Xaybar Jalol
12 — Ilmni o‘rganish va unga amal qilishda mo‘tadillik
Islomdagi mo‘tadillik va o‘rtachalikning go‘zal ko‘rinishlaridan biri ilm o‘rganish bilan unga amal qilish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashdir. Islom izdoshlarini ilm olishga, tafakkur qilishga, chuqur fikr yuritishga va haqiqatlarni anglashga undaydigan muqaddas dindir. Ammo Islom ilm faqat ma’lumotlar bilan cheklanib, amaldan ajralib qolishini istamaydi. Ilm va bilimga e’tiborsizlik qanchalik nomaqbul va zararli bo‘lsa, faqat ilm bilan kifoyalanib, uni hayotda amalga oshirmaslik ham Islom nuqtayi nazaridan maqbul emas.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgan ilk oyatlarida o‘qish va ilm olishga buyurdi:
(اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ)
[Alaq: 1]
Bu ilohiy buyruq Islomda ilm va bilimning yuksak maqomini ko‘rsatadi. Boshqa tomondan esa, Qur’oni karim o‘z bilganlariga amal qilmaydigan kishilarni ko‘p bor qoralagan. Alloh taolo Jalla Jaloluhu marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لِمَ تَقُولُونَ مَا لَا تَفْعَلُونَ كَبُرَ مَقْتًا عِندَ اللَّهِ أَن تَقُولُوا مَا لَا تَفْعَلُونَ
[Saff: 2–3]
Ya’ni: Ey iymon keltirganlar! Nima uchun o‘zingiz qilmaydigan narsani aytasizlar? O‘zingiz qilmaydigan narsani aytishingiz Alloh huzurida juda katta nafratga sabab bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham foyda bermaydigan ilmdan Alloh taologa panoh tilar va shunday der edilar:
Allohumma inni a’uzu bika min ilmin la yanfa.
[Muslim]
Ushbu muborak duo ilmning haqiqiy qadri insonning axloqi xulqi va hayotida ijobiy o‘zgarish hosil qilganidagina namoyon bo‘lishini anglatadi. Haqiqiy olim faqat ko‘p ma’lumotga ega bo‘lgan kishi emas balki ilmi uni taqvoga go‘zal axloqqa va insonlarga xizmat qilishga yetaklaydigan kishidir.
Boshqa tomondan, Islom ilmsiz amal qilishni ham ma’qullamaydi. Chunki ko‘plab xatolar va og‘ishlar inson bilimsiz va tushunchasiz harakat qilganida yuzaga keladi. Shu sababli Islom doimo ilm va amalni bir-biri bilan bog‘liq holda ko‘rsatgan: haq yo‘lni yoritib beradigan ilm va ilmni amaliy haqiqatga aylantiradigan amal.
Bu borada mo‘tadillik shundan iboratki musulmon doimo ilm o‘rganishga intilishi va shu bilan birga o‘rgangan bilimlarini o‘zining shaxsiy hamda ijtimoiy hayotida amalda qo‘llashi lozim. Insonning ilmi qanchalik ortib borsa uning mas’uliyat hissi kamtarligi va islomiy qadriyatlarga bo‘lgan sadoqati ham shunchalik kuchayib borishi kerak.
Shu bois Islom ilm bilan amal o‘rtasida uzviy va ajralmas aloqani o‘rnatgan. Ilm amal bilan bilim esa axloq bilan uyg‘unlashgan jamiyat taraqqiyot rivojlanish va saodat sari qadam tashlaydi. Bu esa muqaddas Islom dinidagi mo‘tadillik va o‘rtachalikning go‘zal ko‘rinishlaridan biridir.










