Abdulvohid
Musulmonlarni o‘ldirish va ular bilan jang qilish, musulmon bo‘lmaganlarni esa o‘z holiga qo‘yish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahih hadislarida xorijlar haqida zikr qilingan eng ochiq-oydin alomatlardan biri ularning musulmonlarga nisbatan qattiqqo‘llik qilishi, ular bilan jang qilishi va musulmonlarning qonini to‘kishidir. Bu xususiyat ularning fikr va qarashlaridagi eng xavfli jihatlardan biri hisoblanadi. Chunki ular fikriy kelishmovchilik va diniy tushunchalardagi farqlarni musulmonlarga nisbatan adovat va zo‘ravonlikka aylantiradilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular haqida shunday deganlar:
يَقْتُلُونَ أَهْلَ الْإِسْلَامِ، وَيَدَعُونَ أَهْلَ الْأَوْثَان
Tarjimasi: Ular musulmonlarni o‘ldiradilar, butparastlarni esa o‘z holiga qo‘yadilar»l.
[Sahih al-Buxoriy, 7432]
Ushbu hadis ularning asosiy og‘ishlaridan biri musulmonlarni asosiy dushman deb bilish ekanini ko‘rsatadi. Holbuki, Islom shariatida musulmonning joniga tajovuz qilish nihoyatda katta gunoh hisoblanadi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
وَمَن يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُّتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا
Tarjimasi: Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. U o‘sha joyda abadiy qoladi. Alloh unga g‘azab qiladi, uni la’natlaydi va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘yadi.
[Niso surasi, 93-oyat]
Bugun ham ushbu guruhning hozirgi davrdagi tarixiga nazar tashlasak, bu fitnachi guruh paydo bo‘lganidan buyon musulmonlarga dushmanlik qilib, ular bilan to‘qnashib kelayotganini hamda ummatning eng yaxshi insonlarini yo‘q qilish uchun bor kuchini sarflayotganini anglaymiz. Ushbu xorij guruhining musulmonlarga nisbatan adovatiga yaqqol misol Islomiy Amirlik tuzumiga qarshi urush olib borishi va unga qarshi turishidir. Holbuki, bu tuzumning barcha dushmanlari avvaldan hozirgacha kofirlar, yahudiylar, nasroniylar va butun dunyodagi barcha to‘g‘utlar bo‘lgan va shunday bo‘lib kelmoqda. Bu tuzum esa jasorat va fidoyiliklari bilan bosqinchilar hamda fir’avnlarning burnini yerga ishqab, Alloh taoloning nusrat va yordami bilan muvaffaqiyat va g‘alabaga erishdi. Ammo bugun ushbu guruh Islomning azaliy dushmanlari talablariga labbay deb javob berib, Islomiy Amirlik tuzumiga qarshi turibdi.
Xulosa qilib aytganda, bu boradagi barcha diniy dalillar shuni ko‘rsatadiki, Islom fikriy va diniy kelishmovchiliklar sababli musulmonlarning joniga bo‘lgan hurmatning poymol etilishiga ruxsat bermaydi. Hatto keskin ixtiloflar sharoitida ham insonlarning joni va huquqlari hurmatga loyiqdir. Shaxsiy tushunchaga asoslanib, musulmonning qonini halol deb bo‘lmaydi.
Shu bois xorijlar haqidagi hadislarning eng muhim saboqlaridan biri shuki, diniy ekstremizm takfir va zo‘ravonlik bilan birlashganda, Islom jamiyatini ichidan ixtilof va qon to‘kishlarga duchor qilishi mumkin. To‘g‘ri yo‘l Qur’on va Sunnatga salafi solihlarning tushunchasi asosida qaytish, adolatga rioya qilish, insonlar jonining hurmatini saqlash hamda murakkab masalalarda ilm ahllariga murojaat qilishdir.
Bizning ham zimmamizda bu borada sa’y harakat qilish va Islom ummati yoshlarini ushbu zalolatga ketgan firqaning adashgan fikr va e’tiqodlaridan xabardor etish mas’uliyati bor.












