj bo‘lgandir. Ammo portlash sodir bo‘lib, bu qadar katta miqyosda talafot yetkazilganda, o‘nlab odamlar yaralanib, yana o‘nlab kishilar halok bo‘lgan bir paytda, guvohnomaning butunlay sog‘lom qolishi qanday mumkin? Agar u shikastlangan bo‘lsa, nega aynan barcha ma’lumotlar joylashgan qismi yo‘q bo‘lib ketgan?
Bu holat shuni anglatmaydimi: yoki bu guvohnoma aslida hujumchiga tegishli emas va faqat jamoatchilik fikrini chalg‘itish uchun ko‘rsatilgan, yoxud guvohnoma haqiqatan ham hujumchiga tegishli bo‘lgan, ammo hujumchi hukmron guruhlar tomonidan ushbu operatsiya uchun tayyorlangan va guvohnoma undan olib qo‘yilgan, hujum paytida esa faqat guvohnomaning o‘zi ma’lumotlar qismisiz namoyish etilgan, toki hujumchi va jinoyatchi tarmoqlar o‘rtasidagi barcha sirlar xavfsiz tarzda yashirin qolsin.
Tahlilchilar fikricha, mansabdorlarning o‘zaro zid bayonotlari, mantiqsiz harakatlari va hech qanday tekshiruvsiz boshqalarga ayb yuklashlari birinchi navbatda mas’ullarning javobgarlikni tan olishdan qochayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Shu bois Mudofaa vaziri bir gapni aytadi, Ichki ishlar vaziri esa boshqasini. Aksariyat mansabdorlar, jumladan Mudofaa vaziri ayb barmog‘ini Afg‘onistonga qaratadi. Biroq boshqa tomondan, xabardor va hurmatli pokistonlik siyosatchilar ochiq aytadilar: agar “yaxshi terrorchilar” Afg‘onistondan kelayotgan bo‘lsa, sen mudofaa uchun mas’ul bo‘lgan holda, vazifangni qay darajada bajarding?
Islomoboddan xayoliy chegara chizig‘igacha yuzlab kilometr masofa, o‘nlab nazorat punktlari, turli razvedka idoralari va ko‘plab tintuv markazlari mavjud. Shunday ekan, hujumchi barcha jihozlari bilan qanday qilib bemalol nishonga yetib boradi? Ayrim siyosatchilar hatto kinoya tariqasida shuni aytishadiki, Xaybar Paxtunxva kabi yirik viloyatda bosh vazir o‘z partiyasi yetakchisi Imron Xon bilan oddiy uchrashuv ham o‘tkaza olmaydi, ammo bu yerda hujumchi nihoyatda osonlik bilan maqsadiga yetadi va o‘zicha “muvaffaq” bo‘ladi. Xo‘sh, unda qanday qilib o‘zingizni oqlaysiz va nega aybni boshqalarga yuklaysiz?
Tahlilchilar qo‘shimcha qiladiki, hukmron harbiy doiralarning o‘z xalqiga qarshi zo‘ravonlikka asoslangan muvaffaqiyatsiz siyosati ularning barcha rejalarini barbod qildi va asl qiyofasini dunyoga oshkor etdi. Ya’ni ularda na real salohiyat, na razvedkaviy mahorat bor. Chunki bir necha kun avval baluj ajralibchi kuchlar bir vaqtning o‘zida Balujiston viloyatining o‘n ikki yirik shahriga hujum qilib, markazi Kvetta shahrini ham o‘z nazoratiga oldilar. Mansabdorlar esa o‘zlarini oqlash uchun Islomobod hodisasiga zamin yaratib, aybni Afg‘oniston va boshqa mamlakatlar zimmasiga yuklashga urindilar va Balujistondagi muvaffaqiyatsizliklarini yashirmoqchi bo‘ldilar.
Shuningdek, tahlilchilar ta’kidlashicha, hukmron harbiy guruh ikki yil avval siyosiy maydonda o‘z xalqiga zulm qildi va ularning ovoz berish huquqini poymol etdi. Xalq mutlaq ko‘pchilik bilan Imron Xon va uning partiyasiga ovoz bergan edi, ammo uni qamoqqa tashlab, o‘rniga muvaffaqiyatsiz bir boshqaruvni o‘rnatdilar. Chunki Imron Xon xalq vakili edi va ularning huquqlari uchun ishlardi, bu esa hukmron harbiy guruh manfaatlariga zid edi.
Endilikda Pokistonning oddiy aholisi Imron Xonni qo‘llab-quvvatlab ko‘tarilgan, 8-fevralni ish tashlash va namoyishlar kuni deb e’lon qilgan bir paytda, bu noroziliklar uzluksiz jarayonga aylanib, amaldagi tuzumning qulashiga olib kelishi kutilayotgan edi. Hukmron guruh esa boshqa rejalari qatorida ushbu rejani ham amalga oshirib, xalqni chalg‘itish va ularning e’tiborini asosiy masaladan burishga urindi.
Bu qarashning yana bir sababi sifatida shuni ko‘rsatishadiki, xavorijlar (IShID) to‘liq ravishda Pokiston mansabdorlarining boshqaruvi ostida. Ularning panohgohlari Pokiston harbiy rejimi tomonidan tashkil etiladi, hujum nishonlari belgilanadi va ulardan yovuz maqsadlarni amalga oshirish uchun foydalaniladi. So‘nggi bir necha oy ichida bu holat bir necha bor isbotlangan. Shu bois tahlilchilarning bu qarashi juda mulohazali va o‘rinli, deb baholanmoqda.













