Ahmad
Aytishlaricha, biror tuzumning qulashi yaqinlashganda, uning xatti-harakatlari quturgan itnikiga o‘xshab qoladi. Bunday paytda uning tashvishi endi o‘zini qanday qutqarish haqida emas, balki qulash oldidan yana qancha odamni tishlay olishi haqidagi telbalik butun vujudini qamrab oladi. Bugun Pokistonning ahvoliga nazar tashlasak, bu o‘xshatish falsafiy bir fikrdan ko‘ra ko‘proq jonli va yaqqol haqiqat bo‘lib ko‘rinadi.
Sog‘lom va kuchli tuzum tanqidlarni tinglaydi, savollarga toqat qiladi hamda fikrlar xilma-xilligini o‘zini isloh qilish va takomillashtirish vositasi deb biladi. Ammo biror tuzum axloqiy obro‘sini, iqtisodiy mavqeini va siyosiy ishonchni yo‘qotgach, mantiq va dalil o‘rniga kuch ishlatish, majburlash va istibdod yo‘lini tutadi. Bunday tuzum uchun endi xayrixohlik bilan bildirilgan fikrlar bilan asossiz tanqidlar o‘rtasida ham hech qanday farq qolmaydi. U hammani aybdor deb biladi, har kimga ayblov qo‘yadi va o‘z muvaffaqiyatsizliklari uchun mas’uliyatni boshqalarning zimmasiga yuklaydi. Sinchiklab qarasak, bugun Pokistonda aynan shunday vaziyat hukm surmoqda.
Uning iqtisodiy ahvoliga nazar tashlang! Kambag‘al xalq muammolar tegirmonida ezilmoqda. Maoshlarni oshirish o‘rniga, ularning miqdori hatto kamaytirilmoqda, qolaversa, o‘sha ozgina maosh ham o‘z vaqtida to‘lanmayapti. Boshqa tomondan, elektr energiyasi, gaz, un va kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan boshqa mahsulotlarning narxi osmonga ko‘tarilgan. Yoshlar esa ta’lim hujjatlarini qo‘llarida tutgan holda, mamlakatni tark etish uchun uzun navbatlarda turibdilar.
Bunday og‘ir va dahshatli inqiroz sharoitida hukumatning asosiy vazifasi muammolarni hal qilish uchun oqilona va samarali yechimlarni izlashdan iborat. Ammo hukmron tuzum yechim izlash o‘rniga, kibrli va tahqirlovchi ohangda xalqqa shunday deydi: «Hammasi yaxshi ketmoqda! Agar sizningcha, bunday bo‘lmasa, demak, muammo o‘zingizda. Siz mamlakat dushmanlarisiz, mamlakat taraqqiyotiga toqat qila olmaysiz, siz Hindiston razvedkasining agentlarisiz, siz afg‘onsiz!» Shu tariqa xalqni turli ayblovlar va haqoratlar bilan qarshi oladi.
Bu mamlakatning siyosiy maydoni ham xuddi shunday fojia bilan yuzma-yuz kelgan. Fikrlar xilma-xilligi adovatga aylangan. Agar biror jurnalist savol bersa, u g‘oyib bo‘ladi. Agar kimdir ijtimoiy tarmoqlarda haqiqat ovozini ko‘tarsa, uning akkaunti bloklanadi. Agar biror huquqshunos Konstitutsiya haqida gapirsa, sud binolarining yo‘laklarida sarson bo‘ladi. Eng yomoni, sudlarning o‘zi ham hukmron doiralarning to‘liq ta’siri va nazorati ostida qolgan.
Yodda tuting! Bu holat kuch va qudrat belgisi emas, balki qo‘rquv va zaiflikning yaqqol dalilidir. Haqiqatan ham kuchli tuzum birovning ovozini o‘chirish uchun mikrofonni uzib qo‘ymaydi. Aksincha, har qanday mustaqil fikr yoki tanqidiy ovozni eshitganda qo‘rquvdan titraydigan tuzum zaif tuzumdir.
Bu aynan quturgan itning ruhiy holatidir! U har kimni tishlashga tayyor turadi, holbuki, tishlash hech qachon muammolarni hal qilish yo‘li bo‘lmagan. Ammo aql va tadbir tugaganida, tishlar kurash va qarama-qarshilikning so‘nggi quroliga aylanadi.
Bunday tuzum har kimni tishlashga urinadi: u ustoz bo‘ladimi yoki o‘quvchi, ishchi bo‘ladimi yoki jurnalist — farqi yo‘q. Hatto kechagina aynan shu tuzumni saqlash va himoya qilish uchun harakat qilgan kishilarga ham tishlarini qayraydi. Xaybar-Paxtunxva va Balujistonning ahvoli hech kimga sir emas. Bu hududlarda yuz berayotgan voqealar aynan shu siyosatning yaqqol namunasidir.
Ogohlantirish!
Tarix shunga guvohki, hech bir tuzum o‘z fuqarolarini tishlash va qatag‘on qilish orqali umrini uzaytira olmagan. Tuzumlar zulm, zo‘ravonlik va qo‘rquv muhitini yaratish orqali yashab qolmaydi. Aksincha, ularning uzoq yashashi adolat, sabr-toqat, xalq ishonchi va o‘z xatolarini tan olish hamda ularni tuzatishga jur’at topish imkonini beradigan axloqiy jasoratga bog‘liq.
Hukmron tuzumda xatolarni tan olish va ularni tuzatish uchun zarur bo‘lgan bunday jasorat paydo bo‘lmaguncha, xalqni qatag‘on qilish va unga qarshi zo‘ravonlik ishlatish davom etaveradi. Biroq bir haqiqatni ham unutmaslik kerak: har bir yangi yara, bo‘g‘ilgan har bir faryod va har bir adolatsizlik ushbu tuzumning zavoli va qulashini yanada yaqinlashtiradi.











