Ismatulloh Sarvon
Pokiston tashkil topgan paytda Kalat xonligi nomi bilan ma’lum bo‘lgan Balochiston mustaqil boshqaruv, sud tizimi va “Dorul-avom” nomli qonuniy parlamentga ega edi hamda inglizlar bilan shartnomasi bor edi. Inglizlar ham yozma ravishda Hindiston bo‘linganidan keyin Kalatning kelajagi haqida alohida qaror qabul qilinishini tan olgan edilar.
Ammo Hind yarimorolida musulmonlar va hindular o‘rtasidagi demografik muvozanatni saqlash maqsadida hudud ikki davlatga bo‘linganida garchi viloyatlarga to‘liq vakolat berilmagan bo‘lsa-da huquqiy jihatdan Pokiston rahbarlari Kalat davlatini ham Pokistonga qo‘shishga haqli emas edilar. Chunki Kalat na Hindistonning bir qismi, na ingliz mustamlakasi edi. Bu reja faqat Britaniya Hindistoniga qarashli va ingliz mustamlakalari hisoblangan hududlargagina tatbiq etilishi mumkin edi.
Kalat davlati 1947-yil 11-avgust kuni inglizlarning hech qanday ta’siri va hukmronligisiz to‘liq va har tomonlama mustaqilligini e’lon qildi hamda o‘zini ichki va tashqi ishlarda rasmiy, qonuniy va mustaqil davlat deb bildirdi.
Pokiston Kalat mustaqilligidan uch kun o‘tib tashkil topdi. Pokiston rahbari Muhammad Ali Jinnah ilgari Kalat davlatining huquqiy vakili bo‘lgan va xonlikning huquqiy maqomini yaxshi bilgan edi. U na Kalat mustaqilligini rasman tan oldi va na uni rad etdi; balki Kalat xoni Mir Ahmad Yar Khan ga qo‘shilish taklifini berdi ya’ni Kalat viloyat erkinligini saqlagan holda Pokistonga qo‘shilishi kerak edi.
Kalat davlatining parlament maqomiga ega bo‘lgan Dorul-avomi quyidagi sabablarga ko‘ra Pokistonga qo‘shilish taklifini rad etdi:
Kalat Britaniya Hindistonining bir qismi emas edi va inglizlar bilan mustaqil shartnomaga ega edi.
U qadimiy davlat bo‘lib, Pokistondan oldin mustaqilligini e’lon qilgan edi.
Pokistonni to‘liq mustaqil davlat emas, balki ingliz manfaatlarining vorisi va himoyachisi deb bilgan.
Dorul-avom Baloch qabilalarining haqiqiy vakili edi va Pokistonga qo‘shilishni milliy o‘zlik, sha’n, iqtisod, resurslar, siyosiy mustaqillik, mol-mulk va Baloch madaniyatiga tahdid deb hisoblagan.













