Bashom Shahid
11 — Zamonaviy ilmlarda ortda qolish hamda ilg‘or qurol-aslaha va yangi texnologiyalarga ega bo‘lmaslik
Hozirgi davrda musulmonlar zaifligining muhim omillaridan biri zamonaviy ilmlar va yangi texnologiyalarda ortda qolishdir. O‘tmishda islomiy ta’lim tizimi shunday yo‘lga qo‘yilgan ediki, diniy ilmlar bilan zamonaviy ilmlar yonma-yon o‘qitilar, islomiy madrasalar va ilmiy markazlar jamiyatga har bir sohada yetuk olim va mutaxassislarni yetkazib berardi. Imom Roziy Xorazmiy Ibn Rushd Ibn Sino Beruniy Forobiy Ibn Haytsam Abu Bakr Roziy va Ibn Xaldun kabi buyuk siymolar nafaqat diniy ilmlarda chuqur bilim va mahoratga ega edilar balki zamonaviy ilmlarning turli sohalarida ham dunyoning benazir olimlaridan sanalardilar.
Ammo bugungi kunda musulmonlar orasida ham diniy ilmlarda ham zamonaviy ilmlarda chuqur bilim va mutaxassislikka ega bo‘lgan kishilar juda kam. Ularning faqat oz qismi o‘z iste’dodi, mehnati va sa’y-harakatlari bilan yuksak ilmiy darajaga erishgan. Boshqa tomondan zamonaviy va tajribaviy fanlar bo‘yicha ta’lim markazlarini bitirayotgan ko‘plab kishilar G‘arbning fikriy va madaniy muhiti ta’siri ostida bo‘lib diniy ilmlar haqida yetarli bilimga ega emaslar. Ba’zan ana shunday kishilar o‘zlari ham sezmagan holda Islom dushmanlarining maqsad va manfaatlarini ro‘yobga chiqarish vositasiga aylanib qoladilar.
Shu sababli musulmonlarning asosiy ehtiyojlaridan biri o‘z hududlarida diniy ilmlar va zamonaviy ilmlar bir vaqtning o‘zida o‘qitiladigan zamonaviy va me’yoriy ta’lim markazlarini tashkil etishdir. Shuningdek har bir musulmon o‘z davrining ehtiyojlari va o‘zgarishlaridan xabardor bo‘lishi, har bir hududda zamonaviy ilmlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi zarur. Buning bilan birga zamonaviy fanlarning qaysi sohasida tahsil olayotgan bo‘lishidan qat’i nazar har bir musulmon zaruriy diniy ilmlar bilan ham tanish bo‘lishi lozim. Bundan tashqari ilg‘or qurol-aslaha va yangi texnologiyalarga ega bo‘lmaslik ham musulmonlar zaifligining muhim omillaridan biridir.
Dunyoda Allohning qonuni shundayki, insonlarning ustunligi ko‘p jihatdan moddiy vositalar va imkoniyatlarga bog‘liq bo‘ladi. Kim ko‘proq qudrat va imkoniyatlarga ega bo‘lsa o‘z raqibi ustidan g‘alaba qozonishi mumkin. Ana shunday muhim imkoniyatlarning eng asosiylaridan biri yangi texnologiyalarga ega bo‘lishdir. Insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyoti davomida har bir davrda o‘sha zamon ehtiyojlariga mos vositalar va texnologiyalardan foydalanib kelingan. Ammo bugungi kunda musulmonlarning katta zaifligi va ortda qolishining sabablaridan biri shundaki ular yangi texnologiyalar va ilg‘or uskunalar karvonidan ortda qolib ketganlar.
Musulmonlar qudrat va texnologiya sohasida peshqadam bo‘lgan davrlarda hech bir dushman Islom olamiga zarar yetkazishga qodir emas edi. Ammo bugun musulmonlar bu sohada ortda qolganlari uchun dushman ulardan ustunlikni qo‘lga kiritdi. Shu sababli Alloh taolo musulmonlarga davrning ehtiyojlari va sharoitlariga muvofiq, bor kuch va imkoniyatlari bilan qudrat va zarur vositalarni tayyorlash uchun harakat qilishni buyuradi:
وَأَعِدُّوا لَهُم مَّا اسْتَطَعْتُم مِّن قُوَّةٍ وَمِن رِّبَاطِ الْخَيْلِ تُرْهِبُونَ بِهِ عَدُوَّ اللَّهِ وَعَدُوَّكُمْ
[Anfol: 60]
Ularga qarshi imkoningiz yetganicha kuch-quvvat va tayyorlangan otlarni hozirlab qo‘yinglar. Bu bilan Allohning dushmani va o‘z dushmaningizni qo‘rqitasizlar.
Islom tarixi ham musulmonlar doimo o‘z davrining eng ilg‘or vositalaridan foydalanganliklarini ko‘rsatadi. Masalan islomiy janglarda ilk bor manjaniqdan foydalanilgan bo‘lib u o‘sha davrning ilg‘or harbiy qurollaridan biri hisoblangan. Shuningdek tarixiy manbalar musulmonlar dastlabki harbiy kemalarni yasaganliklari va ularni o‘z dushmanlariga qarshi samarali tarzda qo‘llaganliklarini ham ko‘rsatadi.













