Abdulvohid
Muqaddima
Islom mo‘tadillik va o‘rtalik dinidir. O‘zini musulmon deb bilgan har bir kishi diniy masalalarda ifrot va tafritdan, ya’ni haddan oshish va sustkashlikdan saqlanishi lozim. Islom tarixining turli davrlarida ayrim diniy matnlarni noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida haddan oshish yo‘lini tutgan, musulmonlarga munosabatda shar’iy chegaralardan chetga chiqqan, ularni kofirga chiqarishga uringan hamda musulmon ummati orasida ixtilof va parokandalikni keltirib chiqargan fikriy oqimlar paydo bo‘lgan. Ana shunday oqimlardan biri Xavorejlardir.
Xavorejlar Islomning ilk davrlarida paydo bo‘lgan mashhur tarixiy va fikriy oqimlardan biri hisoblanadi. Rasululloh (s.v.a) ko‘plab hadislarida ularning paydo bo‘lishi va o‘ziga xos belgilaridan ogohlantirgan, musulmonlarni ushbu mutaassib va takfirchi oqimdan ehtiyot bo‘lishga chaqirganlar. Mazkur hadislarni o‘rganish va sharhlash shuni ko‘rsatadiki, fikriy va diniy og‘ish faqat ibodatning kamligi yoki dindorlikning zaifligi bilan cheklanmaydi. Ba’zan inson tashqi ko‘rinishidan ibodatga berilgan, Qur’on tilovat qiladigan va dindor bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Biroq dinni, shariatni, Qur’oni Karimni va Rasululloh (s.v.a) hadislarini noto‘g‘ri tushunishi sababli ifrot, takfir, zo‘ravonlik va musulmonlarga nisbatan adovat botqog‘iga tushib qolishi mumkin.
Shu bois Xavorejlarning alomatlarini bilish hamda Rasululloh (s.v.a) ning ular haqidagi ogohlantirishlaridan xabardor bo‘lish muhim va e’tiborga molik masaladir. Bu, ayniqsa, turli oqimlar va g‘oyalar bilan yuzma-yuz kelayotgan yosh avlod uchun muhimdir. Chunki yoshlar ayrim diniy so‘zlar va shiorlarni ularning shar’iy asoslarini to‘g‘ri o‘rganmasdan qabul qilib qo‘yishlari mumkin. Xuddi shuningdek, Afg‘onistondagi yigirma yillik bosqin davrida ham bunday ekstremistik va takfirchi guruhlarning rivojlanishiga zamin yaratish, ularni musulmon ummati orasida ixtilof va parokandalik keltirib chiqarish vositasiga aylantirishga qaratilgan urinishlar bo‘lgan.
Mavzuning ahamiyati
Ushbu mavzuning ahamiyati shundaki Xavorejlarning alomatlarini bilish musulmonni dindagi g‘uluv haddan oshish shoshqaloqlik bilan takfir qilish Qur’oni Karim va sunnatni yuzaki talqin etish o‘z fikrini mutlaq to‘g‘ri deb bilish zo‘ravonlik qo‘pollik va musulmonlarga nisbatan adovat kabi eng xavfli fikriy va xulqiy og‘ishlardan ogoh etadi.
Bu boradagi katta xavflardan biri shuki, ayrim buzuq g‘oyalar tashqi tomondan diniy shiorlar va chiroyli so‘zlar ko‘rinishida taqdim etilishi mumkin. Natijada odamlarning, ayniqsa, aziz yoshlarning diniy his-tuyg‘ulariga ta’sir ko‘rsatiladi. Shu sababli har bir musulmon biror fikr yoki so‘zni qabul qilishdan oldin uni Qur’oni Karim, Rasululloh (s.v.a) ning sahih sunnatlari va salafi solihlarning to‘g‘ri tushunchalari bilan solishtirishi zarur. Zero, Rasululloh (s.v.a) salafi solihlar haqida yaxshilik guvohligini berganlar.
Ushbu mavzuni yoritishdan maqsadimiz dinga sodiq, diniy tuyg‘ulari kuchli bo‘lgan yoshlarni tarix davomida diniy da’volariga qaramay, musulmonlarning hurmatini saqlash, Rasululloh (s.v.a) ga odob ko‘rsatish, sahobai kirom(r.z.a) ni e’zozlash va barcha musulmonlarning huquqlariga rioya qilish masalalarida Islomning asosiy tamoyillari va qadriyatlariga zid xatti-harakatlarni namoyon etgan bunday fikrlash tarzining alomatlari va xususiyatlari bilan tanishtirishdir.
Shuningdek, ushbu bahsdan ko‘zlangan maqsad Rasululloh (s.v.a) ning hadislarini o‘rganish orqali mazkur oqim va uning fikrlash tarzi haqida to‘g‘riroq tasavvur hosil qilishdir. Bu orqali musulmonlar, ayniqsa, yosh avlod haqiqiy dindorlik bilan ekstremizm, diniy g‘ayrat bilan mutaassiblik, haqni himoya qilish bilan shar’iy chegaralardan oshib ketish o‘rtasidagi farqni ajrata olishlari lozim. Shuningdek, ular bunday shaxslarga Islom va islomiy tuzumga qarshi urushish yoki unga dushmanona munosabatda bo‘lish uchun imkon bermasliklari kerak.
Shu sababli ushbu mavzuning yoritilishi diniy bilim va savodxonlikni oshirish, teran fikrlashni mustahkamlash, shar’iy matnlarning ekstremistik talqinlariga yo‘l qo‘ymaslik hamda musulmon jamiyatini ixtilof va zo‘ravonlikdan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyingi qismlarda Xavorejlarning alomatlari va xususiyatlari Rasululloh (s.v.a) ning ishonchli hadislariga asoslangan holda alohida-alohida ko‘rib chiqiladi. Bu orqali Rasululloh (s.v.a) musulmon ummatini qanday fikrlash tarzi va xatti-harakatlardan ogohlantirganlari bayon etiladi.













