Sulton Muhammad Soqib
24-Asad: bundan besh yil avval aynan shu kuni Alloh taoloning xos nusratiga va Afg‘oniston xalqining uzoq davom etgan jihodiy kurashi natijasida Kobul fath etilgan, uning uzra ozodlikning oq bayrog‘i hilpiragan tarixiy kundir. 24-Asad tarix sahifalarida buyuk o‘zgarish, g‘alaba va mag‘rurlikning sindirilishi kuni sifatida qayd etilgan kundir. Yillar davomida o‘zini yengilmas deb da’vo qilgan kuch, takabburlik va istibdod saroylari aynan shu kuni qulagan.
Bosqinchilar qurol kuchi, ilg‘or texnologiya va katta harbiy kuch bir xalqning irodasini sindira oladi, deb o‘ylagan edilar. Ammo tarix yana bir bor isbotladiki, iymon, g‘ayrat, ozodlikka muhabbat va xalqlarning fidoyiligi har qanday kibr va istibdod qarshisida bardosh bera oladi. Tarixdagi ayrim kunlar shunchaki taqvimda qolib ketmaydi, balki xalqlarning qalbiga shahidlar qoni va onalar ko‘z yoshlari bilan yoziladi. 24-Asad ham ana shunday abadiy kunlardan biridir. Bu Afg‘oniston xalqi butun dunyoga tirik iymon va ozodlikka intiluvchi xalq irodasi zo‘ravonlik va istibdod qarshisida mag‘lub bo‘lmasligini ko‘rsatgan kundir.
Bu kun izzat, mustaqillik, islomiy nizomni barpo etish va o‘z qadriyatlarini himoya qilish yo‘lida og‘ir kunlarga bardosh bergan jasur va mard insonlarning fidoyiligini yodga soladi. Bu kunning xabari shuki, hech qanday kuch xalq irodasi ustidan abadiy hukmronlik qila olmaydi va hech qanday kibr tarix hukmidan qutula olmaydi. 24-Asad bosqinchilarning g‘ururi tobuti kuzatilgan va ozodlikning yangi sahifasi ochilgan kundir. Bu sahifa fidoyilik rangi, sabr-qudrati va kelajak avlodlar umidi nuri bilan yozilgan.
Ammo bu ozodlik osonlikcha qo‘lga kiritilmadi. Bu ozodlik shahidlar qoni, onalar ko‘z yoshlari, yetimlarning nolalari va ushbu yurtda islomiy nizomni barpo etish yo‘lida o‘z azizlarini fido qilgan oilalarning dardlari evaziga qo‘lga kiritildi. Har bir ozod nafas ortida minglab fidoyiliklarning yuki bor. Afg‘oniston xalqining tarixi shunga guvohlik beradiki, bu xalq uzoq davom etadigan xorlik hayotini bir lahzalik izzatga ham almashtirishga rozi bo‘lmadi. Ular qiyinchiliklarga bardosh berdilar, uylari vayron bo‘ldi, oilalari aza tutdi, ammo qullik bo‘yinturug‘ini qabul qilmadilar.
Bu kun ortida faqat g‘alabaning shodligi va hayajonini ko‘rmang. Uning ortida farzandi uyiga qaytmagan onaning ko‘z yoshlari ham bor; hayoti davomida otasining bag‘ridan mahrum qolgan yetimning dardi ham bor; Islom izzati yo‘lida umrining bahorini fido qilgan yoshlarning qoni ham bor. 24-Asad fidoyilik, g‘ayrat va mustaqillikning oltin sahifasidir. Bu kun Afg‘oniston tarixida yangi fasl uchun yo‘l ochgan, g‘ayrat qalami va fidoyilik qoni bilan yozilgan buyuk qahramonlik dostonidir.
24-Asad ozodlik quyoshi shahidlar fidoyiligidan chiqdi. Qon daryolaridan so‘ng umid tongi otdi va bir xalqning matonati qissasi tarix peshonasiga yozildi. Nihoyat, shu kuni bosqinchilar va Respublika tobutlari kuzatildi, ozodlik uchun shukrona sajdalari ado etildi.
Keling, ushbu sharafli kun arafasida o‘z vijdonimizdan so‘raylik: Biz haqiqatan ham o‘sha fidoyiliklarning merosxo‘rlarimizmi yoki faqat ularning faxrli qissalarini takrorlab yuribmizmi? Agar ozodlik qadrini amalda himoya qilmasak, tarix bizni ajdodlarimiz omonatining haqiqiy qo‘riqchilari deb bilmaydi.
Agar bir xalq ozodligining badali qon bo‘lsa uni asrash ham faqat shiorlar bilan amalga oshmaydi. Ozodlik g‘ayratni sadoqatni birlikni va shahidlarining fidoyiliklari qadrini anglaydigan avlodni talab qiladi. Ozodlik biz uchun faqat bir zaminning mustaqilligi emas; ozodlik bizning izzatimiz o‘zligimiz shahidlarimizning omonati va kelajak avlodlarimizning haqqidir.
Chunki xalqlar shahid bergani uchun o‘lmaydi; xalqlar shahidlarining fidoyiliklarini unutgan paytda o‘ladi.









